date

Berdiyev “Al Vahda”ga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoaga tanqidiy baho berdi

Berdiyev “Al Vahda”ga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoaga tanqidiy baho berdi

Qarshidagi “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tgan Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 4-tur uchrashuvida “Nasaf” jamoasi BAAning “Al Vahda” klubiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bellashuvda Sardor Bahromovning sog‘lom irodasi bilan kiritgan goli ham jamoani mag‘lubiyatdan qutqara olmadi. O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jamoaning holati, mag‘lubiyat sabablari va kelgusi rejalar haqida fikr bildirdi, deb yozdi championat.asia.

Tajribali murabbiy so‘zining avvalida o‘yinning og‘ir kechishi haqida to‘xtaldi:

“Bu bahsning og‘ir bo‘lishi avvaldan ma’lum edi. Biz jismoniy jihatdan ham sinovli bosqichdamiz. Yigitlar bor kuchini maydonda qoldirdi, ammo ba’zi vaziyatlarda charchoq o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Himoyadagi ikki standart holatda raqibga imkoniyatni berib qo‘ydik va bunday o‘yinlarda bu darhol jazolanadi. Bu — diqqatsizlik natijasi. Albatta, tahlil qilib chiqamiz, xatolarni bartaraf etish zarur.”

Berdiyev shuningdek, darvozabon Abduvohid Ne’matov haqida ham fikr bildirdi:

“Abduvohid yaxshi darvozabon, lekin unga nimadir ta’sir qilyapti. Bu bosimmi yoki raqobatning yo‘qligimi — aniq ayta olmayman. Biroq faqat uni ayblash to‘g‘ri emas. Mag‘lubiyatda hamma birdek javobgar. Chunki futbol — jamoaviy o‘yin. Bir kishining xatosi butun jamoa natijasiga ta’sir qiladi. Biz bu haqda o‘ylab ko‘ramiz.”

Murabbiy jamoaning xalqaro maydondagi imkoniyatlari haqida ham fikr bildirdi:

“Elit OCHLdagi har bir bahs biz uchun katta tajriba. Achinarlisi, to‘rtta tur o‘tdi, ammo ochko yo‘q. Bu bizga xulosa chiqarish uchun signal. Osiyoda o‘z so‘zini aytish uchun ikki barobar kuchli legionerlar kerak. Bu yerda raqobat darajasi juda yuqori, kuchli tarkibsiz natijaga erishib bo‘lmaydi. Lekin yaxshi legioner topish oson emasligini ham tan olish kerak.”

Jurnalistlar orasida milliy chempionat haqida savol berganlar ham bo‘ldi. Berdiyev esa bu savolga javob berishdan oldin o‘ziga xos tarzda izoh berdi:

“Hozir biz xalqaro musobaqadan keyingi matbuot anjumanidamiz. Shuning uchun milliy chempionat haqida gapirishni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Ammo shunga qaramasdan, aytaman — “Nasaf” hali ham eng yaxshi imkoniyatga ega. Chempionlik uchun kurashdan chekinmaganmiz va hech qachon ham bunday niyatdan voz kechmaymiz. Hozir qiyin bosqichdamiz, lekin aynan shunday paytlarda jamoaning xarakteri namoyon bo‘ladi.”

“Nasaf” jamoasi hozirgi holatda to‘rtta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Berdiyev so‘zlaridan jamoa ruhi sinmaganini ko‘rish mumkin. Uning fikricha, har bir mag‘lubiyat tahlil va rivoj uchun saboq bo‘lishi kerak.

Muxlislar esa jamoadan keyingi turlarda tiklanish va kuchli qaytishni kutmoqda. Qarshi shahridagi “Markaziy” stadion yana “ajdarlar”ning g‘alabali onlariga guvoh bo‘ladi, degan umid katta.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Berdiyev “Al Vahda”ga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoaga tanqidiy baho berdi