
Gruziyada Turkiya harbiy havo kuchlariga tegishli C-130 harbiy samolyotining qulashi butun mintaqani larzaga soldi. Mamlakat Ichki ishlar vaziri Gela Geladze ma’lum qilishicha, halokat joyidan 18 nafar qurbonning jasadi topilgan, yana ikki harbiy xizmatchini qidirish ishlari davom etmoqda.
“Samolyot bortdagi barcha 20 kishi bilan birga halokatga uchradi. Hozircha 18 nafarining jasadi aniqlandi, ikkitasi izlanmoqda. Biz turk hamkasblarimiz bilan doimiy aloqada ishlayapmiz”, — dedi Geladze bayonotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halokat Sighnaghi munitsipaliteti hududida, Gruziya–Turkiya chegarasidan 5 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Samolyotdagi harbiylar Turkiyaning rasmiy delegatsiyasi tarkibida bo‘lgani aytiladi.
Gruziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari voqea yuzasidan “havo transporti xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida insonlar o‘limiga sabab bo‘lish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atgan.
Hozircha halokatning aniq sababi ma’lum emas. Ayrim manbalar havo sharoiti yomonligi va texnik nosozlik ehtimolini bildirmoqda. Gruziya va Turkiya rasmiylaridan iborat qo‘shma komissiya fojiani o‘rganishni boshladi.
Bu hodisa oxirgi yillarda mintaqadagi eng yirik harbiy aviafalokatlardan biri sifatida qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.