23:24 / 13.06.2023
445

Putin Ukrainadagi urush, Kaxovka GES, safarbarlik, xususiy harbiy kompaniyalar va g‘alla bitimi haqida nimalar dedi?

Putin Ukrainadagi urush, Kaxovka GES, safarbarlik, xususiy harbiy kompaniyalar va g‘alla bitimi haqida nimalar dedi?
Foto: RIA Novosti
Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy muxbirlar, «Perviy», «Rossiya», NTV, RT telekanallari, «Komsomolskaya pravda» jurnalistlari, blogerlar va telegram kanallari mualliflari bilan uchrashdi.
 
Putin Ukrainadagi urush, Kaxovka GES, safarbarlik, xususiy harbiy kompaniyalar, g‘alla bitimi kabi savollarga javob qaytardi. Uning javoblaridan qisqa iqtiboslar keltiramiz.
 
Ukraianadagi «maxsus harbiy operatsiya» maqsadlari o‘zgarganmi yoki yo‘qligi haqida
 
«Yo‘q. Umuman olganda ular vaziyatga mos ravishda o‘zgarib turadi, lekin hozir biz hech narsani o‘zgartirmaymiz va ular biz uchun fundamental xususiyatga ega».
 
G‘arb tomonidan «qizil chiziqlar»ning kesib o‘tilishiga Rossiya javob bermayotgani haqida
 
«Maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishning o‘zi «qizil chiziqlar» kesib o‘tilishiga javob emasmi? Bu eng muhim narsa. Biz ko‘p marta aytdik: bunday qilmang, shunday qilaylik, biz muzokaralarga tayyormiz. Oxir-oqibat ular bizni 2014 yilda boshlangan urushni qurolli yo‘llar bilan to‘xtatishga urinishga majbur qilishdi.
 
Ular bizga «siz urushni boshladingiz, Putin — tajovuzkor» demoqda. Yo‘q, ularning o‘zi bosqinchi, ular bu urushni boshladi, biz uni to‘xtatishga harakat qilmoqdamiz, lekin buni Qurolli Kuchlar yordami bilan qilishga majburmiz. Bu «qizil chiziqlar» kesib o‘tilishiga javob emasmi?
 
Ukraina energetika tizimiga zarba berish «qizil chiziqlar» kesib o‘tilishiga javob emasmi? Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh razvedka boshqarmasining Kiyev yaqinidagi shtab-kvartirasini amalda yo‘q qilinishi - bu javob emasmi? Biz nishonlarni tanlab olamiz. Ular qilgan ishni qilmaymiz, bu ahmoqlar fuqarolik obyektlariga, turar-joylarga zarba bermoqda, biz buni qilmaymiz. Nishonlarga tanlab-tanlab zarba beramiz».
 
Ukrainaning qarshi hujumi haqida
 
«Bu oldindan tayyorlangan zaxiralardan foydalangan holda qilinayotgan keng ko‘lamli qarshi hujumdir. To‘rtinchida (iyunda) boshlandi va hozirgacha davom etmoqda… U strategik zaxiralardan foydalanish orqali boshlandi va hozir ham davom etmoqda. Biz bu yerga yig‘ilib, muhokama qilayotganimizda, bir necha yo‘nalishda jang ketmoqda. Ammo dushman hech bir hududda muvaffaqiyat qozona olmadi».
 
Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqida
 
«Ukraina katta yo‘qotishlarga uchrayapti. Buning uchun Xudoga shukur aytamiz. Ular shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar bo‘yicha falokatli ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda. Yo‘qotishlar sanitar bo‘lishi yoki qayta tiklanmas bo‘lishi mumkin. Odatda tiklanmaydigan yo‘qotishlar 25 foizni tashkil qiladi, maksimal 30 foizni. Ularda 50 foizgacha. Bizning yo‘qotishlarimiz Ukraina Qurolli Kuchlari yo‘qotishlaridan 10 baravar kam. Shaxsiy tarkib bo‘yicha yo‘qotishlarimizni aytib o‘tirmayman, buni Mudofaa vazirligi aytsin. Ular hisoblab boradi».
 
Kaxovka GES to‘g‘onining vayron bo‘lishi haqida
 
«Kim aybdor ekani aniq. Ukraina tomoni bunga intilayotgan edi. Bilasizmi, men hozir 100 foiz ishonchim komil bo‘lmagan gaplarni aytmayman. Umuman olganda, biz katta portlashni qayd etmadik. Lekin gap shundaki, bu vayronagarchilik sodir bo‘lishidan oldin ular HIMARS raketalari bilan to‘g‘onga ataylab qayta-qayta zarba berishdi. Mana gap nimada».
 
Kaxovka GES bilan bog‘liq ekologik oqibatlar haqida
 
«Federal tibbiy biologiya agentligi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi ishlayapti. Chunki endi ekologik xavfsizlik va sanitariya xavfsizligi masalasiga jiddiy yondashishimiz kerak. Chunki chorva qabristonlari, odam qabristonlari suv ostida qoldi. Bu jiddiy muammo, ammo uni hal qilish mumkin. Shuningdek, kimyoviy mudofaa qo‘shinlarini ham jalb qilish kerak bo‘ladi. Birgalikda, kuchlarni birlashtirib, barcha muammolarni hal qilamiz, deb o‘ylayman. Bu suv ta’minotiga ham taalluqlidir. Afsuski, ko‘plab chorva mollari va yovvoyi hayvonlar nobud bo‘ldi. Biz hududni tartibga keltirishimiz va tozalashimiz kerak».
 
Ukraina harbiy-sanoat kompleksi haqida
 
«Demilitarizatsiya. Biz buni asta-sekin, uslubiy tarzda amalga oshirmoqdamiz. Ukraina harbiy-sanoat kompleksi nima qilmoqda? «Leopard» tanki, «Bredli» yoki F-16 samolyotini ishlab chiqarmoqdami? Ishlab chiqarmaydi. Ukraina mudofaa sanoati yaqinda yo‘q bo‘lib ketadi. Ular nima ishlab chiqarmoqda? O‘q-dorilar, qurollar, hamma narsa chetdan keltirilyapti. Bu bilan uzog‘ga borolmaysiz».
 
Rossiyada harbiy holat joriy etish to‘g‘risida
 
«Albatta, xavfsizlikni qanday ta’minlash haqida huquq-tartibot idoralari ham, xalqning o‘zi ham o‘ylab ko‘rishi va ta’minlashi kerak. Lekin umuman olganda, butun mamlakat bo‘ylab qandaydir maxsus rejim - harbiy holat joriy etishdan ma’no yo‘q. Bunday ehtiyoj yo‘q».
 
Safarbarlikning yangi to‘lqini haqida
 
«Mudofaa vazirligining xabar berishicha, tabiiyki, bugun safarbarlikka ehtiyoj yo‘q. 2023 yil yanvaridan beri Rossiya armiyasiga 156 mingga yaqin odam, jumladan, kontraktchilar va ko‘ngillilar jalb qilindi. O‘tgan haftaning o‘zida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan 9,5 ming kishi shartnoma imzoladi».
 
Safarbarlik muddatlari haqida
 
«Qonunda aniq muddatlar ko‘zda tutilmagan va buning uchun birinchi navbatda shaxsiy tarkibning mavjudligi, frontdagi vaziyat qanday rivojlanayotgani, maxsus harbiy operatsiyaning o‘zi qanday ketayotganiga qarab harakat qilish kerak. Ammo, bir kun kelib odamlarni uylariga qaytarish kerak. Bu Mudofaa vazirligida muhokama qilinmoqda, bu arziydigan masala».
 
Rossiyaga ko‘plab qurol turlari yetishmayotgani haqida
 
«Maxsus harbiy operatsiya davomida ko‘p narsa yetishmayotgani ma’lum bo‘ldi. Bular yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar, aloqa vositalari, samolyotlar, dronlar va boshqalar. Bizda ular bor, afsuski, bizda ular miqdor jihatdan yetishmayapti. Bizda yil davomida asosiy qurol turlari bo‘yicha ishlab chiqarish 2,7 barobar, eng ko‘p talab qilinadigan sohalar bo‘yicha esa 10 barobar o‘sdi».
 
