date
views 787

Frontdagi vaziyat: Ukraina urushning asosiy texnikasi - dronlar bobida yutqaza boshladi

Frontdagi vaziyat: Ukraina urushning asosiy texnikasi - dronlar bobida yutqaza boshladi

Ukrainalik zenitchilar dronlarga ov uyushtimoqda

Pilotsiz parvoz qurilmalari Ukraina urushining asosiy quroliga aylangan, bu esa qurolli to‘qnashuvlarning ko‘rinishi batamom o‘zgarganini bildiradi. Agar urushning birinchi yilida Ukraina dron yasashda ilgarilab ketgan bo‘lsa, endi Rossiya o‘z dron va radioelektron kurash vositalari, RQM/HHM tizimlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. G‘arb esa nozik texnologiyalarini Ukraina bilan bo‘lishishga shoshilmayapti.

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Front siljimayapti

Front chizig‘i ikki oydan buyon qimirlamay turibdi. Ukraina tomonining (Krinkida) va Rossiya tomonining (Avdiyivka shimoli va janubida) kuniga 220-300 metr ilgarilash kabi kichik muvaffaqiyatlari bir necha kun ichida raqib tomonidan yo‘qqa chiqarilmoqda. RF QKning yagona yaqqol muvaffaqiyati Aydiyivka sanoat zonasida o‘nlab binolarni egallab, shaharning janubiy chegarasiga kirib borgani bo‘ldi.

Bunday barqarorlik sababi, avval ta’kidlab o‘tilganidek pat vaziyati, dushmanning pozitsiyasi dronlar yordamida yaxshilab o‘rganilgani, har qanday keskin faollik artilleriya o‘qlari bilan yo‘q qilinayotganida. Masalan, Rossiya hisobotlariga ko‘ra, UQK Verbove yaqinida RF QK pozitsiyalariga yaqinlashishga urinib, tank va zirhli mashinalaridan ayrilgan. Boz ustiga, harbiy harakatlar maydoniga yog‘gan kuchli yomg‘ir har qanday texnikaning loyda botishiga olib kelmoqda.

Horlivka yangi qarama-qarshilik uchastkasi bo‘lishi mumkin edi. Bu yerda 20-21 noyabr kunlari UQK zirhli texnika yordamisiz piyoda bo‘linmalari bilan Rossiya pozitsiyalariga hujum qilib kirgan, biroq jang ukrainlar uchun omadsiz yakunlangan va jangchilar avvalgi pozitsiyalariga qaytishgan.

Frontning boshqa hududlaridan eng xavotirli signallar Sumi oblastidan kelmoqda. U yerda chegara oldidagi qalin o‘rmonlarda har ikki tomondan diversiya razvedka guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar faollashgan. UQK Rossiyaning chegara ustidan avtomatik nazorat qiluvchi tizimlarini yo‘q qilishga urinmoqda, RF QK o‘rmondagi UQKning tayanch punktlariga zarba bermoqda, bu yerda harakat qilayotgan ukrainalik harbiylarning kichik bo‘linmalarini yo‘q qiluvchi diversantlarni jo‘natmoqda. Ukrainaning ayrim norasmiy manbalarida tan olinishicha, UQK har kuni bu yo‘nalishda jangchilaridan ayrilmoqda.

Lekin urushning asosiy voqealari hozir yerda emas, dengizda emas, osmonda, qurollanish poygasida va diplomatik maydonda ro‘y bermoqda.

Rossiya yana Ukraina energiya obektlarini bombalamoqda

25 noyabr kuni tunda Rossiyaning Shahed tipidagi dronlarining Ukrainaga ommaviy yopirilishi so‘nggi ikki haftaning eng ovozi baland va yorqin havo urushi bo‘ldi. Garchi 75 ta drondan 71 tasi (plyus bitta raketa) urib tushirilgani iddao qilinayotganiga qaramasdan, urushdagi eng yirik, qarayb olti soat davom etgan zarbdor dronlar hujumi Kiyevda bitta yirik elektr ta’minoti liniyasi o‘chishi, Kiyev oblastida bir nechta liniya ishdan chiqishiga olib keldi. Bahordan buyon ilk bor ukrainalik energetiklar iste’molni cheklash haqida so‘z ochishdi.

