07:20 / 14.02.2024
234

Isroilning Rafahga kirishi: Misrning reaksiyasi qanday bo‘ladi?

Isroilning Rafahga kirishi: Misrning reaksiyasi qanday bo‘ladi?
Isroil G‘azo sektorining Misr bilan chegaradagi Rafah shahrida ham harbiy operatsiya boshlamoqda. O‘z hududiga 1,5 million nafar qochqin kirib kelishidan xavotir olayotgan Misr bunga javoban Kemp-Devid shartnomasidan chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan. Bu shartnoma nafaqat Misr va Isroil, balki butun Yaqin Sharq uchun tarixiy ahamiyatga ega.

“Geosiyosat” mavzu atrofidagi savollar bilan Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovga yuzlandi.

— Kemp-Devid kelishuvi qachon tuzilgan va nimalarni o‘z ichiga oladi?
— 1967 yildan keyin arab davlatlari va Isroil o‘rtasida 6 kunlik urush bo‘ladi. Isroil Misrning Sinay yarimorolini tortib olgan, shu urushdan keyin arab davlatlari Isroilga urush ochish befoyda ekanini tushungan. 1972 yilda yana bir urush bo‘lgan, lekin bunda Isroil qo‘li baland kelgan. Shundan so‘ng Misr rahbari muzokaralarga o‘tirishga harakat qilib, Sinay yarimorolini qaytarib olishga uringan. Bu 1973-1977 yillar oralig‘ida bo‘lgan. Misrni boshqa arab davlatlari amalda qo‘llamagan. Sinay yarimorolini qaytarib olish uchun 1977 yilda Misr tomoni vakili Isroil parlamentida nutq so‘zladi, bu de-fakto Isroilni tan olish edi. AQSH bilan ham muzokaralarga kirishildi. 1977 yilda Itshak Rabin hokimiyatdan ketgach, o‘rniga Begin keldi, uning pozitsiyasi millatchilar partiyasidan farq qilar edi va Anvar Sadatning chaqirig‘iga ko‘ndi. 1978 yilda AQSH prezidenti Jim Karter taklifi bilan Kemp-Devid shahrida konferensiya bo‘lib, kelishuvlarga erishildi.

O‘shanda Misr butun mintaqa davlatlari nomidan gapirgan o‘shanda, ya’ni Falastin davlati saqlanishi sharti bilan arab davlatlari Isroilga nisbatan harbiy harakatlar qilmaydi, deb. Kemp-Devidda ikkita shartnoma bor: Sinay yarimorolini qaytarib olish bo‘yicha shartnoma va arab davlatlari bilan Isroil o‘rtasidagi tinchlik muhitini yaratish bo‘yicha kelishuv. Sinay yarimorolini qaytarish bo‘yicha yakuniy shartnoma 1979 yilda Vashingtonda imzolandi. Misr o‘shanda butun arab davlatlari nomidan gapirgani uchun ham keyinchalik Anvar Sadat o‘ldirildi. Shu shartnomadan keyin Misr mintaqadagi AQSH qo‘llovidagi davlatlardan biriga aylandi. Aytganimdek, ikkinchi shartnomada Falastin xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil belgilashi haqida band bor. Mintaqa davlatlari Anvar Sadatni kechirmadi Isroil bilan shartnoma qilgani uchun, lekin Misr o‘z hududidan ayrilayotganda yordam ham berishmagandi. Hozirgacha ham Misr va Isroil munosabatlarini belgilovchi asosiy hujjat Kemp-Devid shartnomasi hisoblanadi.

2020 yildagi Ibrohim kelishuvlari qaysidir ma’noda Kemp-Devidning davomi. 80 yillardan keyin sekin-sekin Kemp-Devid shartnomasini qo‘llovchilar ham bo‘ldi, masalan, Sudan, Iordaniya, O‘mon kabilar. Chunki ularning ham ko‘zi yetmadi Isroil bilan kurasha olishga.

Shartnomada Falastin xalqi o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi, deyilgan, davlat mustaqil bo‘ladi deyilmagan. Mana shu aniq belgilanmaslik ham Isroilga qo‘l kelyapti hozir. 1993 yildagi Oslo shartnomasida ham Isroilga o‘zini himoya qilish huquqi berilgan, lekin Falastinda bunday huquq yo‘q. Aynan shu Oslo shartnomasiga asoslanib hozirgi harbiy operatsiyani amalga oshiryapti Isroil. Ibrohim kelishuvlari ham musulmonlar va boshqalarning teng huquqini ta’minlash, manfaatlari yuzasidan bo‘lishi aytilgan. Lekin amalda faqat Isroilni tan olish, uning huquqlarini e’tirof etish belgilanyapti.

— Isroilning Rafahga kirishiga Misrning javob reaksiyasi qanday bo‘ladi?
— Misrning asosiy qo‘rquvi Isroilning Sinay yarimoroliga da’vo qilib qolishi. Ikkinchi masala esa 1,5 mln falastinlik Misrga o‘tib ketmasligi. Sinay yarimoroli Misr uchun juda muhim, u yerdan Suvaysh kanali o‘tadi. Bu yerdan Misr yiliga 6 mlrd foyda ko‘radi. Bundan tashqari, Sinay yarimoroli Misr uchun «bufer zona» hisoblanadi. Isroilning «katta Isroil» g‘oyasi bo‘yicha tuzilgan xaritalarda Sinay yarimoroli, Suriya, Iroqning bir qismi Isroil hududi sifatida ko‘rsatilgan.

Falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi gapirilmayotgani, oldingi bosib olingan yerlarni qaytarish haqida gapirilayotgani Misrni ham xavotirga solyapti. Misrning qo‘rquvi asosli, agar Misr urushga kirsa, hech kim aralashmaydi, chunki aralashsa shu paytgacha aralashar edi. Agar Isroil Rafahga kirsa, Misr ham xalqaro huquq va diplomatiyadan nariga o‘tmasa kerak. Chunki Kemp-Devid shartnomasining buzilishi Misr va Isroil yana urush holatida degani bo‘ladi. Shu ma’noda bu haqida AQSHga aytyapti Misr tomoni. Netanyahu harakatlarini esa bashorat qilib bo‘lmayapti.

Rafah Misr chegarasiga yaqin shahar, Kemp-Devid shartnomasining ikkinchi bandiga ko‘ra Misr hududiga yaqinlashmasligi kerak harbiy jihatdan. Bu vaziyatda Isroil shartnomani buzadi. Lekin Misr tomonidan shartnomani bekor qilish borasida gap bormasa kerak, chunki bu Isroil foydasiga xizmat qiladi.

— Kemp-David kelishuvlari barbod bo‘lsa, AQSHning Isroil va Misr bilan aloqalariga qanday ta’sir qiladi?
— Misrning AQSH bilan bog‘liqligi ko‘p. Sisi hokimiyatga kelishida ham AQSH yordami bor. Bundan tashqari, ta’lim, tibbiyot sohalariga katta investitsiya kiritgan, hukumatlari ko‘plab amaldorlar ham AQSHda o‘qigan. Bunday qo‘llov yo‘qolishini istamaydi Misr, shu sabab ham faqat diplomatik harakatlar qilyapti. Savolga keladigan bo‘lsak, Blinken bekorga kelayotgani yo‘q Misrga. U Isroilning shu harakatlarini bilib, arab davlatlarini tinchlantirishga urinyapti, kerak bo‘lsa, hali yana bir necha marta kelishi mumkin. Ortiqcha bayonotlar bermaslik, qandaydir harakatlar bo‘lmasligi uchun nimadir taklif qiladi, savdolashuvday jarayon bu.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo