Rossiyaning Amur viloyatida yirik yoʻl-transport hodisasi qayd etildi. Svobodny shahri yaqinida ishchilarni olib ketayotgan avtobus yengil avtomobil bilan toʻqnashib, agʻdarilib ketdi. Hodisa oqibatida bir kishi halok boʻldi, bir necha nafar fuqaro ogʻir jarohat oldi. Bu haqida TASS axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, 16 oktabr kuni kechqurun Amur gaz-kimyo majmuasi qurilishida mehnat qilayotgan ishchilarni tashuvchi avtobus Toyota Probox rusumli yengil mashina bilan toʻqnashgan. Avtobus Turkiyaning Yamata pudratchi kompaniyasiga tegishli boʻlgan va u yerda Turkiya, Oʻzbekiston hamda Tojikiston fuqarolari ishlayotgan edi.
Toʻqnashuv shiddati juda kuchli boʻlgani sabab avtobus yoʻl chetiga chiqib ketgan va agʻdarilib tushgan. Hodisa joyiga tez yordam va qutqaruv xizmatlari yetib kelgan.
Rasmiy maʼlumotga koʻra, jami 49 kishi jarohatlangan. Ulardan biri voqea joyida vafot etgan, 14 nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgan, bir kishi ogʻir ahvolda reanimatsiya boʻlimiga joylashtirilgan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qoʻmitasi mazkur hodisa boʻyicha tekshiruv boshladi. Tergov organlari jinoyat ishini Jinoyat kodeksining 238-1-moddasi — “Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ishlar yoki xizmatlar koʻrsatish” bandi boʻyicha ochdi.
Hozirda voqea sabablari oʻrganilmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yengil avtomobil haydovchisi yoʻl qoidalarini buzgan boʻlishi mumkin. Avtobus va yengil mashina texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
Turkiyaning Yamata kompaniyasi hodisadan keyin maxsus komissiya tashkil etganini va jarohatlangan ishchilarga tibbiy yordam koʻrsatilayotganini maʼlum qildi.
Mahalliy OAVning yozishicha, avtobusdagi ishchilar asosan Amur gaz-kimyo majmuasining qurilish maydonida mehnat qilayotgan xorijlik mutaxassislar boʻlgan. Ular har kuni ish joyiga va qaytib kelishi uchun kompaniya tomonidan tashish xizmati bilan taʼminlanadi.
Fojiа hozir Rossiya jamoatchiligida keng muhokama qilinmoqda. Tergov natijalari va avtobus haydovchisining harakatlari yuzasidan yaqin kunlarda qoʻshimcha maʼlumot berilishi kutilmoqda.
Mahalliy hokimiyat va konsulliklar jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish uchun shifoxonalar bilan aloqada ekanligi bildirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!