07:13 / 11.03.2024
173

Qiyin Ramazon. Muqaddas oy vaqtida Quddusda vaziyat keskinlashishi mumkin

Qiyin Ramazon. Muqaddas oy vaqtida Quddusda vaziyat keskinlashishi mumkin
Foto: Getty Images
Yaqin kunlargacha musulmonlar uchun muqaddas sanalgan oy arafasida harbiy harakatlar to‘xtatishi imkonli ishdek ko‘rinayotgandi — Isroil va HAMAS vositachilar orqali Qohirada garovdagilarni Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga almashtirish evaziga vaziyatni yumshatish uchun muzokaralar olib bordi.

Ammo o‘tgan haftada bu muzokaralar natijasiz yakunlandi, garchi Misrdagi manbalar yakshanba kuni vositachilar Isroil bilan kelishuvga erishish maqsadida yana bir bor HAMAS delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bundan natija bo‘lishiga umid qilinmayapti.

Juma kuni AQSH prezidenti Jo Bayden yaxshilikdan umidvor bo‘lsa-da, HAMAS va Isroil o‘rtasidagi kelishuvga erishish «oson bo‘lib ko‘rinmayotgani»ni aytgandi.

AQSHning Isroildagi elchisi Jek Lyu avvalroq agar kelishuvga erishilmasa, AQSHning Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini ham o‘z ichiga oluvchi nisbatan kengroq strategiyasini amalga oshirib bo‘lmasligini aytgandi.

«Harbiy harakatlardagi tanaffus mamlakat shimolida tinchlik yuzaga kelishi va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlar normallashishi ehtimolini oshiradi. Garovdagilar bilan bog‘liq inqiroz barham topishi kerak», — degandi u.

Notinch Ramazon

Isroi hukumati Quddusning Eski shahar qismidagi musulmonlar orasida Al-Haram ash-Sharif deb nomlanadigan, yahudiylar Ibodat tog‘i deb ataydigan kompleksni nazorat qiladi.

Yuz minglab musulmonlar islom olamida Makka va Madinadan keyingi uchinchi muqaddas qadamjo sanaladigan, faqat Ramazon oyida ibodat qilish uchun ixtisoslashgan «Al-Aqso» masjidiga kirishga harakat qilib kelishadi. «Al-Aqso»ning yonida yahudiylar ibodat qiluvchi eng muqaddas joy sanalgan G‘arbiy devor joylashgan.

HAMAS falastinliklarni muqaddas oy vaqtida masjidga tashrif buyurishda faol bo‘lishga chaqirgan, Isroil bunga javoban harakatni «Ramazon oyi vaqtida mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirishga intilish»da ayblagan.

Shanba kuni Isroil MRB direktori Bill Byorns Iordaniyada Isroilning Mossad tashkiloti direktori Devid Barnea bilan uchrashib, G‘azoda garovda ushlab turilganlarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun sa’y-harakatlarni muhokama qilgani haqida xabar berdi.

«HAMAS Ramazon oyi vaqtida G‘azo sektoridagi falastinliklar hisobiga hududda olov yoqishga harakat qilmoqda», — deyilgan Mossadning Byorns va Barnea uchrashuvi to‘g‘risidagi bayonotida. — HAMAS yon berishdan bosh tortmoqda va ochiqchasiga kelishuvdan manfaatdor emasligini bildirmoqda».

HAMASning harbiy qanoti vakili Abu Ubayda juma kuni Ramazon oyini «Al-Aqso to‘foni»ning eskalatsiyasiga aylantirishga chaqirdi — HAMAS Isroilga 7 oktyabr kungi hujumni shunday nomlagandi.

Juma kuni telegramda e’lon qilingan videomurojaatda Abu Ubayda Ramazonni «g‘alabalar oyi, jihod oyi» deb atadi va guruh G‘azoda butun dunyodagi musulmonlar sharafini himoya qilayotganini aytdi.

«Biz xalqimizni Quddus bo‘ylab marsh qilishga… masjidda ibodat qilishga… hamda nazorat va bo‘linishga olib boruvchi okkupatsiyani to‘xtatishga chaqiramiz. Al-Aqso masjidi bizga tegishli».

Mart oyi boshida HAMASning siyosiy qanoti rahbari, Qatarda istiqomat qiluvchi Ismoil Xoniya Yaqin Sharqdagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi guruhlarni Ramazon oyi vaqtida Isroilga hujumlarni kuchaytirishga, «Al-Aqso masjidini qamaldan yechishga qaratilgan keng ko‘lamli va xalqaro harakat»ga chaqirgandi.

Yevropa xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengashi vakili Xyu Lovattning hisoblashicha, Ramazon oyida butun mintaqada vaziyat keskinlashishi mumkin: «HAMASda Haram ash-Sharif tahdid ostida qolganini aytib, Isroildagi va G‘arbiy sohildagi falastinliklarni safarbar qilish imkoniyati bor… Muqaddas joydagi zo‘ravonlik osonlik bilan boshqa joylarda, G‘arbiy sohilda yoki hatto Isroil chegaralaridan tashqarida, masalan Livanda boshqa zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishi mumkin».

