Xitoy yetakchisi Si Jinping va Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gang 7 mart kuni AQShga qarshi o‘ta keskin bayonotlar bilan chiqdi. Ko‘plab ekspertlar Pekin va Vashington o‘rtasidagi so‘nggi keskin munosabatlarni inobatga olgan holda ham bunday bayonotni haddan tashqari agressiv deya baholadi. Shu bilan birga, Pekin Ukraina urushi boshlanganidan beri birinchi marta ochiqchasiga Rossiyani asosiy hamkori deb atadi.
Tahlilchilar fikricha, Xitoy shu tarzda yaqin kelajakdagi xalqaro siyosatdagi maqsadlarini ko‘rsatdi.
Xitoy yetakchisi Si Jinping 7 mart kuni Kommunistik partiya qurultoyida so‘zlagan nutqida Qo‘shma Shtatlarni Xitoyga «bosim o‘tkazish va yakkalash»ga urinishda aybladi.
Uning nutqi AQShni ayblovchi da’volarga to‘la bo‘ldi va ko‘pchilik uchun, hatto Pekin vakili uchun ham noodatiy bo‘lib tuyuldi.
«AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari bizga qarshi keng qamrovli tiyib turish, o‘rab olish va bosim o‘tkazish siyosatini olib bormoqda», degan Si Jinping.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, Xitoy rahbari o‘z chiqishlarida AQSh nomini kamdan kam hollarda to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga oladi. U ko‘proq umumiy G‘arb so‘zidan foydalanadi.
Qurultoydan keyingi matbuot anjumanida Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gang keskinlikda Jinpingnikidan kam bo‘lmagan gaplarni aytdi.
«Agar AQSh tormozni bosmasa va noto‘g‘ri yo‘ldan yurishni davom etsa, hech qanday to‘siq vagonlar relsdan chiqib ketishi va qulashiga to‘sqinlik qila olmaydi, qarama-qarshilik albatta yuzaga keladi», degan Gang.
Bu bilan u Pekin o‘z hududi deb hisoblovchi Tayvanga nisbatan Xitoy siyosatiga AQShning aralashuvini nazarda tutgan. Vashington Tayvanga Xitoy uning suverenitetiga tajovuz qilgan taqdirda himoya qilishni va’da berib keladi.
Tayvan va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik shu qadar kuchliki, Tayvan prezidenti Say Ing Ven AQSh Kongressi spikeri Kevin Makkartidan orolga tashrif buyurmaslikni va undan ko‘ra, uni Vashingtonda qabul qilishni so‘ragan.
Tayvan hukumati AQSh delegatsiyasining tashrifi Pekinni harbiy harakatlarni boshlashga undashidan xavotirda.
AQSh reaksiyasi
Pekinning bu keskin bayonotlariga javoban Vashington vaziyatni yumshatishga harakat qildi.
«Biz Xitoy bilan strategik raqobatni xohlaymiz. Biz qarama-qarshilik qidirmayapmiz», degan Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.
«Biz Xitoy bilan raqobatlashishni va unda g‘alaba qozonishni istaymiz va munosabatlarni shu darajada saqlab qolmoqchimiz», deya qo‘shimcha qilgan Kirbi.
Tayvanning maqomi masalasiga izoh berar ekan, Kirbi AQSh Xitoy pozitsiyasini hurmat qilishi va status-kvoning o‘zgarishini istamasligini ta’kidlagan.
Kirbi shuningdek, Xitoyni yana bir bor Ukrainada jang qilayotgan Rossiyaga harbiy yordam bermaslikka chaqirdi.
Fevral oyida AQSh rasmiylari o‘zlarida bo‘lgan ma’lumotlarga tayanib, Xitoy Ukrainaga qarshi urushda ishlatish uchun Rossiyaga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishi mumkinligini e’lon qilgandi.
Xavfli ziddiyat
Xitoy va AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshilik darajasi butun dunyoda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Tayvan ziddiyatning yagona sababi emas. Tomonlar o‘rtasida Ukrainaga qarshi Rossiya agressiyasi, kiberxavfsizlik va texnologiya sohasidagi global hukmronlik masalalarida ham kelishmovchilik bor.
Vashington Xitoyni o‘z milliy xavfsizligiga asosiy tahdid deb biladi va bu davlatning dunyodagi ta’sirini cheklash uchun har tomonlama harakat qiladi. AQShning bu boradagi chora-tadbirlari sirasiga Xitoy texnologiya kompaniyalariga sanksiyalar kiritish, eksportni nazorat qilish va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi boshqa o‘yinchilar bilan aloqalar o‘rnatish kiradi.
Ziddiyatning yangi bosqichga chiqishi yaqinda AQSh osmonida noma’lum shar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.
O‘shanda Vashington bu Xitoyning ayg‘oqchi havo shari ekanini ma’lum qildi va havo shari xavfsiz zona yuqorisiga kelganida uni urib tushirdi.
![](https://storage.kun.uz/source/9/bdp7iZB1gM1a8nrTxUvOajPCJxivGS_I.jpg)
Pekinning ta’kidlashicha esa, bu meteorologik kuzatuv shari bo‘lib, u o‘z yo‘nalishidan chiqib ketgan va tasodifan AQSh havo hududiga kirib qolgan. Xitoy rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning reaksiyasi haddan tashqari ortiqcha va tajovuzkor edi.
«Ushbu voqea fundamental narsani ochib berdi. Ya’ni AQShning Xitoyga bo‘lgan qarashlari va ularning mamlakatimiz haqidagi tasavvurlari jiddiy buzilgan. Ular Xitoyga o‘zlarining asosiy raqibi va asosiy geosiyosiy tahdid sifatida qarashadi. Buni birinchi tugmani noto‘g‘ri bosish va uning ortidan qolgan tugmalarning ham noto‘g‘ri bosilib ketishi bilan solishtirish mumkin. Natijada AQShning Xitoyga nisbatan siyosati mantiqiy va sog‘lom yo‘ldan butunlay adashib ketdi», dedi 7 mart kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gang.
Moskva uchun muhim signal
Gang, shuningdek, Ukraina masalasidagi kelishmovchiliklarga to‘xtalib, Vashingtonni ikki tomonlama standartlarda aybladi.
«Nega Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish haqida baland ovozda bayonotlar berish keragu, lekin ayni paytda Xitoyning Tayvan ustidan suvereniteti va yaxlitligini hurmat qilmaslik kerak?» degan Gang.
«Nega Xitoydan Rossiyaga qurol bermaslik so‘raladiyu, lekin uzoq muddatli kelishuvlarni buzgan holda Tayvanga qurol yetkazib berilaveradi?» deya davom etgan u.
Sin Gang o‘z nutqida Xitoyning Rossiya bilan yaqin hamkorligini yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasida «ishonch yo‘li ochilgani» va xalqaro hamkorlik modeli yaratilganini aytdi.
«Qachonki, Xitoy va Rossiya bir-biriga qo‘l bersa, ko‘p qutbli dunyo va yanada demokratik xalqaro tizim sari harakat jadallashib, global strategik muvozanat va barqarorlik kafolatlandi», degan xitoylik diplomat.
«Bugungi kunda dunyoda notinchlik qanchalik ko‘p bo‘lsa, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar shunchalik mustahkam bo‘lishi kerak», deya xulosa qilgan Sin Gang.
Nutqi oxirida u Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda umumiy manfaatlar va umumiy mas’uliyat ustun bo‘lishi kerakligini aytib, Amerikaga qarshi ritorikasini biroz yumshatgan.
Moskva uchun do‘stlikning bunday aniq kafolati muhim signal bo‘lishi mumkin. Kreml uzoq vaqtdan beri Putin tomonidan Ukrainada boshlangan urushda Xitoyning qo‘llovini kutayotgan va allaqachon harbiy yordam ham so‘ragandi, ammo Pekin hozirgacha o‘zini juda ehtiyotkor tutayotgandi.
Yaqinda AQSh vakillari to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy hukumatidan Rossiyaga qurol-yarog‘ sotmaslikni so‘radi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)