
O‘zbekiston aholisining jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha umumiy daromad 2025 yilning yanvar–sentyabr oylari holatiga ko‘ra 21,8 million so‘mni tashkil etdi, deb xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aholining umumiy daromadlari 825,3 trillion so‘mga yetgan. Inflyatsiyani hisobga olganda, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan real o‘sish sur’ati 108,4 foizni tashkil etdi.
Nominal o‘sish 116,1 foiz, real o‘sish esa 106,3 foiz darajasida qayd etildi.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 52 million so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (32,1 mln) va Buxoro (26 mln) viloyatlari joylashdi.
Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 14,8 million so‘m. Namangan (15,8 mln) va Surxondaryo (16,5 mln) viloyatlarida ham daromad darajasi nisbatan past bo‘lib qolmoqda.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, real daromad o‘sishi iqtisodiy faollikning tiklanishi va ish haqi fondlarining ko‘payishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, hududlar orasidagi farq hali ham yuqoriligicha qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!