Elektr energiyasi hammaga ham yetmasligi mumkinligi to‘g‘risidagi bayonotlar dronlar yopirilishidan avvalroq yangragandi. ⁠Ukraina energiya tizimi qahraton qishda yuklamaga dosh bera olmayapti, ularga zudlik bilan xorijlik hamkorlar yordami kerak. Lekin bu yordam ham muammoni tubdan hal qila olmaydi.

Shu sababli kuchli shamol va ob-havo harorati pasayishidan avval Rossiyaning yopirilma zarbasi muvaffaqiyatli chiqqanida katta ziyon yetkazishi mumkin edi. Bundan tashqari, zarba Golodomor (ocharchilik) qurbonlari xotirasi kunida, Kiyevga Shveytsariya va Latviya prezidentlari tashrif buyurgan kunda berildi.

Skyranger HHM tizimi. Foto: Wolpat / Wikipedia

Bu yopirilish faqat o‘z ko‘lami bilan e’tiborli emas. Rossiya dronlari qora tusdagi yangi ko‘rinishda parvoz qildi, bu esa ularni birinchidan, qorong‘i osmonda ko‘zga tashlanmaydigan qilgan bo‘lsa, ikkinchidan radarlardan ham yashira olgan. Ukraina tomoni ham yangilikni ishga soldi — nemislarning Skynex yoki Skyranger havo hujumidan mudofaa tizimi Kiyevga o‘rnatildi. Uning jangda qo‘llanishi haqida The Sun nashri Reuters bilan birgalikda videoreportaj tayyorladi.

Hozircha YeIning birorta davlatida ham yo‘q bo‘lgan kompleks tunda Shahed dronlarining ehtimolli uchib o‘tish zonasida vaqtga qarab o‘ziga xos «salyut» ko‘rinishida yoriluvchi snaryadlar uchirgan. Ikkinchi jahon urushi davrida HHM artilleriyasi xuddi shu prinsipda ishlagan.

Ukraina oblastlari uzra dronlar uchib o‘tgan joylarda yo‘ltanlamas mashinalarga o‘rnatilgan projyektor va qo‘sh pulemyotlar ham juda katta rol o‘ynagan. Ular dronlarning 40 foizini urib tushirgan.

Rossiya dronlar, radioelektron kurash va HHM tizimlarini takomillashtirdi

Rossiyaning yangi variantdagi dronlari va g‘arbning eng yangi HHM tizimlari to‘qnashuvi va buning aksi — g‘arb dronlarining Rossiyaning shiddat bilan modernizatsiya qilinayotgan RQM/HHM tizimlari bilan to‘qnashuvi — urushning so‘nggi oylaridagi o‘ta muhim jarayon. U texnik rivojlangan davlatlar va koalitsiyalar o‘rtasidagi keng ko‘lamli urushda qurollanishning rivojlanishi borasida qanday yuksalish yuzaga kelishi mumkinligi yaqqol ko‘rsatadi. So‘nggi hafta ichida ayniqsa Ukraina tomonidan bu borada ko‘plab tafsilotlar paydo bo‘ldi, ular tashvish bilan Rossiya tomonining jangovar kallaklarni eltish vositalari ham, radioelektron kurash vositalari ham keskin kuchayganini e’tirof etishgan.

Masalan, Rossiyaning FPV-dronlari tunda uchishni «o‘rganib» olishgan, bu esa Ukraina QK uchun qo‘shinlar va ta’minotni front old chizig‘iga odatiy tarzda tunda yetkazishini xavf ostiga qo‘yadi. Qayta ishlangan Rossiya «Lanset»lari UQK texnikalarini zarbadan asrovchi temir to‘rlar oldida portlash, shuningdek, nishonni avtomatik mo‘ljalda ushlab turish qobiliyatiga ega bo‘ldi. UQKda hozircha faqat dron uchirilgan joyga qarab, ularni boshqarayotgan pilotlar joylashgan shtabni topib yo‘q qilishdan boshqa «Lanset»dan qutqaruvchi vosita yo‘q.

