O‘zbek kinosi tarixida tomoshabinlar qalbida chuqur iz qoldirgan filmlardan biri – “Telba”. Oradan yillar o‘tsa-da, uning qahramonlari, ta’sirchan sahnalari va samimiy muhabbat haqidagi hikoyasi haligacha muxlislar orasida tilga olinadi.
Aktrisa Dilnoza Kubayeva o‘sha film suratga olish jarayonlari haqida eslab, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, ayrim sahnalar shu qadar kuchli ta’sir qilganki, aktrisa bir lahzaga o‘zini kino olamida emas, balki hayotning o‘zida yurgandek his qilgan.
“Qahramonimning onasiga aytgan so‘zlari bor edi: 'Bir umr bekatda xonim sotsam ham, achchiqdan o‘lsam ham, so‘zimdan qaytmayman, oyi!' Shu vaqtda men butunlay obrazga shunchalik kirib ketganmanki, xuddi kamera qarshisida emas, haqiqiy hayotdagi voqeani boshdan kechirayotgandek his qilganman. Oldimda aktrisa Ra’no Yarasheva emas, balki haqiqiy onam turgandek tuyulgan”, — deydi Kubayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish sovuq mavsumda bo‘lib o‘tgan va bu unga katta sinov bo‘lgan. “Yupqa kiyimda turib, sovuqdan lablarim qaltirab ketardi. Biroq tishimni tishimga qo‘yib sabr qilardim. Har safar 'Stop!' deyilgandan so‘ng esa tezda qalin kiyimimni kiyishga shoshardim”, — deya qo‘shimcha qildi aktrisa.
Film muxlislari orasida eng ko‘p beriladigan savollardan biri – “Telba”ning davomi suratga olinadimi?” Dilnoza Kubayeva bu haqda aniq javob berdi: “Filmni sevib tomosha qilgan barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ammo filmda ko‘plab qahramonlar hayoti uzilgan. Shu bois bu asar o‘z holicha, xalq qalbida saqlanib qolishi kerak deb hisoblayman”.
Ma’lumot uchun, “Telba” filmi 2008 yilda suratga olingan bo‘lib, o‘zbek kinosida eng ko‘p muhokama qilingan va tomosha qilingan asarlardan biri hisoblanadi. Film rejissyori — Ayub Shahobiddinov, ssenariy muallifi Yolqin Tuychiyev, prodyuseri esa Avaz Tojixonov bo‘lgan.
Kartinaning bosh qahramonlarini Dilnoza Kubayeva, Ulug‘bek Qodirov, Ra’no Yarasheva, Alisher Uzoqov, Ubaydulla Omon va boshqa mashhur aktyorlar ijro etgan. Asar kambag‘al yigit bilan boy oilaning qizi o‘rtasidagi samimiy muhabbat, sadoqat va ijtimoiy to‘siqlar orasidagi dramatik kurashni yorqin tasvirlab bergan.
Muxlislar uchun eng asosiy xulosa shuki, “Telba” filmi davomi bo‘lmasa-da, uning ta’siri hali uzoq yillar davomida o‘zbek kinosi tarixida yashab qolishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!