Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 16 oktabr kuni kechqurun AQSh poytaxti Vashingtonga rasmiy tashrif bilan yetib keldi. Ukraina yetakchisini olib ketayotgan samolyot Endryus harbiy-havo kuchlari bazasiga qo‘ndi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tashrif doirasida u Amerika mudofaa kompaniyalari vakillari bilan muhim muzokaralar o‘tkazadi. Suhbatlar jarayonida Ukraina uchun havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘shimcha yetkazib berish, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Prezidentning aytishicha, u energetika kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashib, Rossiyaning energetik infratuzilmalarga qarshi uyushtirgan zarbalarini inobatga olgan holda Ukraina barqarorligini ta’minlash yo‘llarini muhokama etadi. «Rossiya har kuni bizning energetika tizimimizga zarba bermoqda. Biz esa shunga qaramay, mamlakatning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun harakatdamiz», — dedi Zelenskiy.
Bugun, 17 oktabr kuni Ukraina rahbari Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Uchrashuv chog‘ida asosiy e’tibor ikki davlat hamkorligi va Ukrainaga yangi harbiy yordam masalasiga qaratilgan bo‘ladi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi urush va terror xavfini jilovlash bo‘yicha olib borilayotgan faol harakatlar Rossiya–Ukraina mojarosini tugatishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Ukraina prezidenti Trampning Tomahawk qanotli raketalarini Kievga topshirish bo‘yicha taklifi muhokama etilishini ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ushbu quroldan faqat harbiy obyektlarga qarshi foydalanish niyatida.
Prezident Tramp avvalroq Kievga 2500 kilometrgacha uchish radiusiga ega Tomahawk raketalarini berish ehtimolini muhokama qilayotganini aytgandi. Ushbu masala 17 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Zelenskiy bilan muzokaralarda alohida kun tartibiga qo‘yiladi.
Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi Ukraina va AQSh munosabatlarida yangi strategik bosqichni boshlashi kutilmoqda — ayniqsa, mudofaa sohasidagi qo‘shma loyihalar va iqtisodiy barqarorlik yo‘nalishida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!