Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroilda yadro quroli borligini tekshirishga chaqirdi. Xo‘sh, bu chaqiruv nimani anglatadi, Isroilning yadro quroli borligi tasdiqlanishi mintaqadagi kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir qiladi?
Kun.uz G‘azodagi urush haqidagi tahliliy suhbatlaridan navbatdagisida HAMAS harakati va arab dunyosi o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, Isroilning yadro dasturi haqida so‘z yuritildi. Suhbatdoshlar – Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspertlar Farhod Karimov va Shavkat Ikromov.
— HAMASga nisbatan arab davlatlarida qanday munosabat shakllangan, munosabatning tarixiy ildizlari va sabablari nima?
Farhod Karimov: Arab dunyosida HAMASga nisbatan munosabat shakllanishida asosiy omil qo‘llash yoki qo‘llamaslik masalasi bo‘lgan. Falastinning o‘zi ikkiga – FATH va HAMASga bo‘lingan. Mintaqa davlatlarining ko‘pi FATHni qo‘llagani uchun HAMAS o‘ziga tashqaridan homiy izlagan, shuning uchun “Hizbulloh”, Eron bilan hamkorlik qilgan. Arab davlatlari keyinchalik ham HAMASni qo‘llashni istamagan. Bu narsa ikki tashkilot xarakteri bilan ham bog‘liq. FATH bosiqlik bilan ish yuritishni tanlaydi, HAMAS esa kuch ishlatishni.
HAMASning o‘zi ham arab davlatlari bilan munosabatlarni unchalik tan olmagan, ularning G‘arb va Isroilga yaqinligini kechirolmagan, desak ham bo‘ladi. FATH esa doimiy ravishda mintaqa davlatlari va boshqalar bilan muloqotda bo‘lib, muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga uringan.
Shavkat Ikromov: HAMAS harakati faollashuviga qadar Falastinda Musulmon birodarlar va Ad-Jihod harakatlari bor edi. Ularning maqsadi islom xalifaligi tashkil qilish edi va shu orqali Isroilga qarshi kurashmoqchi edi. Isroil 1987 yilga qadar bunday guruhlar bilan diplomatik kelishuvlar qilishga harakat qilgan. Bu diplomatiyadan maqsad – Falastin ozodlik tashkilotining Isroilga qarshi rejalariga qaysidir ma’noda javob berish edi. Ammo bu ikki guruh ham mintaqada o‘z pozitsiyasini ushlab turolmadi.
HAMASning 36 boblik dasturi bor. Jihod shiori ham bor unda. Ular Isroilni tan olmagan holda, uning hududlarini qo‘shib olib, islomiy davlat tuzishlarini aytadi. Arab davlatlari bilan munosabat ham mana shu pozitsiyadan kelib chiqadi. HAMASga, ya’ni G‘azoga yaqin joylashgan arab davlatlari HAMAS bilan muloqotda ehtiyotkor bo‘ladi va uni qo‘llamaslikka harakat qiladi. HAMASdan uzoqdagi arab davlatlari, ya’ni Saudiya, Qatar kabi davlatlar uni qo‘llaydi. Qatar ochiqcha qo‘llaydi, Saudiya esa har xil diplomatik kanallar orqali qo‘llaydi.
Bahrayn, BAA davlatlari HAMASning harakatlarini qoralaydi. Chunki Isroil bilan katta iqtisodiy aloqalari, bundan tashqari, AQSHning katta imtiyoz va’dalari bor. Ammo oxirgi kunlarda BAAda ham, Bahraynda ham Isroilga nisbatan munosabat qattiqlashishi fonida HAMASga nisbatan pozitsiya biroz yumshaganini ko‘rishimiz mumkin.
Qatar HAMASni qo‘llaydi va o‘zining arab dunyosidagi mashhur “Al-Jazira” telekanalini HAMASga minbar sifatida taqdim etgan. Umuman, HAMAS va arab davlatlari munosabatlari juda chigal. HAMAS omili ayrim arab davlatlarini birlashtirayotgan bo‘lsa, ayrimlarini ayirmoqda.
— Arab davlatlarining Isroilni blokada qilishga qarshi qanday motivlar mavjud?
