date

“To‘qtag‘ul” suvi kamaymoqda, vazir qish og‘ir bo‘lishini ogohlantirdi

“To‘qtag‘ul” suvi kamaymoqda, vazir qish og‘ir bo‘lishini ogohlantirdi

Qirg‘izistonda 2025–2026 yilgi qish mavsumi odatdagidan ko‘ra ancha og‘ir kechishi mumkin. Bu haqda mamlakat Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev “Kabar” axborot agentligiga bergan suhbatida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, asosiy muammo — “To‘qtag‘ul” gidroelektrostansiyasida suv zahiralarining kamayib ketishi bilan bog‘liq.

“O‘tgan yil bilan taqqoslaganda 1,6 milliard kub metrga kam suv mavjud. Masalan, 2024-yilda suv miqdori 12,4 milliard kub metr bo‘lgan va bu ham yetarli emasdek ko‘ringandi. Joriy yilda esa bundan ham kam. Bu esa taqriban 1,6 milliard kilovatt elektr energiyasining yo‘qolishiga olib keladi”, — dedi Ibrayev.

Vazir aholini ham qonunlarga rioya qilishga va elektr energiyasidan tejamkor foydalanishga chaqirdi. Uning fikricha, har bir iste’molchi mas’uliyatni his qilib harakat qilmasa, muammolar yanada og‘irlashishi mumkin.

Ibrayev qo‘shimcha qilib, energetika sohasidagi inqirozni 2028-yilgacha to‘liq hal etish rejalashtirilayotganini bildirdi.

Avvalroq, Bosh vazir o‘rinbosari Baxit To‘raboyev ham 2025-yilda mamlakat bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 18,9 milliard kilovatt/soatgacha yetishi kutilmoqda, deb ma’lum qilgandi. Yilning yetti oyi davomida ishlab chiqarish 9,24 milliard kilovatt/soatni tashkil etdi. Qishdan osonroq chiqish uchun Qirg‘iziston Qozog‘iston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiyadan jami 4,03 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi xarid qilishi rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatdagi umumiy iste’mol 17,8 milliard kilovatt/soatni tashkil etgan.

“To‘qtag‘ul” suv ombori 1970-yillar o‘rtalarida qurilgan bo‘lib, bugungi kunda nafaqat Qirg‘iziston, balki O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonning suv ta’minotiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Omborning loyihaviy hajmi 19,5 milliard kub metrga teng.

2024-yilda bu ombordagi suv sathi so‘nggi besh yildagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketgandi. Shuningdek, o‘tgan yil 2-fevralda Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida yirik avariya sodir bo‘lib, gidroelektr stansiyalar yuki keskin ortgan. Bu esa “To‘qtag‘ul”dan suv chiqarish hajmini ham oshirishga majbur qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4-yanvar kuni ombordagi suv miqdori bor-yo‘g‘i 11 milliard 96 million kub metrni tashkil qilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “To‘qtag‘ul” suvi kamaymoqda, vazir qish og‘ir bo‘lishini ogohlantirdi