Ukraina hududida sanitar zonasini yaratish to‘g‘risida
 
«Albatta, chegarani mustahkamlashimiz kerak. Agar u yerga borsangiz, bu jarayon ketayotganini ko‘rishingiz mumkin. Bu juda tez bajarilmoqda. Bu vazifa hal bo‘ladi.
 
Ukraina tomonidan Rossiya chegaradosh viloyatlariga hujumlar bilan bog‘liq muammo bor. Bu, menimcha, qismlarimizni, kuchlarimizni chalg‘itish, shu tarafga yo‘naltirish, Ukraina Qurolli Kuchlarining ehtimoliy hujumi yo‘naltiriladigan hududlardan olib chiqish bilan bog‘liq. Biz buni qilishimiz shart emas, lekin, albatta, fuqarolarimizni himoya qilishimiz kerak. Chegaralar mustahkamlanganiga qaramay, Rossiya hududini Ukraina hududidan o‘qqa tutish ehtimoli saqlanib qolmoqda. Agar bu davom etaversa, biz o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi. Ukraina hududida shunday masofada qandaydir sanitar zonani yaratish kerak bo‘ladiki, u yerdan hududimiz bo‘ylab zarba berish imkonsiz bo‘lishi kerak. Bu alohida masala - men ertaga bu ishni boshlaymiz, demayman. Vaziyat qanday rivojlanishini ko‘rishimiz kerak».
 
Xususiy harbiy kompaniyalar maqomini qonunga muvofiqlashtirish zarurligi haqida
 
«Men Davlat Dumasi deputatlari va Mudofaa vazirligidan hamma narsani sog‘lom fikrga, o‘rnatilgan amaliyot va qonunga muvofiqlashtirishni so‘radim. Biz, albatta, odamlarni qandaydir noqulay ahvolga solib qo‘ymasligimiz kerak. Birinchidan, hamma, kim, qanday lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar, oldingi safda bo‘lishidan qat’i nazar, ularning barchasi Vatan himoyachisidir. Vatan ularning tayyorgarligi uchun to‘liq javobgar bo‘lishi kerak. Hamma teng holatda bo‘lishi kerak. Buning uchun qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarur».
 
G‘alla bitimi haqida
 
«Afsuski, biz yana bir bor aldandik - g‘allamizni tashqi bozorlarga yetkazib berishni liberallashtirish borasida hech narsa qilinmadi. Bu yuk tashish, sug‘urta, to‘lovlar, bizning Rossiya qishloq xo‘jaligi bankining SWIFT tizimiga ulanishi bilan bog‘liq. G‘arbliklar BMT rahbarligida bajarishi kerak bo‘lgan ko‘plab shartlar bor edi. Hech narsa qilinmadi. Hozir bu «g‘alla bitimi»dan chiqish haqida o‘ylayapmiz».
 
Kuchsizlantirilgan uranli qurollar haqida
 
«Rossiyada ham bunday qurollar bor. Bunda ogohlantirib o‘tirish ham shartmas. Agar ular quroldan foydalansa, biz ham bunday quroldan foydalanish huquqini saqlab qolamiz. Ular bizda mavjud, ammo biz foydalanmaymiz. Undan foydalanish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi, lekin biz bunga qodirmiz».
 
Tinchlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan muzokaralar haqida
 
«Biz hech qachon Ukrainada tinchlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan muzokaralarni o‘tkazishdan bosh tortganimiz yo‘q. Umuman olganda, G‘arbning yondashuvi shundayki, Ukraina manfaatlariga rioya qilish zarur. Ular muammoni hal qilish kaliti o‘zlari tomonida ekanini tushunishadi. Agar ular haqiqatan ham hozirgi mojaroning barham topishini istasa, faqat bitta qaror qabul qilishi kerak – Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish».
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin Ukrainadagi urush, Kaxovka GES, safarbarlik, xususiy harbiy kompaniyalar va g‘alla bitimi haqida nimalar dedi?
ePN