Foto: TASS
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot chog‘ida mamlakatda mehnat migratsiyasi muammolari bilan shug‘ullanuvchi maxsus organ yaratishga chaqirdi.
«Bizga bu muammoni to‘laqonli ko‘rib chiqadigan va har bir jihatiga tezkorlik bilan yechim topadigan maxsus organ kerak. Bu juda ko‘p ish, lekin men barcha yo‘nalish va darajadagi hokimiyat vakillarining e’tiborini bunga qaratmoqchiman, birinchi navbatda, biz mahalliy aholi manfaatlarini hisobga olishimiz kerak — Rossiya fuqarolarini», dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar kelayotgan davlatlar bilan oldindan ish olib borish kerak.
«U yerda rus tili maktablari, universitetlarimiz filiallari ochilmoqda. O‘qituvchilarni yuborishimizni, bu dasturlarni kengaytirishimizni, darslik jo‘natishimizni talab qilishmoqda. Ammo migrantlar Rossiya xalqlarining qonunlari va an’analarini hurmat qilishi kerak. Hokimiyat ularni nazorat qilishi va qonunbuzarliklarga zudlik bilan barham berishi kerak», dedi u.
Shu bilan birga, migrantlarga insonparvar sharoit yaratish zarurligini ham ta’kidladi.
«Bu odamlarni, bolalarni, migrantlarning turmush o‘rtog‘ini butunlay tashlab qo‘ysak yaxshi bo‘ladimi? Bu nimaga aylanadi? Biz ularga ta’sir qilganimiz ma’qul», dedi Putin.
Uning ortidan Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Irina Yarovaya migratsiya masalalari bo‘yicha fraksiyalararo ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi. Uning tarkibiga nafaqat Davlat Dumasi fraksiyalari, balki ijro etuvchi hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ham kiradi.
Ishchi guruh migratsiyaning asosiy muammoli masalalariga qo‘shimcha yechimlar topadi. Irina Yarovaya fikricha, bu masalalar nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari nuqtai nazaridan, balki iqtisodiy talablar va ijtimoiy muvozanat bilan bog‘liq holda yondashishni talab qiladi.
«Migratsiya masalasini siyosiylashtirib, agressiv darajaga olib chiqmaslik kerak. Bu juda nozik mavzu, u Rossiya iqtisodiy rivojlanishi zaruratidan kelib chiqib, professional nuqtai nazardan ko‘rib chiqilishi kerak», dedi Yarovaya.
Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda migrantlarni ishga qabul qilayotgan Rossiya korxonalari ularning rus tilini yaxshi bilmasligi, ta’lim darajasi va kasbiy mahorati pastligi, milliy xulq-atvorning o‘ziga xos xususiyatlari, umumiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, boshqa sharoitlarga moslashishda qiyinchiliklar kabi muammolarga duch kelmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!