
Bir paytlar Pxenyan mintaqaga asosiy qurol yetkazib beruvchi bo‘lgan, ammo bugungi kunda vaziyat qanday?
O‘n yillar davomida Shimoliy Koreya Yaqin Sharqdagi qator mamlakatlarga qurol sotib kelgan. Tahlilchilar fikricha, Pxenyan mintaqa davlatlari, xususan, Eron, nodavlat ishtirokchilar va hattoki AQSH ittifoqchilariga muhim qurol yetkazib beruvchi bo‘lib qolmoqda.
Shimoliy Koreya savdosi haqida ko‘p yozgan Anjelo Davlat Universitetining siyosatshunos professori Bryus Bextol Middle East Eye nashriga bergan intervyusida: "Xuddi Suriyadagi fuqarolar urushi davridagi kabi Eron hamon oddiy qurollar bo‘yicha Shimoliy Koreyaga qattiq qaram bo‘lib turibdi", deya ma’lumot berdi.
"Bu qurollarning aksariyati hutiylar, Hizbulloh va Eron jangarilari kabi ishonchli shaxslarga beriladi. Lekin Eronning rasmiy harbiylari ham ulardan foydalanadilar", deya qo‘shimcha qiladi professor.
Pxenyanning Tehron bilan hamkorligining asosiy motivi mafkuraviy emas, moliyaviy xususiyatga ega.
1980 yillarda Shimoliy Koreya rivojlanayotgan mamlakatlarga asosan arzon va oddiy qurollarni eksport qilgan. Bu qurollarning 90 foizi o‘sha davrda Eron va Liviyaga yuborilgan.
1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanganida, Pxenyan chuqur umidsizlik va izolyatsiyaga tushib qoldi. Uning iqtisodiyoti jar yoqasida qolgani sababli, u pul ishlash uchun Yaqin Sharqqa ilg‘or qurollarni sotishga tayyor edi.
O‘shanda Isroil Pxenyandan mamlakatning Yaqin Sharqdagi dushmanlariga uzoq masofali raketalarni sotmaslik kafolati evaziga inqiroz arafasida turgan Shimoliy Koreya iqtisodiyotiga katta miqdorda sarmoya kiritishni taklif qilgandi. Lekin bu masalada kelishuvga erishilmagan.
“1991 yildan keyin Pxenyanning Yaqin Sharqqa eksporti Sovuq urush davridagiga qaraganda ancha muhim edi”, dedi Bextol.
"Shimoliy Koreya 1980 yillarda Eronga sezilarli miqdorda qurol-yarog‘ sotdi, jumladan, oddiy qurollar va Scud B/C raketalarini ham. Ammo 1991 yildan beri Shimoliy Koreya Eronga qurol sotishni davom ettirdi va u yerda raketa ishlab chiqarish korxonalarini qurdi", deya qo‘shimcha qildi professor.
Pxenyan va Tehron yillar davomida harbiy sohada hamkorlik qilib kelayotganiga qaramay, Bextolning aytishicha, ikki davlat o‘rtasida texnologiya almashinuvi haqidagi mish-mishlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Shimoliy Koreya sotuvchi, Eron esa xaridor. Sotib olingan Shimoliy Koreyaning raketa dasturlari Eronnikidan ancha zamonaviyroq. Bu ikki davlat bir-biriga ishonadi va shu uchun ham qurol savdosida hamkor hisoblanishadi", dedi u.
Xususiy mijozlar
Hech kimga sir emaski, Shimoliy Koreya qurollari ko‘pincha Yaqin Sharqdagi nodavlat subyektlar qo‘liga tushib qoladi. Yamandagi vaziyat bunga yorqin misol bo‘la oladi.
2002 yilda AQSH harbiy-dengiz kuchlari Yamanga yo‘l olgan 15 ta “Skad” ballistik raketalari bo‘lgan Shimoliy Koreya yuk kemasini qo‘lga oldi, biroq uni tezda qo‘yib yubordi, chunki bu xalqaro qonunlarga muvofiq, noqonuniy hisoblanmas edi. Yuk tashish 1990 yillarda Sana Pxenyandan raketalarga buyurtma berganida boshlangan yetkazib berish seriyasining eng so‘nggisi edi.
2015 yilda Saudiya Arabistoni Yamandagi fuqarolar urushiga aralashganidan ko‘p o‘tmay, hutiylar Yamanning sobiq harbiy arsenalidan qo‘lga olgan ballistik raketalarni qirollik binolariga qarata otishni boshladi. Bular Shimoliy Koreya Yaman harbiylariga sotgan Hwasong-6 raketalari edi.
Shimoliy Koreyaning ushbu qurollari Yaman davlat harbiylari uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, Pxenyan Yaman qurol embargosini buzgan holda hutiylarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurollantirishga harakat qildi. 2019 yilda BMT ekspertlar guruhi Shimoliy Koreya Suriya vositachiligidan foydalanib, Yamandagi hutiy isyonchilarga kichik va yengil qurollar va boshqa harbiy texnika yetkazib berayotganini aniqladi.
Pxenyan, shuningdek, isyonchi guruhlarni keng turdagi oddiy qurollar va ballistik raketalar bilan ta’minlashga intildi.
