19:55 / 02.04.2023
527

Rossiya maxsus xizmatlari armiyadan muvaffaqiyatliroq ishlagan bo‘lsa-da, nega bosqin baribir barbod bo‘ldi?

Hisobotda aytilishicha, Rossiya razvedkasining yuqori martabali mulozimlari bosqinni 2022 yil yoziga qoldirishni tavsiya etgandi.

Britaniya mudofaa tahlil markazi Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishda Rossiya xavfsizlik va razvedka xizmatlari armiyadan ko‘ra ko‘proq muvaffaqiyatga erishganini ta’kidladi. «Biroq, xavfsizlik xizmatlari Rossiyaning Ukrainani bosib olish rejasining barbod bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan fundamental kamchiliklarga ham yo‘l qo‘ydi», deydi Mudofaa tadqiqotlari bo‘yicha birlashgan qirollik instituti (Royal United Services Institute) ekspertlari. Bu kamchiliklardan biri — Rossiya prezidentini har tomonlama xursand qilish istagi edi.

Royal United Services Institute (RUSI) ekspertlari tomonidan tayyorlangan «Rossiya-Ukraina urushi davridagi Rossiyaning noan’anaviy operatsiyalaridan dastlabki saboqlar» hisobotida aytilishicha, Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FXX) va boshqa maxsus xizmatlar puxta rejalashtirish tufayli rus armiyasi tomonidan bosib olingan hududlarda nazoratni tezda tashkil etish va okkupatsion tizimlarni tuzishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishishga muvaffaq bo‘lgan.

Hisobot mualliflari — Jyek Uotling, Aleksandr Danilyuk va Nik Reynoldsning qayd etishicha, Moskva bosqinni rejalashtirishda Ukrainadagi rus razvedka xizmati agentlarining keng tarmog‘iga tayangan.

«Biroq, shu bilan birga, asosan sovet doktrinalariga amal qiladigan Rossiya maxsus xizmatlari tuzilmalarida bir qator jiddiy kamchiliklar mavjud bo‘lib, ular rus armiyasiga urushdan oldingi rejalarni amalga oshirishga imkon bermagan», deydi mualliflar.

Hisobot Ukraina razvedka va xavfsizlik xizmati, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan o‘tkazilgan ko‘plab intervyular asosida tayyorlangan. Mualliflar ular bilan urush boshlanishidan oldin ham, keyin ham suhbatlashgan. Tadqiqotchilar Ukrainadagi jang maydonida asirga olingan mahbuslar yoki Rossiya razvedka xizmatlari yoxud ularning hamkorlaridan olingan boshqa manbalar ma’lumotlaridan ham foydalangan.

Halollik madaniyati va Putin uchun ishlash

Hisobotda aytilishicha, Rossiya razvedka idoralariga fundamental darajada o‘z sa’y-harakatlarini xolis baholash yoki hech bo‘lmaganda ular haqida to‘g‘ri xabar berish uchun halollik yetishmaydi.

Foto: Reuters

Maxsus xizmatlarga rejalarning hayotiyligini mustaqil baholamasdan natijaga erishish vazifasi yuklatiladi, bu esa ofitserlar haddan tashqari optimistik bo‘lishdan foyda ko‘radigan halollik madaniyatini yaratadi. Bundan tashqari, muvaffaqiyatlarni bo‘rttirib ko‘rsatish va rahbariyat oldida zaif tomonlarni yashirish kabi tizimli muammolar ham mavjud.

Ruscha yondashuvning yana bir zaif tomoni — uning shablonlarga asoslanganida. Aftidan, Rossiya tizimi har bir operatsiyaga individual yondashuvni rag‘batlantirmaydi. Mualliflar qayd etishicha, vaziyat reja asosida ketmayotgan sharoitda maxsus xizmatlar sovet davrida tekshiruvdan o‘tgan usullarga qaytadi. Ushbu usullar operatsiyaga jalb qilingan barcha kuchlar bo‘ylab darhol takrorlanadi, bu esa ularni tezda aniqlash va qarshi choralar ko‘rish imkonini beradi.

Maxsus xizmatlar operatsiyalarni prezident Vladimir Putinning istaklarini tushunishlariga qarab ishlab chiqishga harakat qiladi va ularning qaysi biri prezidentning xohishiga ko‘proq mos kelsa resurslar aynan o‘sha bo‘limga ko‘proq yo‘naltiriladi. Bunday ichki raqobat Putinga maxsus xizmat rahbarlari va mansabdor shaxslarni mukofotlash yoki jazolash imkonini beradi, shu sabab ular hech qachon o‘zlarini butunlay xavfsiz his qilmaydi.

Mualliflar fikricha, bu dinamika ingliz tarixchisi, natsizm tadqiqotchisi Yan Kershouning kitobidagi iboraga mos keladi. Unda Kershou Hitler davlatining harakatlarini «Fyurer uchun ishlash» (working towards the Fuhrer) deb atagan — davlat rahbari maqsad qo‘yadi, davlat idoralari esa qanday vositalar sarflanishidan qat’i nazar, uni bajarishga intiladi.

Bu esa turli tahlillarning ishonchliligiga putur yetkazadi: qoida tariqasida, kelajakdagi muvaffaqiyatlar bo‘rttiriladi va muvaffaqiyatsizliklar esa dushmanning harakatlari ko‘lami bilan bog‘lanadi.

«Xulosa qilib aytganda, Rossiya maxsus xizmatlari Ukrainada muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa-da, bu ularning kelajakda Rossiya davlatining kuch asosidagi boshqaruvida markaziy o‘rinni egallashiga xalaqit berishi dargumon va ularga qarshi kurash muhim ahamiyat kasb etib qolaveradi», deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.

Agentura — operatsiya qanday tayyorlangan

Operatsiyaning asosiy mexanizmi sifatida Rossiya harbiylari Ukrainadagi ichki beqarorlik va tartibsizlikka tayandi. Bu mexanizm Ukraina qo‘mondonlik va nazorat tizimini ishdan chiqarishi, davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni susaytirishi, mamlakat barqarorligini izdan chiqarishi va Ukrainaga xalqaro hamkorlar tomonidan beriladigan yordamni minimallashtirishi kerak edi.

«Moskva Ukraina bunday sharoitda jiddiy qarshilik ko‘rsatmasligiga ishondi, buni operatsiyaning birinchi bosqichidagi logistika muammolari ham tasdiqlaydi. Rejalashtiruvchilarning kichik guruhi 2014 yilgi Qrim operatsiyasi muvaffaqiyatini takrorlashga urindi. Bu operatsiya ham harbiy nuqtayi nazardan hech qanday ma’noga ega bo‘lmagan va Ukraina tomonidan harbiy qarshilik ko‘rsatilmasligiga ishonch asosida rejalashtirilgan edi», deya yozadi hisobot mualliflari.

Myunxenda o‘tgan yili Yevropaning «Arian» raketa loyihasida ishlagan rossiyalik tadqiqotchi ustidan sud jarayoni boshlandi: uni Rossiya foydasiga josuslik qilishda ayblashgan.

Mualliflar fikricha, FXX bosqinni rejalashtirishda faol ishtirok etgan. Taxminlarga ko‘ra, ularga 2021 yil iyul oyida Ukrainani bosib olish rejasini tayyorlash vazifasi topshirilgan. Bu FXXning keng qamrovli agenturasini qayta o‘qitishni talab etgan, shuning uchun 2021 yil kuzida Ukrainadagi rus agentlari qisqa muddatli ta’til bilan Turkiya, Kipr va Misr kurortlariga borishni boshlagan va u yerda o‘z kuratorlari bilan uchrashgan.

Hisobot mualliflari Rossiya maxsus xizmatlarining ish usullariga katta e’tibor berib, ular Rossiyadan yuboriluvchi agentlar ishini kamaytirishni, buning o‘rniga o‘z tizimlariga joylardan josus yollashni afzal ko‘rishini ta’kidlagan.