Shavkat Ikromov: Blokada masalasida ham ikkiga bo‘linishdi. O‘zi arab davlatlari haqida mashhur bir jumla bor: “Arab davlatlari hech qachon kelishmaslikka kelishib olishgan”.
Isroilni blokada qilish – uzoq vaqtli va amalga oshirish qiyin bo‘lgan narsa. Barcha arab davlatlarining Isroil va uning homiysi bo‘lgan AQSH bilan bir qator kelishuvlari borki, bular blokada sabab buziladi. Masalan, Misr blokadaga qo‘shilmasligi aniq, chunki Misrning hozirgi hokimiyatini tutib turuvchi asosiy kuch AQSH hisoblanadi. Saudiyaning ham qo‘shilmasligi ehtimoli yuqori, chunki AQSH bilan katta iqtisodiy loyihalari bor.
Yuqorida aytganimdek, yaqinlik darajasiga qarab davlatlar pozitsiyasi har xil. Masalan, Marokash, Yaman kabilar blokadani qo‘llaydi, o‘zlari chaqiriqlar qiladi. Ular mintaqadan uzoqda bo‘lgani uchun u yerdagi inqiroz kuchli ta’sir qilmaydi ularga. Iordaniya, Suriya, Livan kabi chegaradosh davlatlar blokada masalasida ehtiyotkor, milliy xavfsizligiga ta’siri bo‘lishi mumkin.
Arab davlatlari 70-yillarda neft inqirozini keltirib chiqara olganini yaxshi bilamiz. Shu kabi variantlar ham aytilyapti. Ammo bu juda qiyin, undan beri dunyo yangilandi, munosabatlar o‘zgardi. Shuning uchun blokada masalasi uzoq vaqtli va chigal masala hisoblanadi. Asosiysi, birlikka erishish qiyin.
— Erdo‘g‘an Isroilning yadro quroli mavjudligini tekshirish kerakligini aytdi. Isroilda ushbu qurol mavjud bo‘lishi mumkinmi? Bu yangi yadro poygasini keltirib chiqarmaydimi?
Farhod Karimov: Rasman yadro qurollari bor bo‘lgan davlatlar ro‘yxatga olingan va MAGATE tashkiloti bu qurollarni nazorat qilib boradi, boshqa komissiyalar ham bor bu bo‘yicha. Tahlilchilar orasida Isroilda yadro quroli bor-yo‘qligi masalasida “hamma biladigan katta sir” degan qarash bor.
Infratuzilma nuqtayi nazaridan Isroilda yadro quroli yaratish uchun barcha imkoniyatlar bor. Atom va yadro bilan ishlash, uranni boyitish va qurolni saqlash bo‘yicha yaxshigina infrastrukturasi bor. Shuncha imkoniyati bo‘la turib, shulardan foydalanmaganmikan, degan tabiiy savol tug‘iladi, albatta.
Isroil mintaqada arab-musulmon sivilizatsiyasi o‘rtasiga tushib qolgan. Shu sababli o‘zini himoya qilish, siyosiy vosita sifatida foydalanish uchun bu imkoniyatni G‘arb va AQSH taqdim etgan bo‘lishi mumkin. Erdo‘g‘an ham bu masalani endi ko‘tarayotgani yo‘q, oldin ham aytgan. Isroilga ta’sir o‘tkazish maqsadida aytildi bu gaplar. Bu yerda maqsad Isroil yadro quroli bor-yo‘qligini isbotlash emas. Harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun ta’sir choralari izlanyapti. Turkiyaning bu taklifi, albatta, qandaydir ma’lumotlarga tayanilgan.
Agar Turkiya taklifi bilan tekshiruv boshlansa, Isroilning G‘azodagi harakatlariga katta ta’sir o‘tkaziladi. Harbiy harakatlar butunlay to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Aytganimdek, bu yerdagi maqsad urushni to‘xtatish, yadro qurolini aniqlash emas.
Isroilda yadro quroli rasman aniqlansa, bu narsa dunyodagi vaziyatga ta’sir qilmaydi. Chunki aytganimdek, bu – “hamma biladigan katta sir”. Ya’ni ko‘pchilikda bu taxmin bor edi va dunyo bunga tayyor.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring