Yaqinda Saul “Kanelo” Alvares ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda shov-shuvli fikr bildirib, “Terens Krouford Floyd Meyvezerdan ancha kuchliroq” degan edi. Bu so‘zlar boks olamida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur gapga mutlaq jahon chempioni, AQSH vakili Terens Krouford ham o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, har bir davrning o‘z qahramonlari bor va ularni taqqoslash to‘g‘ri emas.
“Bu — Saulning shaxsiy qarashi. U har ikkimiz bilan ham ringda to‘qnashgan. Odamlar xohlagan fikrini aytishi mumkin, ammo Saul biz bilan jang qilgan sportchi sifatida o‘z tajribasiga tayandi. Bir bahsda u o‘zini a’lo darajada his qildi, ikkinchisida esa unga regidratsiya cheklovlari qo‘yilgandi. Shu bilan birga, o‘sha vaqtda u yoshroq edi. Shu sababli men bu fikrga qattiq yopishib olmayman.
Floyd o‘z zamonasining eng kuchli va tengsiz jangchisi edi. Men esa o‘zimni bugungi davrning eng yaxshi bokschisi deb hisoblayman”, — dedi Krouford.
Shu tariqa, amerikalik chempion o‘ziga bo‘lgan ishonchini yana bir bor namoyish qildi. Uning bu so‘zlari muxlislar va ekspertlar orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda. Boks olamida esa Krouford haqiqatan ham o‘z davrining yetakchi jangchilaridan biri sifatida tan olinayotgani shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!