date
views 1 808

Qochayotgan Rossiya: ruslar qayoqqa ketyapti?

Qochayotgan Rossiya: ruslar qayoqqa ketyapti?

2022 yilda yuz minglab rossiyaliklar oxirgi marta samolyot oynasidan pastga qarashdi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri rossiyaliklar boshqa mamlakatlarga ko‘chib keta boshladi - kimdir urushga rozi bo‘lmagani uchun, kimdir safarbarlik doirasida frontga ketish xavfi tufayli. O‘tgan yili kamida 155 ming Rossiya fuqarosi Yevropa, Turkiya va MDHda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olgan.

2022 yilda taxminan 15 ming kishi Yevropa Ittifoqidan siyosiy boshpana so‘ragan - ammo ularning faqat 2 mingdan bir oz ko‘prog‘iga ijobiy javob berildi, xolos.

Rossiyadan so‘nggi o‘n yilliklardagi eng katta emigratsiya to‘lqini qanday ko‘rinishga ega bo‘ldi?

Chetga ketgan rossiyaliklar soni qancha?

Olimlar 2022 yildagi emigratsiya to‘lqinini Oktyabr to‘ntarishi va fuqarolar urushi davridagi oq emigratsiya bilan solishtirmoqda. Hozirgi to‘lqinning ko‘lami hali sezilarli darajada kichikroq ko‘rinadi.

1920 yilga kelib, Qizil Xoch tashkilotiga ko‘ra, Rossiyani 2 millionga yaqin odam tark etgan edi. Hozirgi emigratsiya to‘lqiniga kelsak, hisob-kitoblar bir-biridan juda farq qiladi - bir necha yuz mingdan milliongacha.

Mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarning aks-sadosi Kremlga ham yetib keldi. Kremlning uzun koridorlaridagi amaldorlar uzoq vaqt davomida mamlakatda nimadir noto‘g‘ri ketayotganligini sezishmadi. Endi holatni ko‘rgach, ular nega ruslar o‘z vatanlarini ommaviy ravishda tark etayotganidan hayron-u lol. Bu borada Prezident Putin so‘nggi chora sifatida  aholining chetga chiqib ketishini kamaytirish uchun navbatdagi farmonini imzoladi. Hujjatda chet elliklar tomonidan Rossiya fuqaroligini olishni soddalashtirish haqida ham so‘z boradi.

Buning sababi nimada? Farmondan ko‘rinib turibdiki, bu 2022 yilda sodir bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Shu sababli, odamlarning mamlakatni tark etish istagidan qaytarish uchun bir qator ijtimoiy va moliyaviy mexanizmlarni yaratishga qaror qilindi.

Ayni paytda, aholining chiqib ketishida ularning o‘z moliyaviy ahvolini yaxshilash deb o‘ylamaslik kerak. Rossiyadan ketganlarning sarguzashtlarini o‘qisangiz ularning vatanda yaxshiroq, boyroq yashagani, ko‘chib-qochib borgan yurtlarda ahvol uydagidek emasligiga guvoh bo‘lasiz. Ularni bunday qarorga, issiq o‘rnini sovutib noma’lum mamlakatga ketishga nima undagan? Deyarli barcha hikoyalarda hokimiyat siyosati, Rossiyada fuqarolik jamiyati institutlarining yo‘qligi, fuqarolik huquq va erkinliklarining bosqichma-bosqich yo‘q qilinishi eslab o‘tiladi. Rossiyada qonunlar keskinlashuv tendentsiyasi bilan tezda o‘zgarib bormoqda. Arzimagan so‘z, kiyimdagi sariq-ko‘k ranglar, tarmoqdagi layk tufayli «armiyani obro‘sizlantirish» yoki shunga o‘xshash ayblov qo‘yilishi mumkin.

Aholining Rossiyadan chiqib ketishini vintlarni burash va muxolifatni ta’qib qilish siyosati bilan izohlash mumkin. Siyosatning qattiqlashishi Rossiyaga zarar keltira boshladi, uning rivojlanishini to‘sib qo‘ydi va falaj qila boshladi. Agar siyosatni va umuman mamlakatni demokratlashtirish amalga oshirilmasa, Rossiya aholisining deyarli uchdan bir qismi chiqib ketishi mumkin. Chegaralarni yopish va «temir parda»ni tushirsa bo‘lar, faqat u holda chegarachilar sonini ko‘paytirishga to‘g‘ri keladi. Chunki odamlar o‘rmonlaru, botqoqliklardan qo‘shni mamlakatlarga qochishni boshlashadi. Pul va "ijtimoiy dasturlar"ni ko‘paytirib «oltin qafas» ham yasash mumkindir, ammo undan ham qochadiganlar topiladi.

