date
views 402

Putin va Si muzokaralari yakunlari: Rossiyaning Xitoyga qaramligi yanada kuchayadimi?

Foto: ALEKSEY MAYSHEV/TASS

XXR raisining Moskvaga davlat tashrifining ikkinchi kuni yakunlariga ko‘ra Vladimir Putin va Si Jinping matbuot anjumanida qatnashdi, unda anglashilishicha, Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasida hech qanday kelishuvga erishilmagan – yoki bu shunday kelishuvki, Putin va Si u haqda ochiq gapirmaslikka qaror qilishgan.

Si Jinping uchun bu XXR raisligiga qayta saylanganidan keyingi ilk rasmiy xorijiy tashrif bo‘ldi. Rossiya prezidenti esa 17 mart kuni Xalqaro jinoiy sud uni Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish doirasidagi ishda ayblab, hibsga olishga order berganidan keyingi ilk xorijiy davlat rahbari bilan uchrashuvi edi.

Tashrif davomida xitoyliklar yetakchisi Vladimir Putinni «shu yil o‘ziga qulay vaqtda» Xitoyga borishga taklif etgan. Washington Post gazetasi bu taklifni Rossiyani «qo‘llab-quvvatlashni ochiq bildirish» deb baholagan.

Avvalroq AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Si Jinpingning Moskvaga tashrifiga munosabat bildirar ekan, Xitoy rahbarini Rossiya jinoyat sodir etishda davom etishi uchun Putinni «diplomatik himoya» bilan ta’minlashda ayblagandi.

Muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida Putin Xitoyning tinchlik rejasini tilga oldi va «G‘arb va Kiyev bunga tayyor bo‘lsa» ushbu rejaning ko‘plab qoidalari Ukrainadagi kelishuv uchun asos bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. BBC bilan suhbatlashgan ekspertlar xitoyliklar rejasini «qo‘llash uchun mo‘ljallanmagan» deb baholashgan.

Si Jinping esa yana bir bor Xitoy BMT Nizomi tamoyillariga amal qilgan holda Ukraina inqirozi bo‘yicha xolis va betaraf pozitsiya tanlaganini ta’kidladi. «Biz hamisha tinchlik va muloqot tarafdorimiz», — deya qayd etdi u.

Kremlda uch soat davom etgan muzokaralardan so‘ng, davlat rahbarlari 14 hujjat va ikki qo‘shma bayonot – «Yangi davrga qadam qo‘yayotgan keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risida» hamda «Rossiya-Xitoy iqtisodiy hamkorligi asosiy sohalarini 2030 yilgacha rivojlantirish rejasi to‘g‘risida» bayonotlarni imzolagani ma’lum qilindi.

Vladimir Putin Rossiya Xitoyga tabiiy gaz va neft yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «Sila Sibiri–2» gaz quvuri loyihasini ham muhokama qilishgan. RF va XXR o‘rtasidagi hamkorlik, xususan moliya va transport sohalarida bir necha barobar o‘sib borayotgani haqidagi navbatchi so‘zlar aytib o‘tildi. Bundan tashqari, Putin Rossiya Federatsiyasidan Xitoyga go‘sht va g‘alla eksportini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlari mavjudligini ma’lum qildi.

«Xitoyning resurs koloniyasi»

Rasmiy muzokaralardan oldin xitoyliklar yetakchisi Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Rossiya hukumati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi o‘tgan yili 30 foizga o‘sgan va qariyb 190 mlrd dollarni tashkil etgan. 2023 yilda Kreml Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmini 200 mlrd dollarga yetkazishni mo‘ljallamoqda.

Mixail Mishustin Xitoy rahbarini kutib olish uchun tashqariga chiqdi. Foto: TASS

Rossiya bosh vaziri Moskva XXR bilan ayniqsa yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini taxkidlagan: jumladan kosmik tadqiqotlar, aviasozlik va mashinasozlik sohalarida.

Financial Times gazetasi Kremlga yaqin manbasiga tayanib, Rossiyaning Xitoyga qaramligi kuchayib borayotganini qayd etdi. Nashr manbasiga ko‘ra, Rossiya Xitoyning «xomashyo qo‘shimchasi»ga aylanib bormoqda.