«Agar bu odamlar butun mamlakat miqyosida siyosiy, iqtisodiy yoki byurokratik mavqega ega bo‘lsa, ular odamlarni Rossiya agenti sifatida emas, balki o‘z shaxsiy mijozlari sifatida yollashi mumkin va bu odamlar o‘zlari bilmagan holda Rossiya manfaatlariga xizmat qila boshlaydi. Bu boshqa bayroq ostida josuslikka yollashning bir turi bo‘lib, bunda agent unga o‘z mamlakati amaldori tomonidan topshiriq berilayotganiga ishonadi», deyiladi hisobotda.

«Ukraina holatida bu rolni o‘nlab yillar davomida Rossiya maxsus xizmatlariga aloqador bo‘lib kelgan bir qancha yuqori martabali amaldorlar va siyosatchilar bajargan», deya qayd etiladi hisobotda.

Rossiya maxsus xizmatlari agentlari Ukrainada, jumladan, Ukraina razvedka hamjamiyati, huquqni muhofaza qilish idoralari, boshqa davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari va jinoiy tuzilmalarda ichki beqarorlik paydo qilishga uringan.

Ukraina hukumatida yuqori lavozimlarni egallagan Rossiya agentlari o‘zlarining yirik apparatlariga ega bo‘lib, ulardan turli maqsadlarda — naqd pul o‘tkazishdan tortib xavfsiz kvartiralarni tashkil qilishgacha bo‘lgan vazifalarni bajarishda foydalangan. Ushbu pastki qatlamdagi agentlar orasida Rossiyaga sodiq ukrainaliklar ham, jinoiy guruhlardan bo‘lgan oddiy, pulga yollanuvchi agentlar ham bo‘lgan.

Garchi bu apparat bosqin rejasi uchun unchalik katta ahamiyat kasb etmagan bo‘lsa-da, ruslarning bosib olingan hududlardagi harakatlari uchun juda muhim bo‘lib chiqdi.

Mualliflar, shuningdek, rus pravoslav cherkovi Rossiyaga sodiq agentlarni mafkuraviy qo‘llab-quvvatlovchi yagona organ sifatida muhimligini ta’kidlaydi. Davlat va diniy muassasalar o‘rtasidagi munosabatlar juda nozik masala bo‘lgani sababli, hatto bosqindan keyin ham Ukraina hukumati Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi apparatning ushbu qismi ishini darhol cheklay olmadi.

Rossiya agentlari, shuningdek, keng ko‘lamli norozilik harakatlarini ham qo‘zg‘atishi kerak edi. Bu reja nafaqat provokatsiyalarni, balki Ukraina oliy rahbariyatiga ta’sir o‘tkazish va ularni NATOga qo‘shilish kursidan voz kechishga va bosqin arafasida neytral pozitsiyani egallashga majburlashga urinishlarni ham o‘z ichiga olgan. Rossiya maxsus xizmatlari rejasiga ko‘ra, bu 2014 yildagi «Maydan inqilobi»ga o‘xshash ommaviy noroziliklarni keltirib chiqarishi va xavfsizlik kuchlari hamda harbiy qo‘mondonlikni falaj qilib, mamlakatni beqarorlashtirishga yordam berishi kerak edi.

Biroq bu rejalarning hech biri amalga oshmadi.

Rejalashtirishdagi xatolar

Hisobot mualliflari qayd etishicha, Rossiya razvedkasining yuqori martabali amaldorlari Ukrainaga bosqinni 2022 yil yoziga qoldirishni tavsiya qilgan. Ular tezkor g‘alaba qozonish uchun yetarli shart-sharoitlar hali shakllanmaganini ta’kidlagan. Biroq, Kremldagilar Ukraina siyosatini yaxshi tushunishlariga ishongani uchun Moskva harakat qilishga qaror qilgan.

