date
views 322

Ikkita oilada ulg‘ayib, o‘xshash hayot kechirgan egizaklar

Ikkita oilada ulg‘ayib, o‘xshash hayot kechirgan egizaklar

Foto: alamy.com

Dunyoda ajabtovur hayot kechirgan insonlar juda ko‘p. Ayniqsa bir-biridan uzoqda yashab, o‘xshash hayot kechirgan egizaklar ham talaygina.

1979 yilda Ohayo shtatidagi gazetalardan birida ana shunday egizaklar haqida maqola e’lon qilinadi. Unda yozilishicha, egizaklar uch haftaligida ikkita oila tomonidan boqib olingan.

So‘ng ular bir-biridan bexabar holda bolalarning ikkalasiga ham Jim deb ism qo‘yishgan. Bu ikki egizak Jim Lyuis va Jim Springer edi.

Jim Lyuis va Jim Springer oradan 39 yil o‘tgach topishadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, har ikki egizak qariyb bir xil hayot kechirgan ekan.

Egizaklar tarixi

1940 yilda Amerikaning Ohayo shtati Pikva shahrida yashovchi 15 yoshli qiz egiz farzandlarni dunyoga keltiradi. Bolalarning ikkalasi ham o‘g‘il edi. Qiz bolalarni boqa olmasligini bilib ularni qarovsiz qolgan bolalarni parvarishlash markaziga topshiradi.

Ko‘p o‘tmay bolalardan birini Ernest va Sara Springerlar oilasi olib ketadi. Oradan ikki hafta o‘tgach ikkinchi bolani Jyessa va Lyusil Lyuis oilasi farzandlikka qabul qiladi.

Lyuislar va Springerlar o‘zlari boqib olgan bolalarga Jim deb ism qo‘yadi. Shu tariqa egizlarning ikkalasi ham Jim deb ataladi va ikkita oilaga farzand bo‘lib, ikki tomonga ketib qolishadi.

Jim Lyuis va Jim Springer bolalikda

Har ikki oila bolalarni o‘ziga farzandlikka qabul qilayotganida markaz xodimlari ularning egizagi borligini aytishgan. Biroq ular buni ancha payt bolalardan yashirishgan.

Bolalar 1 yil 4 oylik bo‘lishganda Lyusil Lyuis okrug sudiga asrab olgan bolasining hujjatlarini olib ketish uchun borganda telefonda so‘zlashayotgan sudyaning gaplarini eshitib qoladi.

Sudya ikkinchi bolani asrab olgan Ernest va Sara Springer bilan gaplashayotgandi. Shu yerda Lyuis bolalarning ikkinchisini boqib olganlar ham unga Jim deb ism berishganini biladi va bu tasodifdan hayratlanadi.

Keyinchalik asrab olgan o‘g‘li 5 yoshga kirganida unga egizagi borligini aytadi. Shu tariqa, Jim Lyuis o‘z egizagi borligini bilib ulg‘ayadi. Biroq ancha vaqt o‘z egizagini qidirishga hafsala qilmaydi.

Ikkinchi egizak Jim Springer esa o‘z egizagi borligini bilmay o‘sadi. Chunki ota-onasi unga egizagi yoshlikda vafot etganini aytishgandi.

Bolalarni asrab olgan ikkala oila ham egizaklarning onasi bilan hech qachon muloqot qilishmaydi. Ona ham bolalarini ko‘rish uchun harakat qilmaydi.

Egizaklarning topishishi

Jim Lyuis 39 yoshga kirganida o‘z egizagini qidirib topishga qaror qiladi. U eng avval qarovsiz qolgan bolalar parvarish qilinadigan markazga boradi va u yerdan kerakli ma’lumotlarni ololmaydi.

So‘ng o‘zi va egizagiga tegishli qarorni chiqargan sudga murojaat qiladi va egizagini topishda yordam so‘raydi. Sud esa Jim Springerga maktub yo‘llaydi va uni egizagi qidirayotganini ma’lum qiladi. Maktubda Jim Lyuisning manzili va telefon raqami ham yozilgandi.

Oradan bir oy o‘tgach Jim Lyuisning telefoni jiringlaydi. Go‘shakni ko‘targanda notanish odam «Sen mening egizagimmisan?» deb savol beradi. Jim ko‘zda yosh bilan «Ha» deb javob beradi. Qo‘ng‘iroq qilayotgan Jim Springer edi. Oradan besh kun o‘tib egizaklar Jim Lyuis va Jim Springer uchrashadi.

«Esimda, Jim bilan uchrashuv joyini kelishib olganimizdan so‘ng bir necha kun o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay yurdim. Deyton shahriga uchrashuvga ketayotganimda men qattiq hayajonlanardim va barmoqlarim titrardi. Uchrashganimizdan birpas o‘tib hayajonim bosildi. Men juda xursand edim», deb eslagandi egizagi bilan uchrashuvni Jim Lyuis.

Jim Lyuis va Jim Springer 39 yoshda ilk topishgan payti

O‘xshash taqdirlar

Jim Lyuis va Jim Springer bir-biri bilan topishar ekan, ko‘p o‘tmay ularning nafaqat ismi, boshqa juda ko‘p narsalarda taqdiri bir xil kechganini bilishadi.

Jumladan, ular bir xil markali sigaret chekkan, ikkalasi ham Pepsi ichimligini yoqtirgan, havorang Chevrolet avtomobilini mingan, har doim Florida sohillaridagi bitta plyajga dam olishga borib turgan.

Egizaklarning ikkalasi ham migren kasalligidan aziyat chekkan va tirnoqlarini tishlab yurish odatlari bo‘lgan.

Tasodiflar shu bilan tugamaydi. Ma’lum bo‘lishicha, egizaklarni asrab olgan har ikki oilaning o‘g‘il farzandi bo‘lgan va ularning ismlari ham bir xil – Larri deb atalgan. Har ikki Larrining bolaligida Toy laqabli itlari bo‘lgan.

Maktabda egizaklarning ikkalasi ham matematikani ishtiyoq bilan o‘qishadi, imlolari esa xunuk bo‘ladi. Ulg‘aygach ularning ikkalasi ham Linda ismli qizlarga uylanishadi.

Bir necha yildan keyin ularning ikkalasi ham ajrashadi va ikkinchi marta oila qurishadi. Tasodifni qarangki, ular bu safar uylangan har ikki qizning ismi Betti bo‘ladi.

Egizaklarning ikkalasi ham o‘g‘il farzand ko‘rgan va ularga qariyb bir xil ism qo‘yishgan – Jyeyms Alan va Jyeyms Allan (Bitta l harfi farq qiladi). Ularning ikkalasi ham sherif yordamchisi bo‘lib ishlashgan. Duradgorlik, chizmachilik va husnixat bilan shug‘ullanishgan.

«Ikkalamizga ham nimadir muhim narsa yetishmaganday bo‘lib kelgan. Uchrashganimizdan so‘ng shu bo‘shliq yo‘qoldi va xotirjam bo‘ldik», degandi keyinchalik Jim Spinger.

Jim Springer va Jim Lyuisni faqat ikki xil soch turmagi ajratib turgan. Ulardan biri sochini peshonasiga tushirib yurgan, boshqasi orqaga qarab tarab yuradi.

Tajriba

1979 yilda egizaklar qayta topishgach Ohayo shtatida chiqadigan gazetalardan birida ular haqida maqola e’lon qilinadi. Ko‘p o‘tmay egizaklar haqida boshqa gazetalar ham yozib chiqishadi.

Shundan so‘ng ularning taqdiri genetika bilan shug‘ullanuvchi olimlarni qiziqtirib qo‘yadi. Minnesota universitetida ishlovchi ruhshunos olim Tomas Busher Jim Lyuis va Jim Springerdagi irsiyatning shaxsiyat, qiziqishlar va intellektual rivojlanishga ta’sirini o‘rganish uchun ularni o‘zi ishlayotgan Minnesota universitetga chaqiradi.

Lyuis va Springer 1979 yil mart oyida Minneapolisga Busherning oldiga kelishadi.

«Biz universitetda bir hafta qoldik va bu vaqt davomida bir qator sinovlardan va testlardan o‘tdik. Olimlar qon tahlillarini o‘tkazishdi. Rentgenogramma qilishdi. U sinovlar davomida akam bilan men alohida xonalarda o‘tirdik, umuman muloqot qilmadik», degan edi Jim Springer sinovlar tugaganidan so‘ng.

Egizaklar Busher bilan birga

Olim egizaklarni ikkita xonaga kiritib sinovni boshlar ekan, ularga xayoliga kelgan narsaning suratini chizishni so‘raydi. Taajjublanarlisi egizaklarning har ikkalasi bitta narsani chizadi.

