Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti eronlik huquq himoyachisi, ayollar huquqlari uchun kurashayotgan va mamlakat hukumati tomonidan qamoqqa tashlangan Nargis Muhammadiyga berildi.
Ayollar huquqlarini himoya qilgan va mamlakat hukumati tomonidan qamalgan eronlik huquq faoli Nargis Muhammadiy 2023 yil uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi. Oslodagi Nobel qo‘mitasi o‘z qarorini 7 oktyabr, juma kuni e’lon qildi.
2022 va 2021 yillarda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari
2022 yilda Nobel mukofoti Rossiya, Belarus va Ukraina huquq himoyachilariga berildi: Rossiyaning «Memorial» inson huquqlari jamiyati, Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi va Belarusning «Vesna» inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiyga.
2021 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlaridan biri «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov edi. U bilan birga mukofot filippinlik jurnalist Mariya Ressaga topshirildi. Muratov va Ressa «demokratiya va matbuot erkinligi tobora noqulay sharoitlarga duch kelayotgan dunyoda» ushbu ideal uchun kurashayotgan barcha jurnalistlar vakili», deya ta’kidlagan qo‘mita. Muratov tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uchinchi rossiyalik bo‘ldi. Undan oldin u fizik va huquq himoyachisi Andrey Saxarovga va SSSRning yagona prezidenti Mixail Gorbachyovga berilgan edi.
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti
Tinchlik bo‘yicha mukofot, Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra, «xalqlarni birlashtirish va faol armiyalar sonini kamaytirish, shuningdek, tinchlik kongresslarini o‘tkazish va ularga e’tiborni jalb qilishda eng katta muvaffaqiyatga erishgan yoki boshqalardan ko‘proq ish qilgan shaxsga beriladi».
Tinchlik uchun Nobel mukofoti birinchi marta 1901 yilda berilgan. Uning laureatlari Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi asoschisi, shveysariyalik tadbirkor va jamoat arbobi Anri Dyunan hamda «Tinchlik va erkinlik ligasi» patsifistik tashkiloti asoschisi, fransuz siyosatchisi Frederik Passi bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!