date
views 909

Amir Temurning qilichi yoxud nega Napoleon uni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgani haqida

Amir Temurning qilichi yoxud nega Napoleon uni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgani haqida
Napoleon albatta buyuk sarkarda sifatida o‘zidan oldin o‘tgan barcha buyuk jahongirlarning tarixini yaxshi bilardi. U doimo Sezar, Gannibal, Aleksandr Makedonskiy, Buyuk Karl, Tyuren, Buyuk Fridrixlar bilan birga Atilla, Chingizxonlarni ko‘p eslar va ular haqida ko‘p gapirardi. Biroq Napoleon ularning hammasidan ham  ko‘ra ko‘proq Amir Temur shaxsini yuqoriga qo‘yar, bu fantastik ulug‘vor tarixiy shaxs bilan qiziqardi. Napoleon Misr yurishida xam, Rossiyaga qilgan yurishlarida ham Amir Temurdan qolgan biron-bir artefaktlar, buyumlar, jihozlar qolgan-qolmaganligi bilan qiziqqan va surishtirgan ekan.
 
1807 yilda Fransiya Fors mamlakati bilan siyosiy va iqtisodiy ittifoq tuzadi. Napoleon forslardan darrov Amir Temurga tegishli buyumlar bor yo‘qligini so‘raydi va ayniqsa Amir Temurning qilichi haqida surishtiradi. Forslar shohi Fath Ali Shoh Napoleonga qanday bo‘lmasin iltifot ko‘rsatish uchun, o‘sha qilichni toptirib, unga yuborishga qaror qiladi.
 
1808 yil 4  sentyabr kuni Parijga forslar mamlakati  shohining elchisi Askar xon Afshar Uramayh tashrif buyuradi va Napoleonga tantanali ravishda  buyuk Amir Temurning qilichini topshiradi. Albatta Napoleon bu sovg‘adan boshi osmonda edi, biroq Napoleon axmoq odam emasdi, u qilichni Fransiya Fanlar Akademiyasiga ekspertiza uchun yuboradi. Buni qarangki, qilich soxta va yaqinda yasalgan bo‘lib chiqadi.
 
Yevropaliklar, xususan, biz osiyoliklarda ham qilich, xanjar, pichoqlar qadimdan qandaydir ilohiy bir qurol sifatida ko‘rilgan, mistik bir kuchga ega ekanligiga ishonilgan. Fransuz, ingliz, nemis va skandinaviya xalqlarida ham qilichlarga muqaddas bir qurol sifatida qaralgan, uni doimo o‘z egasini yovuz ruhlardan asrash vositasi sifatida ko‘rganlar. Yevropa xalqlarining eposlarida qahramonlar bilan birga ularning qilichlari xam ulug‘langan. Masalan, oliyjanob ritsar Rolandda "Dyurandal", qirol Arturda "Ekskalibur ", Buyuk Karlda "Juayoz" kabi afsonaviy qilichlar bo‘lgan.
 
Qilichlar haqida Napoleon juda yaxshi malumotlarga ega edi, shuning uchun u doimo bosib olgan joylaridan qadimiy qilichlarni qo‘lga kiritishni xohlardi. Napoleon doimo Aleksandr Makedonskiy va Amir Temurlar bostirib borgan Hindistonni qo‘lga kiritishni istar va shon-shuhratda ulardan o‘tib ketishni istardi. U Amir Temurning  yirik olmos qadalgan afsonaviy qilichini qo‘lga kiritsam yengilmas sarkardaga aylanaman degan fikrda edi.
 
1807 yil Napoleon forslar mamlakatiga brigada generali Klod Mate de Gardan boshchiligidagi juda katta delegatsiyasini  elchilikka  yuboradi. Elchilar diplomatik-harbiy bitimlar bilan birga tabiiyki, o‘sha afsonaviy Amir Temur qilichi haqida ham forslar shohi bilan bitimlar tuzadilar. Forslar Napoleon va Fransiya bilan ittifoq nihoyatda zarurligi uchun Napoleonning iltimosini bajarishga qaror qiladilar. 1808 yil 24 yanvar kuni Istanbulda turgan Fransiyaning "Jurnal Imperiya" gazetasi muxbiri  quvonch bilan forslar shohining elchisi tez orada Konstantinopolni tark etib Parijga yo‘l olishini, elchi imperator hazrati oliylariga juda ko‘p, qimmatbaho sovg‘alar bilan bir qatorda butun dunyoning nigohida bo‘lgan Amir Temurning qilichini olib ketayotgani haqida yozadi.
 
Darhaqiqat, bir necha oylar o‘tib forslar elchisi Askar xon Afshar Uramayh Parijga juda boy sovg‘a-salomlar bilan yetib keladi. Imperator Napoleon forslar elchisini 1808 yil 4 sentyabr kuni Parij yaqinidagi Sen-Klu qasrida qabul qiladi. Elchi Napoleonga bir emas ikkita afsonaviy qilichni taqdim etadi. Birinchi qilich buyuk Amir Temurga, ikkinchisi esa buyuk Eron shoxi Nodirshohga tegishli ekanligi aytiladi. Napoleon qilichlarni quvonch bilan qabul qilib oladi, biroq biroz vaqtdan keyin ma’lum bo‘ladiki Amir Temurga tegishli qilich qalbaki bo‘lib chiqadi. Napoleon ikkinchi qilichni ham tekshiruvdan o‘tkazadi. Nodirshoh ham bir paytlar Hindistonni fath qilgani Napoleonga taskin berishi kerak edi, biroq bu qilich ham haqiqiy emas ekan. Amir Temur qilichi buyuk imperator uchun armon bo‘lib qolgandi.
 
Agar qilich xaqiqiy bo‘lib chiqqanida edi, Napoleon Parijda Amir Temurga haykal qo‘ydirmoqchi va uning qo‘lidan qilichni qabul qilib olayotgan o‘zini xam tasvirlatmoqchi bo‘lgan ekan. Ammo orzu orzuligicha qolib ketadi.
Keyinchalik Muqaddas Yelena orolida Napoleon graf Emmanuel de Las-Kazga o‘z esdaliklarini yozdirarkan, forslar o‘shanda uni laqillatganini aytgan ekan.
 
Aslida forslarda rostdan xam Amir Temurning qilichi bo‘lmagan ko‘rinadi. Bu qalbaki qilichlar esa Dog‘istonning Amuzgin nomli qilichsozlar qishlog‘ida yasalgan bo‘lib chiqqandi. Dog‘istonning ulug‘ farzandi Rasul Hamzatovning qanday qilib forslar Amuzginlar qilichini Napoleonga tortiq qilganliklari xaqida she’ri xam bor.
 
Graf Las-Kazning 1818 yil 13 noyabr kungi yozmasida Napoleon  tilidan shunday so‘zlar yozilgan ekan: "Menda Buyuk Fridrixning qilichi bor edi, ispanlar esa Tyulrida menga Fransisk I ning qilichini taqdim qilgandilar, bu ular uchun  katta qurbonlik  edi. Biroq forslar  Chingizxon, Temur va Nodirshohga tegishli bo‘lgan deb menga keltirgan qilichlari xaqiqiy bo‘lib chiqmagan, shunday bo‘lsada men ularning do‘stligini qadrlayman".
 
Xo‘sh, Amir Temurning qilichi o‘zi rostdan xam saqlanib qolganmi, degan savollarga haligacha tayinli bir javob yo‘q. Rossiyalik tarixchilar go‘yoki 1827 yilda Irevon qal’asini bosib olgan general Paskevich, to‘g‘rirog‘i Paskevich qo‘l ostidagi  general  Afanasiy Krasovskiy Amir Temurning xaqiqiy qilichini qandaydir Hasan Xon ismli bekdan tortib olgan va Peterburgga imperator Nikolay I ga yuborgan deyishadi. Imperator Nikolay I esa muqaddas qilichni Gatchina saroyida saqlagan emish. Qilich keyinchalik nemislar qo‘liga tushganmi yoki yo‘qmi, bunisi ham aniq emas.
 
Yana bir afsona bor: unga ko‘ra 1941 yil yozida Samarqandda Amir Temurning go‘ri ochilgan paytda, maqbarada saqlangan qilich xam bo‘lgan emish va o‘shanisi haqiqiy bo‘lgan ekan. Bu qilichni bolsheviklar sardorlaridan biri Syomen Budyonniyga sovg‘a qilingan emish. Budyoniy bu qilichni olgach, go‘yoki yosharib ketgan va hatto uyiga bostirib kirgan to‘rt-beshta o‘g‘rilarni chopib tashlagan ham emish. Keyinchalik Budyonniy afsonaviy qilichni Revolyutsiya Markaziy muzeyiga topshirgan ekan. Qilichning keyingi taqdiri haqida boshqa hech narsa ma’lum emas.
 
Manba: Mezoyevraziya portali 2018 yil 7 avgust.
Russkaya narodnaya liniya portali 2013 yil 14 oktyabr.
Graf Emmanuel de Las-Kaz "Muqaddas  Yelena  memoriali ".
 
Ixtiyor Esonov tarjimasi
Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amir Temurning qilichi yoxud nega Napoleon uni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgani haqida