«Ushbu tajriba videotasvirga yozib olingan. Bizni alohida xonaga o‘tqazishni va xayolimizga nima kelsa o‘shani chizishni so‘rashdi. Men odamni, tananing konturlarini chizdim. Ular shunchaki xayolimga kelgandi. Tasavvur qiling-a, Jim xuddi shu narsani chizibdi! U boshqa narsani, masalan uyni yoki mashinani tasvirlashi mumkin edi.  Ammo ikkalamiz bir xil narsani chizganmiz», degandi Jim Springer.

Jim Springer universitetda o‘tkazilgan yana bir sinovni eslaydi. Olimlar egizaklarga bir xil rasmni ko‘rsatadi va ular asosida hikoya yozishni so‘rashadi.

«Ular bizga ko‘rsatgan suratga asoslanib hikoya yozishimizni so‘rashdi. Hikoyaning kirish qismi, hodisalar rivoji va yakuni bo‘lishi kerak edi. Hikoyani yozib bo‘lib topshirganimizdan so‘ng ikkalamiz ham uni bir xil yozganimiz ma’lum bo‘ladi. Hikoyadagi voqealarni rivojlantirish uchun ko‘plab variantlar mavjud edi. Biroq biz bir xil yo‘ldan ketganmiz», deydi Springer.

Busher egizaklarni sinovdan o‘tkazayapti

«Agar men egizaklarni ko‘rmaganimda va ular haqidagi hikoyani o‘zidan emas, boshqalardan eshitganimda, ikki kishining hayotida bunchalik ko‘p o‘xshashlik bo‘lishiga ishonmasdim», deydi Bushar.

Ko‘p o‘tmay Bushar egizaklar ustida o‘tkazilgan sinov natijalarini e’lon qilganda ular nafaqat olimlarni, balki yirik ommaviy axborot vositalarini ham hayratda qoldiradi.

Shundan so‘ng AQShdagi ko‘plab telekanal, gazeta va jurnallar Lyuis va Springerdan intervyu olish va ular hayotining noyob tafsilotlarini bilishga harakat qilishadi.

Jim Lyuis va Jim Springer haqidagi xabar shov-shuv bo‘lar ekan, Bushar boshchiligidagi olimlar egizaklar hayotini tadqiq qilish dasturini tuzishadi. So‘ng boshqa egizaklar ustida ham tadqiqotlar o‘tkaza boshlashdi.

Jumladan, 1979 yildan 1999 yilgacha 137 nafar egizaklarni sinab ko‘radi. Sinovlardan so‘ng egizaklarning xarakteri va boshqa odatlari 50 foiz gen tufayli, qolgani ular o‘sayotgan muhitiga bog‘liq ekani ma’lum bo‘ladi.

Oradan sakkiz yil o‘tgach, 1987 yilda Lyuis va Springer yangi tadqiqot uchun Minneapolisga qaytib kelishadi. Bu safar Busher boshchiligidagi olimlar egizaklarning yoshi keksaygan sari ular qanday o‘zgargani va bu o‘zgarishlar Lyuis va Springerda bir xil tarzda kechdimi, yo‘qmi shu bilan qiziqishadi.

Bu vaqtga kelib, ularning hayotida jiddiy o‘zgarish bo‘lmagandi. Egizagi bilan topishgandan so‘ng Jim Springer xotini bilan ajrashib, uchinchi marta uylangandi xolos.

Jim Lyuis o‘zini boqib olgan onasi Lyusil va egizi Jim Springer bilan / Foto: alamy.com

Xotima

Egizaklar topishgandan so‘ng Jim Lyuis va Jim Springer tez-tez uchrashib turishadi. Ular hozir 83 yoshda (egizaklar 2020 yilda ham tirik bo‘lishgan, ularning vafot etgani haqida ma’lumot topilmadi).

Jim Lyuis Elis shahrida, Jim Springer esa Deyton shahrida yashaydi. Ular keksayib qolgan bo‘lishlariga qaramasdan hanuzgacha tez-tez diydorlashib turishadi.

«Biz bir-birimizni o‘rganishga vaqt ajratmaymiz. Atrofdagilar buni qoyillatib bajarishmoqda», deydi Jim Lyuis hazillashib.

Egizaklar mashhur bo‘lgandan so‘ng ularni turli telekanallar tez-tez ko‘rsatuvlarga chaqirib turishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ikkita oilada ulg‘ayib, o‘xshash hayot kechirgan egizaklar