Rossiya qo‘shinlari mikro darajadagi radioelektron kurash tizimlarini olishgan, bu esa muayyan okop yoki pozitsiya ustida qobiq hosil qiladi. UQK dronlari uchun ular tepadan keng yaltiroq dog‘ga o‘xshab ko‘rinadi. Ularni yengib o‘tish uchun ukrain dronlari mo‘ljalni ushlab turuvchi boshchaga ega bo‘lishi kerak, lekin bu matoh ularning narxini keskin oshirib yuboradi. Bunday boshchasiz esa Ukrainada keng ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan FPV-dronlar dushman pozitsiyasi yaqinida hammasi tutdek to‘kiladigan apparatlarga aylanadi. Boz ustiga, Rossiya REK ishlab chiqaruvchilari Ukraina dronlarining ko‘p marta foydalaniladigan optik aloqa kanalini tutib olishni o‘rganib olishgan va ruslar dron uchirilgan joyga qaytib borgach, operatorlar joylashgan nuqtani aniqlab, zarba berishmoqda.

Rossiyadagi ko‘rgazmada dronlar taqdimoti. Foto: Maksim Konstantinov / Global Look Press

Ham Ukraina, ham Rossiya manbalariga ko‘ra, Rossiya harbiy sanoat kompleksi ko‘p marta ishlatiladigan, bir martalik dronlarni tashuvchi va boshqaruv markazidan yuborilgan buyruqlar tarqatuvchi yangi dronlarni ishlab chiqqan. Bunday dron dushman ortiga kichik dronlarni tashib o‘tkazadi va havoda 4 soat parvoz qiladi oladi (holbuki, hozirgi kvadrokopter dronlar 20-30 daqiqa ucha oladi).

Rossiyaning yana bir novatsiyasi kichik zarbdor «Termit» vertolyotlari bo‘lib, uning yigirmaga yaqin nusxasi «Rudnevo» industrial parkida «Kronshtadt» firmalar konglomerati tomonidan yaratilgan. Ular 80 mm kalibrga ega lazer bilan nishon oluvchi uchta S-8L raketalari tashuvchisi bo‘lib, 6 km masofadagi yakka yoki guruh nishonlarni yo‘q qila oladi. Agar loyiha amalga oshsa, u so‘nggi oylar ichida Ukraina tomonidan ancha holdan toydirilgan Rossiya zarbdor vertolyot bo‘linmalarini almashtirishi mumkin.

Boshqa innovatsiyalardan Rossiyaning to‘qnashuv chizig‘ida RBK-500 kassetali o‘q-dorilardan foydalanayotganini qayd etish mumkin. Garchi katta maydonni nishonga ololsa ham, hozircha uning samaradorligi darajasi noma’lum bo‘lib turibdi.

UQK Putinning qarorgohiga hujum qilishga urindi

Ukraina tomonidan texnologik yutuqlar kamroq ko‘zga tashlanmoqda. Garchi UQK dengizda pilotsiz katerlar ko‘rinishidagi unikal qurol-yarog‘ga, parvoz qilayotgan dronlar soni oshib borayotgani, dala bo‘linmalari uchun dronlarga qarshi qurol-yarog‘larga ega bo‘lsa ham, texnologik urushni ular hozircha yutqazayotganga o‘xshaydi.

Dushman ortida zarba berishi mumkin bo‘lgan zarbdor dronlar ommaviy ishlab chiqarilishiga erishilmadi, mutaxassislarning ma’qulloviga ega bo‘lgan istiqbolli «Bobyor»lar va uzoq masofga ucha oluvchi boshqa modellar haftasiga 20 tadan ko‘p ishlab chiqarilmayapti. Ukraina uchun Xitoydan «Migun» tipidagi uzoq masofaga ucha oladigan dronlar yetkazilishi to‘xtab qolgani ham jiddiy muammo bo‘ldi. Bu dronlardan Qrimga katta guruhlar tarkibiga hujum qilishda, Rossiya HHM kuchlari joylashtirilgan o‘rinlarni aniqlashda foydalanilayotgan edi.

22 noyabr kuni Qrimga kompleks hujum chog‘ida Ukraina QK bor-yo‘g‘i to‘rtta drondan foydalandi va ular osongina urib tushirildi. Shundan so‘ng dengiz pilotsiz dronlari bilan hujum qilish ham o‘xshamadi, bunday dronlar guruhi yo‘q qilindi, dengiz dronlaridan biri hattoki bus-butun tutib olindi. Rossiya tomoni xabarlariga ko‘ra, dengizda gidrosikl mingan Urkina BRB desanti ham to‘xtatilgan. 24 noyabr kuni UQK Qrimga hujum qilish uchun 13 ta drondan iborat guruhni ishga solgan (ilgari dronlar soni 42 tagacha yetardi). Ularning deyarli barchasi urib tushirilgan, faqat Jankoyda dron mo‘ljalga urilgan va yong‘in keltirib chiqargan.

Ukraina dronlarining bahor va kuz uchun xos bo‘lgan Rossiya ichki oblastlariga muntazam hujumi onda-sonda ko‘rinishga kelib qoldi. So‘nggi ikki hafta ichida zarbalar Moskva oblastidagi Litkarno podstansiyaga, Chernozem hududiga, Volgograd oblastining Gorodishchensk rayonidagi harbiy qismiga berilgan. So‘nggi holatda uchta pilotsiz uchar qurilma REK vositalari bilan bostirilgan, lekin ulardan biri harbiy qism hududida portlagan, ukrainaliklarga ko‘ra, bu qurol-yarog‘ omborida yong‘in hamda artilleriya va o‘qotar qurollar o‘q-dorilari portlashiga olib kelgan.

Bir necha dron Moskva oblastida nishonga yetib bormasdan tutib olingan. 26 noyabr kuni Kiyevga uyushtirilgan hujumga javoban Rossiyaning markaziy hududlari, eng avvalo Moskva shahri yaqiniga «yopirilma» zarba berilgan. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, buning uchun jami 35 ta drondan foydalanilgan (Rossiya tomoni 75 dron ishlatgani har ikki tomonning ishlab chiqarish quvvatlaridan dalolat beradi).

Aftidan, ayrim dronlar Havo-desant qo‘shinlarining maxsus kuchlarining to‘plangan joyi (Kubinka) va Odinovo rayonidagi Putinning qarorgohi, Tula shahrida yo mudofaa zavodlari yo HDV diviziyasi, qolganlari Ramenskoye, Podolsk shaharlari, Kaluga, Bryansk va Smolensk oblastlaridagi nishonlarga yo‘naltirilgan. Rossiya tomoni ham, Ukraina tomoni ham dronlardan birirtasi mo‘ljalga aniq yetib borgani va ziyon yetkazgani haqida ma’lumot bermagan. Faqat dronlardan biri Tula shahrida turarjoy binosiga urilib, tinch aholi vakillaridan biriga jarohat yetkazgan.

G‘arb o‘z texnologiyalarini Ukraina bilan bo‘lishishga shoshmayapti

Ukrainada dronlar va REK vositalari ishlab chiqarishda ortda qolish sabablari nima, holbuki urush boshida bu borada ular ruslardan ancha o‘zib ketgan edi? Bu yerda korrupsiyaning roli ham bo‘lishi mumkin, chunki hafta ichida Davlat maxsus aloqa qo‘mitasi raisi Yuriy Shchigol o‘ziga bo‘ysunadigan kompaniyalar orqali dasturiy ta’minot xarididan 62 mln grivna o‘g‘irlagani ma’lum bo‘ldi. Bu idora yuqori va maxfiy texnologiyalar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgar bo‘lgan tashkilotlardan biri.

23 noyabr kuni Shchigolning fosh etilishi bilan bog‘liq yangiliklar fonida Mudofaa vazirligi Ukraina armiyasiga yangi qurol-yarog‘lar yetkazib berish muddati bir necha oydan yigirma kungacha qisqargani va yangi qurollar bevosita jang maydonida sinalishini xabar qildi. Shchigol o‘rniga shaxsiy tarkibga ishga o‘tgan Ukraina raqamli o‘zgarishlar vaziri Mixaylo Fyodorov 24 noyabr kuni ma’lum qilishicha, «Ukrainada «robotlar armiyasi» va «REK armiyasi» tashkil etiladi. «Biz o‘z mafkuramizga — ochiq bozor, shaffoflik va hamda allaqachon turli mahsulotlar yaratib, mahsulotlarni ko‘paytira oladigan tadbirkorlarga tayanamiz», dedi u.

Ukrainada nishonga olish va dronlar tizimida texnologik jihatdan ortda qolish bilan bog‘liq vaziyat shu qadar o‘tkirlashganki, The Economist nashri bunga alohida maqola bag‘ishladi.

«Mart oyida Ukraina o‘zining GPS’ga qarab nishonga oluvchi Excalibur snaryadlari kutilmaganda Rossiyaning xalaqit beruvchi tizimlari ta’siri ostida mo‘ljaldan og‘a boshlaganini sezib qolgan. Boshqariluvchi JDAM-ER aviabombalari bilan ham shunday bo‘lgan. Ukrainaning HIMARS’dan uchiriladigan uzoq masofadagi nishonni mo‘ljalga oluvchi GMLRS raketalari ham mo‘ljalda adasha boshlagan. Ayrim hududlarda GMLRS raketalarining aksariyati urib tushirilmoqda.

Ukraina barcha jabhada — jang maydonidagi razvedka va aloqadan tortib, tanklar va qo‘mondonlik markazlariga zarba berishda foydalanadigan arzon dronlarga qarshi Rossiya REK tizimlari tobora yaxshiroq kurasha olayotgani ham xavotir uyg‘ota boshlagan», — deyiladi maqola matnida.

Ukraina 10 ming dron operatorlaridan iborat armiya tuzgan, ular endi Rossiya REK operatorlari bilan doimiy tarzda sichqon-mushuk o‘ynashmoqda. Dronlar arzon, ko‘pi 1000 dollar atrofida, Ukraina ularni ulkan miqdorda ishlab chiqarmoqda. Biroq dushman REK tizimlari harakati sababli mo‘ljalga olish tizimi ishdan chiqarilishi yoki operator bilan aloqa bloklanishi tufayli bir haftada yo‘qotilayotgan dronlar soni 2 mingga yetmoqda. Bunday dronlar maqsadsiz uchib yuraveradi, batareyasi quvvati tugagach yerga qulaydi.

Ukraina o‘zining radio elektron kurash tizimini ishlab chiqmoqda. Lekin unga baribir g‘arblik ittifoqchilarning yordami yetmayapti, deb qayd etadi The Economist. Vaziyat o‘zgarishi amrimahol, chunki AQShda REK tizimini berish «texnologiyani berish», deb qabul qilinadi va Davlat departamenti tomonidan qat’iy amal qilinuvchi cheklangan eksport nazorat rejimini nazarda tutadi.

Rossiya raketa to‘plamoqda, Ukraina — g‘arb RQM/HHM tizimini

Yana bir o‘tkir mavzu – Ukraina Rossiya raketalarining yopirilma hujumidan vaqtinchalik nafas rostlayotganidir. Hozir RF haftasiga bir necha dona raketadan foydalanmoqda. «Ukraina hisob-kitoblariga ko‘ra, yopirilma raketa zarbalarisiz o‘tgan bir necha oy davomida okkupantlar Ukraina energetikasi zarba berish uchun 900 tagacha raketa jamg‘argan bo‘lishi mumkin... Ukraina BRBga ko‘ra, Rossiya quvvatlari oyiga 100 ta raketa ishlab chiqarish uchun yetarli. Shu sababli oddiy matematik yo‘l bilan 870, hattoki 900 ta raketa borligini taxmin qilish mumkin. Aviatsiya raketalaridan tashqari, yuqori aniqlikdagi, uzoq masofaga ucha oluvchi raketalar, shuningdek «Oniks»lar, S-300 raketalari to‘planmoqda. Biz faqat uzoq masofadagi nishonni mo‘ljalga oladigan raketalar haqida gapiryapmiz», dedi Ukraina harbiy havo kuchlari spikeri Yuriy Ignat 23 noyabr kuni TV efirida.

G‘arblik ittifoqchilar Ukraina osmoni mudofaasi uchun sezilarli, lekin yetarli bo‘lmagan yordam ko‘rsatmoqda. O‘tgan haftada GFRning Ukrainadagi elchisi Martin Yeger qishda Ukrainada yana bitta Patriot HHM tizimi o‘rnatilishini aytdi, bu esa xuddi 21 noyabr kuni e’lon qilingan yordam paketi doirasida yetkazilayotgan to‘rtta IRIS-T HHM tizimiga qo‘shimcha bo‘ladi («Iris»lardan ikkitasi allaqachon Ukrainada jangovar navbatchilikda).

Zelenskiyning 25 noyabr kungi bayonotiga ko‘ra, muntazam ravishda Rossiya raketa nishonlariga aylanayotgan Odessani havodan mudofaa qilish sezilarli tarzda kuchaytiriladi. Bu esa Odessa portining normal faoliyat ko‘rsatishiga olib keladi. Boz ustiga, xorijliklar tomonidan yetkazilishi kutilayotgan harbiy kemalar yuk kemalarini qo‘riqlashga jalb qilinadi.

UQK hamon RF QKga sezilarli zarbalar berishga muvaffaq bo‘lmoqda

Zaporijjya frontida va boshqa joylardagi ma’nisiz hujumlarda Ukraina g‘arbning ilg‘or texnikalarini yo‘qotgani, rossiyalik REK operatorlari tobora ustamon bo‘lib borayotgani hisobga olinsa, urush olib borishning mutlaq yangi texnologiyalarini berishdan cheklanishlar borligi ko‘rinib turibdi. Bir tomon texnologiyalarga ega, ikkinchi tomon ega bo‘lmasa jiddiy muammolar bo‘y ko‘rsata boshlaydi.

Nima bo‘lganda ham, Ukrainada mavjud g‘arb qurol-yarog‘lari hamon jang maydonida yetarli tarzda samarali. Bu borada ikkita simptomatik epizodni qayd etib o‘tish kerak bo‘ladi.

19 noyabr kuni Ukraina QK HIMARS’ning uchta raketasi bilan Donetsk oblasti Satarobeshiv rayoni Kumachove qishlog‘idagi madaniyat uyiga hujum qildi. Bu yerda RF dengiz piyodalarining 810-brigadasi jangchilari raketachilar kuniga atalgan konsert dasturiga to‘plangan edi. 25 kishi, jumladan, moskvalik aktrisa Polina Menshix voqea joyida halok bo‘lgan. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, yuzga yaqin odam jarohatlangan. Ukraina tomoni shu yo‘l bilan ikki hafta muqaddam Zaporijjya frontida ukrainalik artilleriyachilarga berilgan zarba uchun o‘ch olgan.

Boris Maqsudov yarador holatdi. Foto: «Zvezda» telekanali.

Rossiya pozitsiyalariga FPV-dronlar va kvadrokopterlar bilan hujum zichligini nafaqat Ukraina tomonidan e’lon qilinayotgan videolar orqali, shuningdek, Rossiya pozitsiyalari ortida shunday hujumlardan biriga «Rossiya-24» telekanali muxbiri Boris Maqsudov duchor bo‘lgani bilan baholash mumkin. Uning ustiga UQK kvadrokopteri portlovchi o‘q-dori tashlagan. Bungacha kopterlar uning jamoasi a’zolarini o‘qqa tutgan.

Harbiy muxbir kaska va zirhli nimcha kiyib olganiga qaramasdan ko‘plab oskolkali jarohatlarga duchor bo‘lgan. Qo‘llarining barmoqlari uzilib ketgan. U zudlik bilan Tokmakning harbiy hospitaliga yetkazilgan. U yerdan tunda uni Jankoyga ko‘chirishgan. Biroq u yo‘lda jon bergan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Frontdagi vaziyat: Ukraina urushning asosiy texnikasi - dronlar bobida yutqaza boshladi