AQSH ittifoqchilariga sotilish
Hatto AQSH manfaatlariga nominal ravishda mos keladigan Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar ham Shimoliy Koreya qurollarini sotib olishgan. Ba’zilari esa oldi-sottini hamon to‘xtatishgani yo‘q.
2017 yilda misrlik ishbilarmonlar Misr harbiylari nomidan 23 million dollarlik bitim tuzib, Pxenyanga 30 ming dona granataga buyurtma bergani ma’lum bo‘ldi. Chunki Shimoliy Koreya dunyodagi eng yirik o‘q o‘qotar qurol eksport qiluvchilardan biri hisoblanadi.
Bu ishlar Tramp ma’muriyatini Misrga 300 million dollarlik harbiy yordamni muzlatib qo‘yishga majbur qildi. Taxminan o‘sha paytda Qohira Shimoliy Koreya bilan sovuq urush davridan qolgan barcha harbiy aloqalarni uzganini ta’kidladi.
“Misr Shimoliy Koreya bilan do‘stona munosabatlarni saqlab turibdi, biroq misrliklar 2017 yilda o‘z va’dalariga sodiq qolgan holda Shimoliy Koreya qurollarini import qilmasliklari ehtimoldan xoli emas, chunki Misr Shimoliy Koreya qurollarini sotib olish va sanksiyalarni buzish orqali yutishi mumkin bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq narsani yo‘qotadi", deya ma’lum qildi Rane razvedka kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani bo‘yicha tahlilchisi Skott Kardas Middle East Eye nashriga bergan intervyusida.
Ikki yil avval Birlashgan Arab Amirliklari Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Yamandagi harbiy kampaniyasida foydalanish uchun Shimoliy Koreyadan 100 million dollarlik qurol sotib olgan edi. Abu-Dabi AQSHning har qanday ehtimoliy sanksiyalaridan qochish uchun xususiy kompaniyalar yordamida ushbu harbiy bitimlar bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Kardasning fikricha, Eron Shimoliy Koreya bilan ballistik raketa dasturini ishlab chiqishda hamkorlik qilishni istashi mumkin, bu esa unga "eskalatsiya qilish uchun ko‘proq manevr" beradi.
Shimoliy Koreyaning mintaqaga qurol sotishi davom etayotgan bo‘lsa-da, Kardas ularning sur’ati o‘tgan o‘n yilliklardagi kabi jadal emasligini ta’kidladi.
"Shimoliy Koreyaning Yaqin Sharqqa qurol savdosi pasayib borayotgani ehtimoldan xoli emas, ammo Shimoliy Koreyaning qurol savdosini kuzatish qiyin, chunki bu qurol-yarog‘ bitimlari imkon qadar yashirin amalga oshiriladi", dedi Kardas.
“AQSH xavfsizlik soyaboni ostida bo‘lgan mamlakatlar sanksiyalarni buzish ehtimoli juda kam, chunki ular AQSH sanksiyalariga duchor bo‘lsa, foydadan ko‘ra ko‘proq yutqazadi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Janub Koreyaning raqobati
Shimoliy Koreyaning Yaqin Sharqdagi qurol-yarog‘ savdosi kamayib borayotgani sababli, Janubiy Koreyaning qurol-yarog‘ savdosi oshib bormoqda. Seul allaqachon mintaqaga sezilarli miqdorda qurol sotgan.
Masalan, Turkiyaning T-155 Firtina o‘ziyurar gaubitsasi Janubiy Koreyaning K9 Thunder tizimining litsenziyalangan versiyasidir. So‘nggi o‘n yil ichida T-155 Turkiyaning Suriya va Iroqdagi transchegaraviy operatsiyalarida tez-tez jangovar harakatlarida qatnashgan.
Turkiya tomonidan ishlab chiqilgan Altay asosiy jangovar tanki, bu yerda ishlab chiqarilgan birinchi tank ham Janubiy Koreyaning K2 Black Panther tankiga asosida ishlab chiqilgan.
2022 yil yanvar oyida BAA 3,5 milliard dollarlik shartnoma imzolab, Janubiy Koreyaning Cheongung II KM-SAM havo mudofaa tizimining birinchi xaridoriga aylandi.
So‘nggi yillarda unga qo‘shni Iroq ham Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan T-50 Golden Eagle rusumli o‘quv-mashg‘ulot uchog‘idan yigirmata otib oldi.
Kelgusi yillarda Seuldan Yaqin Sharqqa qurol savdosi ham ortib borishi kutilmoqda.
Noyabr oyi o‘rtalarida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Janubiy Koreyaga tashrif buyurib, ikki tomonlama harbiy hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Janubiy Koreya prezidenti, shuningdek, Ar-Riyod va Seul Saudiya Arabistonida birgalikda qurol ishlab chiqarish taklifini ham berdi.
Janubiy Koreya o‘z texnikalarini sotishda xaridorlarga katta texnologiya transferini taqdim etadi, bu esa oluvchi mamlakatda keyinchalik ushbu tizimlarni yoki ularning variantlarini o‘zlari ishlab chiqarish imkoniyatini beradi. Ar-Riyod o‘zining oddiy qurol-yarog‘ sanoatini kengaytirishga tayyorligini ko‘rsatib, uni xorijdan importga kamroq bog‘liq qilib qo‘ydi. Shu bois, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning kengayishi ajablanarli hol emas.
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar