Foto: AFP
«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi butun G‘arb matbuotida muhokama qilinmoqda. Jurnalistlar va ekspertlarni alohida qiziqtirgan savollardan biri: uning o‘limi Rossiyaning Afrikadagi ishtirokiga qanday ta’sir qilishidir.
Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan Rossiyaga kiritilgan qattiq xalqaro iqtisodiy sanksiyalar va siyosiy ihotalanish fonida Kreml Afrika davlatlarida o‘z ta’sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
So‘nggi yillarda «Vagner» ushbu qit’ada Rossiya manfaatlarini himoya qilishda muhim rol o‘ynadi.
Yollanma askarlar kompaniyasi shaxsiy tarkibi Liviya, Sudan, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Mozambik, Burkina-Faso va Niger kabi mamlakatlarga kiritildi.
Ular Kreml uchun foydali bo‘lgan inqiloblar va to‘ntarishlarni qo‘llab-quvvatlash kabi qurolli vazifalarini bajaradi. Xalqaro tashkilotlarning aytishicha, bu mamlakatlarda vagnerchilarning tinch aholiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganiga oid ko‘plab dalillar mavjud.
Bundan tashqari, harbiy to‘qnashuvlarni o‘rganish bo‘yicha britaniyalik mutaxassis Mayk Martinning ta’kidlashicha, vagnerchilar afrikalik qochqinlarning Yevropaga marshrutlarining katta qismini nazorat qiladi.
Bularning barchasi Prigojinning «Vagner» kompaniyasini Vladimir Putinning Afrika siyosatidagi kuchli dastagiga aylantirdi, ammo rejalashtirilgan suiqasdga o‘xshayotgan Prigojinning o‘limi barchasini o‘zgartiradi.
Putin nazoratsiz qolgan yollanma askarlar bilan o‘zaro munosabatlarning yangi formatini topa oladimi, vagnerchilarning o‘zi Kreml ixtiyorida qolishni xohlaydimi? Agar yo‘q bo‘lsa, Rossiya Afrikadagi ta’sirini qanday saqlab qoladi?
Yangi yuz olib chiqiladimi?
Brukings institutining strategiya va xavfsizlik bo‘yicha eksperti Vanda Felbab-Braunning fikricha, Vladimir Putin «Vagner» bo‘linmalarini Afrika va Yaqin Sharqda saqlab qolishni istaydi, lekin Yevgeniy Prigojinga (yoki uning xotirasiga) sodiqlikni zaiflashtirish va Kreml bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash uchun uning boshqaruv tuzilmalarida keng ko‘lamli tozalashni amalga oshiradi.
«Putinni qoniqtiradigan vagnerchilarning Rossiya va Ukrainadagi faoliyatini qayta tashkil qilish quyidagicha ko‘rinadi: shaxsiy tarkibning bir qismini Rossiya qurolli kuchlariga o‘tkazish, qolganlarini qisman qurolsizlantirish, ularga yarim mustaqil maqomda, ammo yangi rahbariyat ostida harakat qilish erkinligini berish. Bunday usul Prigojinning yollanma askarlar safidagi obro‘sini minimallashtirishga yordam beradi», degan Felbab-Braun Prigojinning iyun oyidagi muvaffaqiyatsiz isyonidan so‘ng CNN telekanaliga bergan intervyusida.
Surishtiruvchi jurnalist va Bellingcat loyihasi asoschisi Xristo Grozevning fikricha, Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) generali Andrey Averyanov Rossiyaning Afrika yo‘nalishidagi yangi vakillaridan biriga aylanishi mumkin.
Grozevdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Averyanov GRUning butun dunyo bo‘ylab maxfiy operatsiyalarini, jumladan, «Novichok» bilan zaharlashlar, portlashlar va boshqa suiqasdlarni boshqaradi. «Uning xizmatlari orasida Skripallarga nisbatan uyushtirilgan suiqasd ham bor», deb yozadi Grozev.
U, shuningdek, Averyanov Prigojinni yo‘q qilishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.
Xristo Grozev 2023 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan «Rossiya-Afrika» sammitida Putin tomonidan general Averyanovning Afrika davlatlari delegatsiyalariga tanishtirilganiga e’tibor qaratgan. Bu unga ma’lum rol yuklanganidan dalolat beradi.
21 avgust kuni Prigojin so‘nggi bor Afrikada turib videomurojaat yo‘llagandi.
Foto: PMC Wagner / Telegram / Reuters / Scanpix / LETA
«Vagner» = Prigojin
Boshqa kuzatuvchilar fikricha, Prigojinsiz «Vagner»ni saqlab qolib bo‘lmaydi. Gap nafaqat uning tuzilma ichidagi shaxsiy obro‘sida, balki kompaniyaning, ayniqsa Afrika va Yaqin Sharqdagi faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridadir.
«Vagner»ning Afrika imperiyasining katta qismi dezinformatsiya operatsiyalari, bulutli tijorat manfaatlari va qo‘pol yollanma ishga asoslangan bo‘lib, Prigojinning o‘zi va uning sheriklarining shaxsiy yarim bandit aloqalariga tayangan», deb yozadi Guardian siyosiy sharhlovchisi Piter Bomont.
«Kreml, albatta, Afrika yetakchilarini ishontirishga harakat qiladi, ayniqsa, harbiylar hukmron bo‘lgan mamlakatlarda. Lekin aynan Prigojin harbiy dala qo‘mondonlari, harbiy to‘ntarishlar tashkilotchilari, korrupsion siyosatchilar va bizneslar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatgan», deya qo‘shimcha qiladi Bomont.
«Bu mutlaqo boshqa darajadagi ishtirok va imkoniyatlar», deya hisoblaydi jurnalist.
«Vagner» Yevgeniy Prigojindan ajralmas birlik va shunga ko‘ra, biz hozirgacha bilgan yollanma askarlar kompaniyaning tugashiga guvoh bo‘lamiz», deydi Boment va uning maqolasidagi ekspertlar.
«Rossiya Afrikada» kitobi muallifi, britaniyalik siyosatshunos Samuel Ramani «Vagner» asoschisi va kompaniya komandiri Dmitriy Utkin ham Prigojin bilan birga halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tgan.
Ramani Utkinning o‘limini (agar tasdiqlansa) tashkilot asoslarini butunlay o‘zgartiradigan seysmik ko‘lamdagi hodisa deb atagan.
«Vagner»ni almashtirish bo‘yicha uzoq yillik reja
Vagnerchilarning Rossiyadan tashqarida va ayniqsa, Afrikadagi roli borasidagi yana bir versiya shundan iboratki, Kreml allaqachon ularning xizmatlaridan voz kechishga qaror qilgan.
BBC nashrining xavfsizlik bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner «Vagner»ga yaqin manbalarga tayanib yozishicha, bir muncha vaqt oldin GRU harbiy razvedkasi oldiga Afrikadagi «Vagner» kontingentining katta qismini boshqa yollanma jangarilar guruhi bilan almashtirish rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.
Yevgeniy Prigojin bunga qattiq qarshilik ko‘rsatgan va uning atrofidagilarning so‘zlariga ko‘ra, u bir necha kun oldin Malidan Rossiyaga hech kimni bunday o‘zgartirishlarga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘ndirish uchun kelgan.
Shunday qilib, Tver yaqinidagi samolyot halokati «Vagner» kelajagini butunlay Vladimir Putin qo‘lida qoldiradi.
BBC sharhlovchisi fikricha, endi Kreml oldida yana bir muammo paydo bo‘ladi: «bir necha mamlakatlar bo‘ylab tarqalib ketgan, halok bo‘lgan rahbariga astoydil sodiq bo‘lgan va Rossiya armiyasi rahbariyatidan nafratlangan 25 ming jangchi bilan nima qilish kerak?»