«Voqealar mantig‘i shuni ko‘rsatmoqdaki, biz tom ma’noda xitoyliklarning resurs koloniyasiga aylanyapmiz. Bizning serverlar Huawei kompaniyasiniki bo‘ladi. Biz Xitoyda barcha narsaning asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lamiz. Ular «Sila Sibiri»dan gaz olishadi», deya qayd etgan FT suhbatdoshi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) katta ilmiy xodimi Mariya Shagina Financial Times nashriga bergan intervyusida Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilgach, Rossiya va Xitoy munosabatlarida asimmetriya (notenglik) kuchayganini qayd etadi.

«Rossiya endi kichik hamkor bo‘lib qolgani faktini yashirish qiyin», deydi u.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin sanksiyalarga duchor bo‘lmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakatlanishni afzal ko‘rmoqda va Rossiyaga yarimo‘tkazgichlarni Turkiya va BAA orqali yubormoqda.

Xitoyshunos Mixail Korostikov Pekin G‘arb kompaniyalari tashlab ketgan Rossiya bozorini o‘zlashtirishdan manfaatdor ekaniga e’tibor qaratadi. Moskvaga Si bilan birga o‘tgan yili erishilgan natijalarni mustahkamlashdan manfaatdor bo‘lgan yirik biznes vakillari ham tashrif buyurishgan.

«Masalan, Rossiya bozorida qolgan 14 ta avtomobil brendlaridan 11 tasi – xitoyliklarniki, Xitoy smartfonlarining Rossiya bozoridagi ulushi o‘tgan yilgi 50 foizdan 75 foizga yetgan, qurilish texnikalari bir yil oldingi 40 foizdan – 70 foizga, noutbuklar – 40 foizga», deydi Korostikov.

Bundan tashqari, Korostikovning so‘zlariga ko‘ra, Si Jinping «Rossiyaning G‘arb bilan qarama-qarshi siyosat yuritishi oqibatlariga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lib, bundan kelajak uchun saboq chiqarish»ni istagan.

«Xitoyga nisbatan ham Rossiyaga qarshi qo‘llangani kabi cheklovlar asta-sekin joriy etilmoqda, faqat sekinroq», deydi ekspert.

Korostikovning fikricha, Moskva hozircha jahon YaIMining 60 foizini tashkil qiluvchi davlatlarning iqtisodiy va moliyaviy blokadasiga turib berishda davom etmoqda: Rossiya iqtisodiyoti 2022 yilda 2,5 foizdan kamroqqa qisqardi, boshqa mamlakatlarga eksport hajmi 8 foizdan ortiqroq o‘sdi, mamlakat ichkarisida tovarlar defitsiti sezilmadi, ishsizlik darajasi esa tarixiy past ko‘rsatkichni qayd etdi – safarbarlik va mamlakatdan emigratsiya bo‘lish hisobiga.

«Tinchlik rejasi foydalanish uchun mo‘ljallanmagan»

Bundan avvalroq, 20 mart kuni Vladimir Putin va xitoylik hamkasbi o‘rtasida 4,5 soat davom etgan norasmiy uchrashuv o‘tkazilgandi. Muloqotning OAV uchun ochiq qismida Putin Rossiya Xitoyning Ukrainada vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha tashabbuslariga hurmat bilan qarashi va Xitoyning tinchlik rejasini diqqat bilan o‘rganib chiqqanini aytgandi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining bir yilligi munosabati bilan Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini taqdim etdi. Reja 12 ta, jumladan: «harbiy harakatlarni to‘xtatish», «to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tiklash», «barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish», «bir tomonlama sanksiyalarni tugatish» kabi bandlardan iborat.

G‘arb davlatlari bu rejaga shubha bilan qaramoqda va Pekin odatda Kreml qarorlari va pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashga moyil ekanini ta’kidlamoqda.

Xitoyshunos Mixail Korostikovning hisoblashicha, Xitoyning Rossiya-Ukraina mojarosini hal etish bo‘yicha tinchlik rejasi «ushbu kun tartibida hech qanday o‘rin tutmagan».

«Bu juda yuzaki hujjat bo‘lib, uning yordamida Xitoy AQSh va rivojlangan mamlakatlarni o‘z pozitsiyasidan xabardor qiladi. U amalga oshirish uchun mo‘ljallanmagan, hech kim uni jiddiy qabul qilishlarini ko‘zda tutmagan. Uning asosiy vazifasi – G‘arbda bo‘lmagan mamlakatlarga bu mojaroda G‘arb va Rossiya o‘rtasida tanlov qilish shart emasligi, ikkisi bilan ham savdolashib, tinchlikka chaqirgan holda betaraf turish mumkinligini namoyish etishdir», deydi BBC eksperti.

Bundan oldinroq ISW tahlilchilari Xitoy Rossiyaga harbiy jihozlar yetkazib berishi istiqbollari noaniqligicha qolayotganini aytishgandi. Seshanba kuni, Putin va Si hali muzokaralar o‘tkazayotgan mahalda, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Xitoyni Rossiyaga o‘limvor qurollar yetkazib berish oqibatlaridan ogohlantirdi. «Biz Xitoy Rossiyaga halokatli qurollar yetkazib berayotganiga hech qanday dalilni uchratmadik, ammo biz Rossiya tomonidan so‘rov bo‘lgani va bu masala Pekin rasmiylari tomonidan ko‘rib chiqilayotganiga oid ba’zi belgilarga guvoh bo‘ldik», deya Stoltenbergdan iqtibos keltirgan Reuters.

«Xitoy Rossiyaga halokatli qurollar bilan yordam bermasligi kerak, bu noqonuniy urushni qo‘llab-quvvatlashni anglatadi», deya qayd etgan NATO bosh kotibi.

21 mart kuni New York Times gazetasi urush boshidan buyon Xitoy Rossiyaga 12 million dollar qiymatidagi dron va uning butlovchi qismlarini yetkazib berganini xabar qildi. Nashrning yozishicha, gap xitoyliklarning Rossiyaga 26 xil modeldagi uchuvchisiz uchish qurilmalarini yetkazib bergan 70 ta eksportchisi haqida bormoqda. Bunday kompaniyalardan biri – DJI – bunday yetkazma amalga oshirganini rad etdi va Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon DJI AQSh sanksiyalarini buzmayotganini tasdiqlovchi protokollarga egaligini ma’lum qildi.

Yaponiya bosh vaziri kutilmaganda Kiyevga keldi va Buchani ziyorat qildi

Fumio Kisidaga Buchaga safar davomida ukrain harbiylari hamrohlik qildi. Foto: Reuters

Moskvada Rossiya va Xitoy rahbarlari o‘rtasida asosiy muzokaralar kechayotgan vaqtda Kiyevga Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan keldi. Kisidaning rejalashtirilgan tashrifi to‘g‘risidagi ma’lumot qat’iy sir tutildi.

20 mart kuni yaponlar bosh vaziri Nyu-Dehlida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralar o‘tkazgandi, tashrifdan keyin u Tokioga qaytgani xabar qilingandi. Ammo Yaponiyaning NHK telekanaliga ko‘ra, janob Kisida Hindistondan Polshaga uchgan, u yerdan poyezdda Ukraina hududiga o‘tgan.

NHK telekanali qayd etishicha, bu Yaponiya bosh vaziri Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan buyon ilk bor harbiy harakatlar olib borilayotgan hududga tashrif buyurishi bo‘ldi.

Yaponiya TIVning tushuntirishicha, Fumio Kisidaning Ukrainaga tashrifi mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiyga «ukrain xalqining jasorati va bardoshiga hurmat bildirish» zarurati tufayli amalga oshirilgan.

Yaponiya bosh vaziri tashrif doirasida Kiyev atrofidagi Bucha shahriga – o‘tgan yil bahorida Rossiya harbiylari bosib olgan hududga ham bordi. Rossiyalik harbiylar aprel oyida Buchadan chekingach, bu yerda o‘ldirilgan tinch aholi vakillarining ko‘plab jasadlari topilgandi. Rossiya tomoni ko‘plab dalillarga qaramay, o‘z armiyasining harbiy jinoyatga aloqadorligini o‘jarlik bilan inkor etib kelmoqda.

Buchada Kisida cherkov oldidagi yodgorlikka gulchambar qo‘ydi va halok bo‘lganlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqladi. «Bir yil oldin Bucha shahrida tinch aholi vakillari qatl etilganida dunyo dahshatga tushgandi [...] Men Yaponiya fuqarolari nomidan barcha qurbonlar va jabrdiydalarga hamdardlik bildirmoqchiman. Yaponiya Ukrainada tinchlik tiklanishi uchun ulkan sa’y-harakatlarini davom ettiradi», degan bosh vazir.

Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Kiyevni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. «Katta yettilik»ning boshqa barcha katta mamlakatlari qatori Yaponiya ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llagan, ammo shu kunga qadar Kisida G7 mamlakatlari orasida Rossiya tajovuzidan buyon Ukrainaga tashrif buyurmagan yagona davlat rahbari bo‘lib qolayotgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin va Si muzokaralari yakunlari: Rossiyaning Xitoyga qaramligi yanada kuchayadimi?