15:36 / 18.06.2023
319

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi g‘alabasi: Rossiya buni qabul qiladimi?

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi g‘alabasi: Rossiya buni qabul qiladimi?

Foto 001. Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashmoqda.
Foto: Mixail Metsel / TASS

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi harbiy mojarolarga nuqta qo‘yilib, hammasi uzoq kutilgan sulh shartnomasiga qarab ketmoqda. Kavkazorti respublikalaridagi vaziyat «bo‘lib tashla va hukmronlik qil» tipik imperiyacha siyosatning qonuniyatlarga asoslangan natijasi bo‘lib turibdi.

Ham G‘arb davlatlarida, ham Sharqda bo‘lib o‘tgan bir necha muzokaralardan so‘ng Ozarboyjon va Armaniston nihoyat umumqamrovli, chinakam tarixiy sulh shartnomasi imzolashga juda yaqin kelishdi. So‘nggi marta Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Moskvada uchrashishdi va Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi doirasida kichikroq muloqot o‘tkazishdi. Garchi Ozarboyjon YeOII a’zosi bo‘lmasa ham, Aliyevni tadbirga chaqirishdi.

Rossiya OAV, jumladan, Kremlda o‘tgan bu uch tomonlama muzokaralarni batafsil yoritgan «Vedomosti» gazetasi rossiyalik tomoshabinlar va mushtariylarda go‘yoki poshshoning yerlaridagi knyazlar avvalgi davrlardagidek oqposhshoga bosh urib kelganidek taassurot yo‘qolmasligi uchun vaziyatni shunday tasvirlashga o‘tishdi. Hammasi u zoti oliylarining xayrixohligini qozonish, go‘yoki buyuk bir insonni o‘z foydasiga og‘dirish uchundek.

Aslida, ishlar bu da’volarga butunlay qarama-qarshi ko‘rinishda. «Vedomosti» gazetasi masalan, Putin o‘sha yig‘ilishda Moskvaga kelgani uchun Aliyevga tashakkur bildirgani haqida yozgan. Bu tasodif emas, Aliyevning tashrifi o‘zidan ham ko‘ra Putinga ko‘proq zarur edi, chunki Kremlning Kavkazorti ishlariga ta’siri endilikda agar nolga teng bo‘lmasa ham, shunga yaqin.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev. Foto: Mixail Metsel / TASS. kremlin.ru

Gap shundaki, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi imzolanishi muhokama bo‘layotgan sulh shartnomasi Yerevanning Qorabog‘ga tarixiy da’vosidan voz kechishni taqozo etish bilan birga, Moskvaning Kavkazortida qaqshatkich mag‘lubiyatga uchraganini ham bildiradi.

Ozarboyjon uchun bu shartnomaning imzolanishi 2020 yil kuzidagi Ikkinchi Qorabog‘ urushida uning to‘liq g‘alabaga erishgani va ulkan tashqi siyosiy muvaffaqiyatni anglatadi.

Armaniston uchun, birinchi navbatda uning ayni paytdagi hukumati uchun bu shartnoma murakkab sinov bo‘lishi mumkin. Hozircha Pashinyan va uning partiyasi shartnoma imzolangach mamlakatdagi hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qola oladimi-yo‘qmi, bunisi noma’lum. Moskva jon-jon deb armanlarga hukumatga qarshi namoyishlar o‘tkazishni tashkillashtirish yoki shunday namoyishlarni qo‘llashga urinishi mumkin, biroq bu o‘yinlarning istiqbollari baribir shubhali. Albatta, armanlarning ko‘pchiligi Qorbog‘ni o‘zlariniki deb hisoblashadi, lekin uning uchun qon to‘kish istagida yonayotgani yo‘q. Putin esa hozir Boku va Anqaraning mustahkam koalitsiyasiga qarshi urush qila oladigan holatda emas, deb yozadi jurnalist Aleksandr Jyelenin.

Nega Kreml uchun Ozarboyjonning g‘alabasi mintaqada qaqshatkich geosiyosiy mag‘lubiyatni anglatadi?

Eslatib o‘tamiz, Armaniston Rossiya yetovidagi KXShT bloki a’zosi va u urushda yutqazdi, KXShT esa (mohiyatan Rossiya) unga yordam qo‘lini cho‘zmadi. Bu yerda o‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi — unda bu ittifoq o‘zi nega kerak? Bejiz Pashinyan Moskvadagi uchrashuv oldidan mamlakati KXShTni tark etishga tayyorligi haqida baralla gapirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu blokka a’zolik Armanistonga boshqa davlatlardan qurol-yarog‘ xarid qilishga xalaqit beradi. Ehtimol, qisman shundaydir ham, lekin bu asosiy sabab emas. Chunki Armaniston aynan Ozarboyjon bilan urushda juda katta umid qilib turganida ushbu blok mutlaqo foydasiz bo‘lgani ayon bo‘ldi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan. Foto: Mixail Metsel / TASS

Agar vaziyatga yuqoridan nazar tashlanadigan bo‘lsa, Kavkazortida bugun «bo‘lib tashla va hukmronlik qil», degan sof imperiyacha siyosatning qonuniyatlarga asoslangan natijasiga guvoh bo‘lib turibmiz. Putin 20 yil mobaynida goh Bokuga tahdid qilib, goh Yerevanni Rossiya gazi uchun narxlarni oshirishi bilan shantaj qilib, arman-ozarboyjon mojarosining har ikki tarafiga qurol-yarog‘ sotib keldi, pirovard oqibatda Rossiyani Kavkazortida boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.

Hozir uning qo‘lida qolgan yagona narsa — o‘zidan har ikki tomonning manfaatlarini ko‘zlayotgan tinchlikparvar yasab, yomon o‘yinda yaxshi qurolni saqlab qolishga intilish. Ammo bu rol juda nochor, chunki 2020 yilning kuzidagi urushda Ozarboyjon g‘alaba qozongach, Putinda ushbu mintaqaga ta’sir o‘tkaza olishga izn beradigan richagning o‘zi qolmadi. Gyumridagi Rossiya harbiy bazasi ham, Armanistonning KXShTga a’zoligi ham Yerevanga o‘sha urushda yordam bera olgani yo‘q. Boz ustiga, bularning barchasi Ukrainaga keng miqyosli bosqin yuz bermagan paytda sodir bo‘lgan edi. Hozirni-ku, asti gapirishga hojat yo‘q.

Albatta, Putinda o‘zini oqlash uchun doim vaj topiladi. Ya’ni «2020 yildagi urushga aralashmasdan, Armanistonga yordam qo‘lini cho‘za olmaganimizga sabab KXShT (ya’ni, Rossiya) ning majburiyatlari faqat uning xalqaro tan olingan chegaralarini himoya qilish uchun amal qiladi, Tog‘li Qorabog‘ esa BMT tomonidan Ozarboyjonning hududi deb tan olingan», deyishi mumkin. Biroq, bu vaj mutlaqo soxta. Putinni qachon xalqaro tan olingan chegaralar to‘xtata olgan? Gurjiston bilan 2008 yildagi urush ham, Ukraina bidan 2014 va 2022 yildagi urushlarda ham ana shu xalqaro huquq urush boshlash uchun unga to‘siq bo‘la olmagan.

Aslida, 2020 yil sentabr-noyabr oylarida Qorabog‘ uchun Ikkinchi arman-ozarboyjon urushida Putinning «vazminligi» oddiy narsa bilan tushuntiriladi.

Ushbu voqeagacha yarim yil avval — o‘sha 2020 yilning fevral-mart oylarida Suriyaning Idlib shahri uchun janglarda Rossiya qo‘shinlarini tor-mor etgan kuchli turk armiyasi Ozarboyjon ortida turgan edi.

Turkiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda Suriyada 3 mingga yaqin rus harbiylari, 150 ta tanklar va boshqa zirhli texnikalar yo‘q qilingan.

Erdo‘g‘an o‘shanda 2014 yilda Boris Nemsov ukrainlarga bergan tavsiya — «boplab basharasiga tushirish»ni eplay olgan va bu ish bergan edi. Olti oy o‘tgach, Turkiyadan yana bir zarba qabul qilingan, bu safar Kavkaz ortida. Boz ustiga, Erdo‘g‘an o‘shanda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi harbiy harakatlarga uchinchi mamlakatning qo‘shilishi Anqaraning o‘z qurolli kuchlarini to‘liq hajmda harakatga keltirishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirib, gaplarining isboti sifatida F-16 qiruvchi samolyotlari eskadrilyasini Ozarboyjondagi harbiy aerodromga joylashtirgan edi.

Idlibdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Putinni uzoq ko‘ndirishga hojat qolmadi: kuch — u chindan ham hurmat qiladigan yagona narsa.

Vladimir Putin Ozarboyjon va Armaniston rahbarlari bilan uchrashuvdi. 2023 yil 25 may.
Foto: Ilya Pitalyov / «Rossiya segodnya» XAA

Mana shu sabablarga ko‘ra Rossiyaning Kavkazortidagi ta’sirini saqlab qolishga intilar ekan, Putin Qorabog‘ urushi g‘olibi Aliyev bilangina emas, mag‘lubiyatga uchragan Pashinyan bilan ham tilyog‘lamalik qilishga mahkum.

Boshqa nima qilsin? Arman-ozarboyjon mojarosini o‘ziga xos bo‘lgan yo‘l — intrigalar va harbiy yo‘llar bilan yechishga intilish Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari fonida mutlaqo imkonsiz. Faqatgina «tinchlikparvar» roli qolmoqda. Boz ustiga, boshqa rollar allaqachon taqsimlab olib bo‘lingan, hamma narsa usiz hal qilib bo‘lingan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarboyjonning Qorabog‘dagi g‘alabasi: Rossiya buni qabul qiladimi?
ePN