Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan bosqinchilik urushi oqibatida o‘zbekistonliklar ham jabr ko‘ryapti. Ular duch kelgan muammolarni yechishda yordam berayotgan faol hamyurtlarimizdan biri – huquqshunos Zarnigor Omonullayeva. Biz u bilan RFdagi vatandoshlarimiz duch kelayotgan xavflar haqida suhbatlashdik.
— Siz uchratgan migrantlarning aksari nima uchun Rossiyaga boradi?
— Birinchidan, geografik tomondan kelish eng oson bo‘lgani uchun. Ikkinchidan esa kelish oson bo‘lgan mamlakatlar ichida eng ko‘p haq to‘lanadigani – Rossiya. Masalan, Turkiya va Qozog‘istonga ham borish oson, lekin haq to‘lash, ish soatlari masalasida Rossiya darajasida emas. Turkiya bilan solishtirib ko‘rganimizda, u yerda ishlaydigan tikuvchi 21 soat uchun oladigan haqni Rossiyada 14 soatda olishi mumkin ekan. Bundan tashqari, ish soatlari uzunroq va boshqa joyda ishlashga ulgurmaydi, Rossiyada esa qo‘shimcha boshqa ish qilishlari mumkin.
O‘zbekistonliklar Turkiyada ham, Rossiyada ham birinchi 3 oylikda vizasiz yurishi mumkin. Bu narsa Qozog‘istonda bir oyga tushirilyapti, Rossiya ham shunday qilishni rejalashtirgan keyingi yildan. Ya’ni har uchala davlatda bir xil vaziyat, lekin farq bor.
— Migrantlar uchrayotgan asosiy noqulayliklar nimalar? Din va mentalitet tomondan Turkiya va Qog‘oziston yaqinroq, demak, iqtisodiy tomon birinchi o‘rinda bo‘lgani uchun Rossiya tanlanyapti?!
— Birinchi navbatdagi noqulayliklar hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq. Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun belgilangan muddat mehnat muhojiri uchun juda kam, ya’ni 15 kun, bu vaqtda ulgurmaydi. Agar rasmiylashtirgan hujjatlari migrantlar bo‘yicha bazaga tushmasa, muhojir keyingi hujjatlarni ololmaydi. 15 kun ichida ro‘yxatdan o‘tish deyarli imkonsiz. O‘tgan yili 2 mln 59 ming kishi patent olgan. Ya’ni hujjatlar rasmiylashtirilishi uchun ijara uyga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish kerak, lekin Rossiya fuqarolari bundan qochadi. Shundoq ham rossiyaliklar uchun davlat organlari bilan yuzlashish yoqimsiz holat. O‘zbekistonda ham shunday qiyinchiliklar bor: shahar bankida ishlash uchun o‘sha shaharda ro‘yxatda turishi kerak ekan.
![](https://storage.kun.uz/source/9/B5kLR0hhaV1AloLi0OqzGMJIUbcXQhn1.jpg)
Deylik, 2,5 mln odam uchun kamida 1,5 mln rossiyalik uyiga ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak, lekin unday odamlar yo‘q. Natijada umumiy yotoqxonalarga yuklama ko‘paygan. Aksariyat ro‘yxatdan o‘tganlar o‘zi yashab turgan joyga qilmaydi.
Mehnat muhojirining barcha hujjatlari bazaga tushgandan keyin u 30 kun ichida patentga topshirishi kerak, buning uchun esa kamida 15 ming rubl puli bo‘lishi lozim (yashash xarajatlaridan tashqari). Ammo bizda aksariyat mehnat muhojirlari o‘zi bilan pul olib kelmay, xarajatlarga tayyor bo‘lmaydi. Natijada esa katta foiz evaziga mikrokredit olishadi.
Patent hujjati chiqqunga qadar ham ishlashi kerak bo‘ladi yashash uchun, lekin tekshiruvga to‘g‘ri kelib qolsa, sud orqali deport qilishadi. Oldin ayollarni kamroq deport qilishardi (10 ta erkakka bitta ayol to‘g‘ri kelardi), hozir esa ayollarni deport qilish ham ko‘paygan. Demak, tekshiruvlar ortgan ancha. Hozir shunchaki yo‘lda to‘xtatsa ham, yonidagi hujjatlar ichida patent bo‘lmasa, politsiyaga olib borib, noqonuniy ishlayotgan migrant sifatida rasmiylashtirishadi va sud orqali qaytarib yuborishyapti.
Hozir haydovchilarga nisbatan ham reydlar kuchaygan. Oxirgi ishimda patrul xodimi to‘xtatib, haydovchilik guvohnomasining tarjimasini so‘ragan, ammo Rossiya qonunchiligida bu narsa yo‘q. Keyin esa alkogol testidan bosh tortdi deb, guvohnomasini 1,5 yilga to‘xtatgan, o‘zini 30 ming rubl jarimaga, 55 ming rubl evakuatsiya uchun, 105 ming rubl esa go‘yo mast holatda mashina haydagani uchun jarimaga tortishgan.
Oldinlari YPX xodimlarining audioyozuvlari orqali isbotlar edik, hozir sudlar uni ham inobatga olmayapti. Umuman, mehnat muhojirlari patent olgunga qadar uchraydigan to‘siqlar yanada ko‘paygan. Yoppasiga tekshiruvlar oshgan, mehnat muhojirlari ehtiyot bo‘lib yurishi kerak endi.
— Rossiyada demografik holat yildan yilga yomonlashyapti. Ukrainaga bosqin tufayli mamlakatni yana ko‘plab odamlar tark etdi. Ishchi kuchi va aholisi kamayib boryapti. Inson resursiga ehtiyoj borligini markaziy va propaganda kanallari orqali aytishadi, lekin ularni «chiqishtirishmaydi». Nega bunday bo‘lyapti?
— Sabab shuki, migratsiya masalasida davlat va jamiyat o‘rtasida yakdil fikr yo‘q. Bundan tashqari, 10-15 yillik strategiya ham yo‘q bu masalada, boshqa rivojlangan davlatlarda bor bu narsa. Agar bo‘lganda, qonunchilik shu strategiyaga muvofiqlashtirilar edi. Hozirgi mavjud qonunchilikda esa bir qancha ziddiyatlar bor.
Oxirgi chiqqan takliflardan biri migrantlar uchun ID karta bo‘ldi. Ya’ni unda muhojirning barcha hujjatlari integratsiya qilinib, kartada bo‘ladi. Yaxshi taklif edi. Masalan, hozir migrantlar patent haqiqiy ekanini isbotlash uchun to‘langan cheklarni olib yurishi kerak, shunchaki qaysidir baza orqali tekshirish imkoniyati yo‘q.
Hozir bir yilga beriladigan sifatsiz, hech narsaga o‘tmaydigan ID karta berilyapti, unda shunchaki muhojirning ID raqami yozilgan, xolos. Faqat shu sifatsiz qog‘ozni chiqarayotgan tipografiyalar foyda qilyapti. Demoqchimanki, strategiya bo‘lganda, qonunchilik muvofiqlashib, barchasi bitta tizimda bo‘lardi va osonlashardi. Hozir bir taklif beriladi, kuchga kirib ulgurmasidan boshqa taklif bo‘ladi yana.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tishni 3 oy qilib belgilashgan edi, ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi biz bunday yuklamaga ulgurmaymiz degani uchun 1 yil qilib qo‘yishdi. Berilayotgan takliflar, islohotlar real holat bilan to‘g‘ri kelmaydi.
Amerikada bir migrantning bolasi o‘quvchilarga o‘q uzgani uchun Putin okean ortidagi, boshqa xarakterdagi Rossiyada migrantlarning farzandlari uchun maktabni cheklab tashladi, ya’ni ma’lum kvota bo‘ldi endi. Amerika migrantlari – asosan qochoqlar, yashash uchun boradiganlar, bu yerdagilar esa mavsumiy ishlovchi mehnat muhojirlari. Umuman boshqa-boshqa xarakterga ega. Bundan tashqari, Markaziy osiyoliklar va rossiyaliklarning turmush tarzida o‘xshashlik, umumiy jihatlari, kesishadigan tomonlari ko‘p. Ya’ni Rossiyaga begonalar kelmaydi. Tartib-qoidalar ham farq qilmaydi O‘zbekiston bilan.
O‘zi umuman, Rossiyada migratsiya bo‘yicha tadqiqotlar mavjud emas, o‘rganish istagi ham yo‘q, qanchadir yildan keyin qanday bo‘lishi kerak, degan savolga ham javob yo‘q.
— Sizningcha, 25 yildan so‘ng Rossiyada millat genofondi qanday bo‘ladi?
— Ukrainaga bosqin ortidan bu ruslarni yo‘q qilish operatsiyasi degan nazariyalar ham kuchaygan hozir. Tug‘ilishlar soni kam, o‘limlar soni esa ko‘p. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 yildan keyin Rossiyadagilarning ko‘pchiligida slavyanlik belgilari yo‘qoladi.
Umuman, bunday nazariyalar, statistikalar odamlarni katta xavotirga qo‘yyapti. Bunday qarashlar va xavotirlar liberal oppozitsiya tomonidan bo‘lyapti, deyiladi. Lekin o‘ylashimcha, Rossiyada liberal oppozitsiya yo‘q.
Bundan tashqari, 25 yildan keyin o‘rtacha har ikkinchi odam Islom diniga e’tiqod qiladi. Shundoq ham hozir Kavkaz taraflarda, Rossiyaning boshqa chekka hududlarida Islom dini yoyilishi kuchaygan. Islomofobiya, migrantofobiyalar yo‘qolib, yangi kelgan hukumat oldingi xatolarni to‘g‘rilashga harakat qiladi.
Millatchilik, ksenofobiyani yo‘qotmasdan, yaxshi davlat qurib bo‘lmaydi, shuning uchun ham keladigan yangi hukumat bularni to‘g‘rilashga harakat qilsa kerak. Ya’ni 25 yildan so‘ng bunday illatlardan asar ham qolmaydi, menimcha.
— Asosiy so‘ramoqchi bo‘lganim – urush masalasida bizning migrantlar bilan bog‘liq holatlar. O‘zingiz guvoh bo‘lgan bir nechta keyslardan misol keltirsangiz. Noqonuniy urushga olib ketilayotganlarni olib qolgan holatingiz ham bo‘lganmi yoki murojaat qilishganmi?
— 1995 yilda tug‘ilgan yigit uylanish va o‘qishga pul topish uchun kelgan Rossiyaga. O‘zi yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan. Boshqalar kabi Telegram kanal va guruhlardan ish qidirgan. Kurer bo‘lib yollangan. Ikki kun ishlagach, giyohvand moddalarni yetkazayotgani uchun qo‘lga olingan. Qamoqqa olinganiga 4 oy bo‘lgach, urush boshlangan va unga ham taklif berishgan. Hozir esa bir yildan oshiq vaqtdan beri yaqinlari bilan aloqasi uzilgan. Dom-daraksiz.
Urushga borishga taklif olayotganlarning yaqinlari murojaat qilishadi menga. Dastlab qo‘yilgan ayblovlarga qarayman. So‘ng uchrashuv belgilashga harakat qilaman, chunki tez-tez uchrashuv bo‘lib tursa, yaqinlari bilan aloqani yo‘qotib qo‘ymaydi. Qamoqdagi migrantlarning asosiy muammosi keraksiz bo‘lib qolish hissi bo‘ladi. Yaqinlari bilan bog‘lanib tursa, o‘zining kerakligini his etadi.
Rossiya qamoqxonalaridagi qiynoqlar, bosimlarni hamma biladi, ayniqsa rus millatiga mansub bo‘lmaganlarga u yerda juda qiyin. Aynan keraksizlik hissi bilan yashayotgan migrantga bizga keraksan deb urushga taklif tushsa, u ruhlanib ketadi.
Ishonadigan odamlarimning aytishicha, majburiy olib ketish yo‘q ekan. Taklif berilar ekan, uzoq vaqtli qiynoqlardan so‘ng yaxshi gaplar bilan so‘rasharkan. Ya’ni psixologik jihatdan shunga yo‘naltirilar ekan. Yuqorida aytganimdek, bunday vaziyatda yaqinlari bilan aloqa qilib turish muhim. O‘zimning mijozlarimga yaqinlari bilan uchrashuvlar ancha yordam beryapti.
— Yurist, fuqaro va vatandosh sifatida Rossiyaga borayotganlarga davlat organlari bilan bo‘ladigan munosabatlarda qanday maslahatlar berasiz?
— Rossiya Davlat Dumasida kuchga kirayotgan yangi qonunlar bor.
Urush boshlaganda, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga patent olish jarayonida bir yillik shartnoma evaziga fuqarolik berish taklif etilayotgan edi, ammo bunga qonuniy asos yo‘q edi. Hozir shu narsa qonuniylashtirilyapti. Shuning uchun har bitta berilayotgan hujjatlarni ehtiyot bo‘lib, aniq tushunib, keyin imzolash kerak. Elchixona xodimlari va yuristlar bilan maslahatlashish kerak. Hujjatlarga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak endi.
Mobilizatsiyaning oddiy migrantlarga aloqasi yo‘q. Faqatgina yuqorida aytganimdek, hujjatlarga e’tiborli bo‘lishlari lozim. Statusga egalar, fuqarolikka qarab ketayotganlar ehtiyot bo‘lishi kerak. Ularga oson fuqarolik takliflari bilan o‘zlariga bildirmay jalb qilishi mumkin. Biror hujjatga imzo qo‘yib qo‘ygach, yuridik tomondan to‘g‘rilash juda qiyin hozirda.
— Matbuotda Ukrainaning qarshi hujumga o‘tishi ko‘p yangrayapti. Rossiyaning ba’zi joylarida potrlashlar ham bo‘lyapti. Binolarga raketaga qarshi tizimlar o‘rnatilyapti. Rossiyada kayfiyat, ahvol qanday?
— O‘tgan yilning o‘rtalaridan boshlab odamlarda tushkunlik bor. Har xil shoular, o‘yin-kulgilar bo‘lardi, hozir darak ham yo‘q. Ko‘chalarda bemalol, xotirjam yurgan odamlarni ko‘rmaysiz. Xorg‘in, asabiy odamlar ko‘p. Dam olish kunlari ko‘chalarda sayr qiladigan, ko‘ngilochar mashg‘uloti bilan shug‘ullanadiganlar soni keskin kamaygan. Odamlarning ko‘ngliga sig‘mayapti. Do‘konlar va yemakxonalarning faoliyatiga ham salbiy ta’sir qilyapti.
— So‘ngso‘z o‘rnida vatandoshlarimizga nima degan bo‘lardingiz?
— Rossiyaga birinchi kelayotgan yurtdoshlarimiz rus tilini yaxshi bilmasa, hujjatni biladigan insonga ko‘rsatishsin. Keyin, davlat organlari xodimlari bilan gaplashayotganda tushunmayotganini, rus tilini yaxshi bilmasligini aytishlari kerak, shunda tarjimon orqali gaplashish huquqi yuzaga keladi. Tarjimonsiz suhbatlar noqonuniy sanaladi. Migrant tilni bilmagani uchun huquqlarini qayta tiklashi ham mumkin bo‘ladi.
Va hujjatlarni o‘z joyida, tayyor qilib yurish kerak. Hozir hech kim vaziyatni yumshatishni istamaydi bu yerda. Hujjat masalasi to‘g‘ri bo‘lmasa, Rossiyada yurishni maslahat bermayman.
Davlat organlari ko‘p hollarda individual shug‘ullanmaydi va hujjati to‘g‘ri insonlar ham qo‘lga olinyapti boshqalarga qo‘shilib. Shuning uchun hamma o‘zi uchun harakat qilib, huquqlarini bilishi lozim.
Bundan tashqari, elchixona, migratsiya markazlari, yordam beroladigan huquqshunoslarning telefon raqamlarini yodlab olishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bobur Akmalov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)