Ehtimol, bu qarashni Moskvada yashovchi Ukrainaning sobiq yuqori martabali amaldorlari ham mustahkamlagan. Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) ma’lumotlariga ko‘ra, Yanukovich rejimining quyidagi vakillari Rossiya maxsus xizmatlari bilan muntazam hamkorlik qiladi: sobiq mudofaa vaziri Pavel Lebedev, UXX sobiq rahbari Aleksandr Yakimenko, sobiq ichki ishlar vaziri Vitaliy Zaxarchenko va prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Andrey Klyuyev.

Hisobot mualliflari shoshilinch va to‘liq tayyorlanmagan bosqinni rus agentlarining o‘z ta’sir darajasini yuqori baholagani hamda maxsus xizmatlar topshiriqlarni bajarishni real tahlil qilish imkoniga ega bo‘lmasdan, aniq muddatli buyruqlar asosida amalga oshirganiga isbot sifatida keltiradi. Mualliflar ushbu buyruqlarga rioya qilishning institutsional madaniyatini Ukrainaga bostirib kirishning dastlabki rejalari muvaffaqiyatsizlikka uchrashining asosiy sabablaridan biri deya hisoblagan.

Britan maxsus xizmatlariga ko‘ra, Putin hech qanday harbiy tajribaga ega bo‘lmagan jangchilar uchun qisman safarbarlik e’lon qilishi - Rossiya armiyasidagi umidsiz ahvoldan darak beradi. Foto: ANADOLU AGENCY

Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan yaratilgan tarmoqlar aslida boshqa topshiriqlarni bajarish uchun tuzilgan bo‘lib, ular uzoq davom etuvchi urush sharoitida foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, tinch aholiga qarshi jinoyatlar nafaqat oddiy ukrainaliklar, balki rossiyaparast tashkilotlar vakillarining ham Rossiyaga nisbatan munosabatini o‘zgartirdi.

Garchi Kiyevning to‘liq taslim bo‘lishi Moskva uchun ma’qul bo‘lgan bo‘lsa-da, Rossiya Ukrainani aslida alohida izolyatsiya qilingan ukrain bo‘linmalarining taslim bo‘lishi orqali markaziy davlat apparatini falaj qilib, bosib olishga umid qilgan.

«Ruslar, aftidan, o‘zlarining «yuqoridan pastga» boshqaruv madaniyati Ukrainada ham mavjud deb yanglishgan», deya qayd etiladi hisobotda.

Ular nimani uddaladi: bosib olingan hududlarni nazorat qilishni

Biroq, Ukrainadagi voqealar butunlay boshqacha ssenariy bo‘yicha rivojlanganiga qaramay, Rossiya rejalarini butunlay xato deb hisoblash noto‘g‘ri, deb hisoblaydi hisobot mualliflari. Ruslar bosib olingan hududlarda yetarli miqdordagi kollaboratsionistlar yordamida aholini nazorat qilish va kontrrazvedka apparatini boshqarish mumkinligini ko‘rsatdi.

Okkupatsion ma’muriyatlar va garnizonlar faoliyatiga urushdan oldin Rossiya maxsus xizmatlari agentligiga yollangan mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va davlat xizmatchilari yordam berdi. Urushdan oldingi ba’zi rejalarga ko‘ra, bu odamlar mahalliy hokimiyatlarni egallab, keyin ularni ruslarga topshirishi kerak edi. Amalda esa, Rossiya bu uchun juda kam agentlar yollangan.

Misol uchun, Xarkiv oblastining bosib olingan hududlarida aniqlangan 800 nafar rus agentlarining aksariyati mahalliy hokimiyat organlaridagi kichik amaldorlar edi. Mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlaridan esa kamida yuz kishi ruslar bilan hamkorlik qilgan.

Biroq, FXX rejalari ko‘pchilik yoki hatto aholining katta qismi bosqinni mamnuniyat bilan qabul qilishini ko‘zda tutmagan. Rejalashtirishda Checheniston tajribasiga asoslanib, okkupatsion rejim samarali bo‘lishi uchun aholining 8 foizi ixtiyoriy ravishda yoki bosim ostida Rossiya bilan hamkorlik qilishi kifoya deb taxmin qilingan.

Bilborddagi yozuv: «Xerson. Rux oporu [Qarshilik harakati]: partizanlar barini ko‘rib turibdi».

«Darvoqe, Ukraina razvedkachilari ruslar bosib olgan hududlardagi vaziyatni tahlil qilib, umuman olganda, FXXning ushbu baholashi to‘g‘ri bo‘lgan degan xulosaga keldi», deyiladi hisobotda.

Hisobot mualliflari ta’kidlashicha, Rossiya noan’anaviy urush potensialining yana bir kuchli tomoni bosib olingan hududlardagi qarshilik harakatlarini bostirishning tizimli metodologiyasidir. Checheniston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qarshilikni to‘liq bostirish uchun bir necha avlod kerak bo‘lishi mumkin, ammo bu qarshilik harakati Rossiya pozitsiyasiga jiddiy tahdid soladi degani emas.

Rossiya kuchlari nazorati ostidagi shaharlarda okkupatsion ma’muriyat do‘konlarni, oziq-ovqat taqsimotini va xizmatlarni nazorat qilgan. Ushbu xizmatlarga kirish nafaqat muxolifatni tor-mor etish, balki hamkorlikni rag‘batlantirish uchun yana bir richagdir.

Hisobot mualliflari, shuningdek, Rossiya maxsus xizmatlarining raqamli texnologiyalardan foydalanishdagi muvaffaqiyatini ham qayd etadi. Ruslar raqamli texnologiyalar yordamida o‘zlari bosib olgan hududlar aholisining to‘liq ma’lumotlar bazasi yaratdi — kim qayerda yashayapti, qayerda ishlayapti, Ukraina huquq-tartibot idoralari bilan aloqalari bormi, qarindoshlari qayerda yashaydi hamda ishlaydi va hokazo. Maxsus xizmatlar, agar iloji bo‘lsa, ularni yo‘q qilish yoki namoyishkorona sud qilish uchun qo‘lga olish maqsadida Ukraina hukumatining yuqori martabali tarafdorlarining keng ro‘yxatini tuzdi.

Ko‘plab maxsus xizmat xodimlar raqamli shaklda ushbu ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘ldi, bu esa bosqinga qarshilik ko‘rsatuvchilarga, masalan, ularning oila a’zolariga tahdid solish orqali bosim o‘tkazishga yordam berdi.

Tizimli kamchiliklar

«Urushning noan’anaviy usullariga ruscha yondashuv barcha afzalliklari bilan bir qatorda aniq, tizimli kamchiliklarga ham ega», deydi hisobot mualliflari.

Xususan, o‘z tarmoqlariga ega va ularni boshqaruvchi oz sonli elita agentlarga tayanish tendensiyasi, bu agentlarning yo‘q qilinishi Rossiyaning razvedka salohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.

Front chizig‘ini razvedka qilish va nishonni belgilash borasida esa, yaxshi ma’lumot to‘plash qobiliyatiga qaramay, razvedka ma’lumotlarini qayta ishlashning murakkab sxemasi nishonlarning paydo bo‘lishi va bu nishonlarga zarba berish o‘rtasidagi sezilarli kechikishga olib keladi. Qoidaga ko‘ra, bu kamida bir kunni talab qiladi va masalan, zarba dengizdan uchiriluvchi «Kalibr» raketalari bilan berilganda hatto undan ham ko‘proq vaqt ketkaziladi.

«Bundan tashqari, Rossiya tomonidan yo‘q qilingan nishonlarning ba’zilari ko‘p yillar oldingi harbiy nishonlar bo‘lib, buni razvedkachilarning aktual razvedka ma’lumotlari bo‘lmasa ham nishonlarni yaratish istagi sifatida talqin qilish mumkin», deydi mualliflar.

Hisobotda tasvirlangan tahdidlar — yuqori darajadagi amaldorlarni josuslikka yollash va qo‘llab-quvvatlash apparatini yaratish — bu faqatgina Ukrainaning muammosi emas. Yaqinda nemis razvedkasining rossiyalik agentlarni hibsga olishi va Moskvaning Moldovadagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan yangi urinishlari boshqalarni ham sergaklantirishi kerak.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo