
Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida prezident Vladimir Putinga Novaya Zemlya arxipelagida keng ko‘lamli yadroviy qurol sinovlarini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kiritdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Belousov ta’kidlashicha, AQSH so‘nggi yillarda qurollarni qisqartirish va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro kelishuvlardan bosqichma-bosqich chiqib ketmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington strategik hujum qurollarini faol ravishda modernizatsiya qilmoqda va bu jarayon Moskva uchun yangi harbiy xavf darajasini yuzaga keltirgan.
«AQSHning bu harakatlari Rossiya xavfsizligi uchun jiddiy tahdidni anglatadi. Shu bois biz yadroviy salohiyatimizni har qanday sharoitda tayyor holda saqlashimiz, mamlakat manfaatlarini himoya qilish yo‘lida munosib javob berishga qodir bo‘lishimiz kerak. Shu nuqtayi nazardan, yadro sinovlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash maqsadga muvofiq, deb hisoblayman», — dedi Belousov yig‘ilishda.
Putin esa vazirning taklifiga ehtiyotkorona munosabat bildirib, hozircha bu masalada aniq qaror qabul qilmadi. Davlat rahbari Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va maxsus xizmatlarga AQSHning yadroviy faoliyati haqida qo‘shimcha ma’lumot yig‘ishni, shuningdek, ehtimoliy amaliy chora-tadbirlar bo‘yicha kelishilgan takliflar tayyorlashni buyurdi.
Ma’lumot uchun, Novaya Zemlya poligonida oxirgi yadroviy sinov 1990-yil 24-oktyabrda o‘tkazilgan. Shu yilning dekabrida Rossiya hukumati bunday sinovlarga moratoriy e’lon qilgan va 1996-yilda Moskva hamda Vashington Yadro sinovlarini yalpi taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilgan. Ammo ikki davlat ham bu hujjatni haligacha ratifikatsiya qilmagan.
So‘nggi oylarda Rossiya va AQSH o‘rtasida yadro sohasidagi tortishuv yana kuchaydi. 2025-yil 26-oktyabrda Vladimir Putin «Burevestnik» qanotli raketa va «Poseydon» nomli uchuvchisiz suvosti apparati muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Har ikki tizim yadroviy energiya qurilmalari bilan jihozlangan.
Bu xabardan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp ham o‘z bayonotida Amerika boshqa davlatlar bilan «tengma-teng» sharoitda yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.
Shu tariqa, dunyoda yadro qurollari bo‘yicha raqobat yana faol tus olmoqda. Xalqaro ekspertlar bu jarayonni yangi qudratlar o‘rtasidagi «sovuq urush»ning ehtimoliy boshlanishi sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!