Erkinlikni pulga sotib bo‘lmaydi, oltin qafasda bulbul ham sayramaydi. Qachonki erkinliklar bo‘lmasa, ertangi kunga ishonch bo‘lmasa, hech qanday pul va “ijtimoiy dasturlar” buni tuzata olmaydi. Ular pul va ijtimoiy yordam uchun emas, erkinlik va demokratik institutlar uchun qochishmoqda.

Ajabo, mamlakatdan puli borlar qochib ketmoqda: IT mutaxassislari, muhandislar, shifokorlar, faollar, jurnalistlar, ijodkorlar, dizaynerlar, rassomlar. To‘g‘ri, qochayotgan odamlar oligarxlar emas, lekin o‘ziga to‘q o‘rta sinf.

Ular asosan Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Turkiyadan boshpana izlashyapti. Demokratiya va fuqarolik erkinliklari bilan unchalik maqtana olmaydigan mamlakatlar. Lekin nima qilish kerak? Demokratiyasi yuqori davlatlarga borishda viza muammolari bo‘lsa… Bu mamlakatlarga borish AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Kanada, Norvegiyaga qaraganda osonroq. Bu yerda G‘arb davlatlarining viza siyosati aybdor. Agar murakkab viza shartlari bo‘lmasa, ular allaqachon  G‘arb davlatlariga qochib keta qolishardi.

Yevropa davlatlarida rossiyaliklarga boshpana berilgan va berilmagan holatlar.

Qochqinlar ahmoq emas, aksincha, ular pul taqchilligidan aziyat chekmagan yuqori malakali rossiyaliklardir, ularni "ijtimoiy dastur" qiziqtirmaydi. Bu odamlar o‘z tajriba va malakalari bilan Vatan ravnaqi uchun mehnat qila olishardi. Rossiyada va Rossiya manfaati uchun ishlash o‘rniga, ular bir necha oy ichida ular ketgan mamlakatlar iqtisodiyotining o‘sishini sezilarli darajada tezlashtirgani aytilmoqda. Masalan, relokantlarning kelishi bilan Gruziyada yalpi ichki mahsulot o‘sishi 10 foizni, Armanistonda – taxminan 13 foizni, Qirg‘izistonda – 7 foizni, Qozog‘istonda – 3 foizni tashkil etdi, deb iddao qilishadi. Buning qanchalik haqiqatga mosligini aytish qiyin. Lekin nima bo‘lganda ham muhim ixtisosliklarga bo‘lgan talabning qanchadir foizi kelgindi rus mutaxassislari hisobiga  qondirilgani aniq.

Armaniston iqtisodiyot vaziri Vaxan Kerobyanning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga yuz mingdan ortiq rossiyalik kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 33,7 ming rossiyalik Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan chegarani kesib o‘tish uchun  Meksikaga kelgan va ushbu mintaqa uchun odatiy bo‘lgan Lotin Amerikasi noqonuniy muhojirlarini ortda qoldirdi.

Qochqin davri qachongacha davom etadi?

Bir necha yil ichida vaziyat o‘zgarishi mumkinmi? Yo‘q, - deydi  Moskvada deyarli 20 yil ishlagan va rossiyalik hamkasblari bilan Dubayga ko‘chib o‘tgan advokat Skott Entel.

Chunki Ukraina bilan urush harakatlari hali-beri tugashiga ishonch yo‘q. Rossiya hukumati emigratsiya yo‘lini repressiv yo‘llar bilan to‘sib qo‘ya olmaydi. Turli farmon, qarorlarni ham chetlab o‘tib, noqonuniy yo‘llar bilan urushdan qochadin rossiyaliklar soni ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydiganga o‘xshaydi.

Internet ma’lumotlari bo‘yicha Yoqub Umar tayyorladi

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qochayotgan Rossiya: ruslar qayoqqa ketyapti?