
Portugaliyalik afsona Krishtianu Ronaldu yaqinda uzoq yillardan buyongi turmush o‘rtog‘i Jorjina Rodrigesga nikoh taklifini qilgani haqida jurnalist Pirs Morgan bilan suhbat davomida gapirib berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea rejalashtirilmagan holda, kechasi uydagi shodlik lahzasida ro‘y bergan.
«Tungi soat birlar edi, qizlarim uxlab qolishgandi. Do‘stlarimdan biri menga Jorjinaga sovg‘a qilish uchun uzuk berdi. Shu paytda ikki bolam kirib keldi va: “Dada, siz onamizga turmush qurishni taklif qilasiz!” — dedi. Shu so‘zlarni eshitgach, bu eng to‘g‘ri payt ekanini angladim. Bolalar shunday deyishgani va do‘stlarim hammasini videoga olishgani uchun men buni xohlayotganimni tushundim va taklif qildim. Men tizzalab o‘tirmadim, chunki bunga tayyor emasdim, lekin bu ajoyib lahza edi. Ortiqcha gapirmasdan, sodda nutq so‘zladim. Bu lahza haqiqatan ham samimiy va juda xotirjam kechdi», — deydi Ronaldu.
Uning aytishicha, bu voqea maxsus reja emas, balki o‘ziga xos tabiiy va dildan chiqqan qadam bo‘lgan.
«Men romantik insonman, lekin har hafta gul olib keladigan tip emasman. Mening romantikam so‘zda emas, amalda namoyon bo‘ladi. Jorjina men uchun bir umrlik ayol ekanini ilgariyoq bilganman. Shuning uchun bu taklifni shunday sodda, lekin chin dildan qildim», — deya qo‘shimcha qildi u.
Futbol yulduzining bu samimiy iqrori muxlislar orasida keng muhokama qilindi. Ko‘pchilik Ronalduning bu qadamini “haqiqiy muhabbatning ifodasi” deb atadi.
Jorjina Rodriges esa o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida Ronaldu bilan surat joylab, “Ha, dedim” deb yozgan. Shu bilan dunyodagi eng mashhur juftliklardan biri rasman turmush yo‘liga qadam qo‘yish arafasida ekani ma’lum bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!