Cheklov va provokatsiyalar

Bu yil Ramazon oyi qanday o‘tishi ko‘p jihatdan G‘azodagi voqealarga, shuningdek Isroil tomonidan qo‘yiladigan cheklovlarga bog‘liq.

Isroilning ultrao‘ng milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Isroilning musulmon fuqarolari «Al-Aqso» masjidiga borishiga qat’iy cheklovlar kiritishga chaqirib, bu isroilliklar G‘azoda asirlikda qolayotganida HAMASga «g‘alabani nishonlash»ga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarurligini ma’lum qilgan. Ben-Gvir bosh vazir Binyamin Netanyahuga bu Ramazon oyida Isroildagi diniy ozchilik sanalgan, jami aholining 18 foizini tashkil etadigan musulmonlarga masjidda ibodat qilishni taqiqlashni ham tavsiya etgan.

Ammo Netanyahu bu rejani rad etgan va dindorlarga oldingidek Ramazonning ilk haftasida masjidga tashrif buyurishga ruxsat berilishini, xavfsizlik holati va ziyorat qoidalari har hafta baholanib, zarurat bo‘lsa qayta ko‘rib chiqilishini aytdi.

Hozircha Isroil qancha namozxonlarni «Al-Aqso»ga kiritishi noma’lum. Kuzatuvchilar fikricha, masjidda ibodat qilishga qo‘yiladigan qat’iy cheklovlar namoyishlar va hatto zo‘ravonliklarga yo‘l ochishi mumkin. Ammo musulmonlarga Ramazon oyida masjidga kelishga ruxsat berilishi keskinlikni yumshatgan bo‘lardi.

Isroil 1967 yilgi Yaqin Sharq urushi vaqtida Sharqiy Quddusni, jumladan Eski shahar qismini Iordaniyadan tortib olganidan buyon bu joy falastinliklarning ozodlik kurashi ramziga aylangan.

2000 yilda o‘sha vaqtdagi Isroil muxolifati yetakchisi Ariel Sharonning muqaddas tog‘ cho‘qqisiga ko‘tarilishi «Al-Aqso intifodasi» deb nom olgan Ikkinchi Falastin qo‘zg‘aloniga turtki bo‘lgani aytiladi.

Bu yerda ayniqsa Ramazon vaqtida Isroil xavfsizlik kuchlari hamda falastinlik dindorlar o‘rtasida tez-tez to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi.

Shuningdek, Eski shaharda isroillik millatchilarning marshi o‘tkazilishi, shuningdek Isroilning ultrao‘ng kuchlarining yahudiylarga kompleksga kelishga ruxsat beruvchi, ammo u yerda ibodat qilishini taqiqlovchi oldindan mavjud bo‘lgan qoidani o‘zgartirishga chorlovlari ham keskinlikni oshiradi.

2021 yil mayida Quddusdagi keskinlik «Al-Aqso»da zo‘ravonliklarga ulanib ketgandi. Shundan keyin HAMAS shahar bo‘ylab raketalar uchiradi. Buning ortidan G‘azoda qisqa muddatli harbiy amaliyot, shuningdek Isroilning arab va yahudiy aholisi o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Har yili minglab yahudiy aktivistlar Quddusning Eski shahar qismi orqali Yig‘i devori tomon marsh qilib boradi (arxiv foto)
O‘tgan yili, Ramazon yahudiylarning Pesax bayrami bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganida yahudiy ekstremistlar Ibodat bog‘ida echkini qurbonlikka keltirish marosimini o‘tkazmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgandi.

O‘shanda Isroil politsiyasiga ishonmagan yuzlab musulmonlar «Al-Aqso»da barrikadalar o‘rnatishgan, ular bu yerdan shovqinli granatalar orqali chiqarib yuborilgandi.

Lekin bu safargi Ramazon yahudiylarning birorta yirik bayrami bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmaydi.

Rafahga yurish

O‘tgan haftada Netanyahu Isroil Ramazon oyi vaqtida ham quruqlik orqali Rafahga yurishini davom ettirishi mumkinligini ma’lum qildi. Isroilning ittifoqchilari ham bunday yurish G‘azoda gumanitar halokatga olib kelishi va zo‘ravonlik avj olishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Rafah — G‘azodagi eng janubiy shahar bo‘lib, bu yerda anklavning shimoliy qismidan ko‘chib kelgan milliondan ortiq kishi to‘plangan. Insonparvarlik yordami ham ushbu shahar orqali olib o‘tiladi. Isroil HAMAS yetakchilarining ko‘pchiligi va harbiy kuchlarning qolgan qismi shu yerda joylashgani, shu tufayli ushbu shahar jangarilardan tozalanmas ekan, G‘azodagi amaliyotni yakunlab bo‘lmasligini aytdi.

Shanba kuni Bayden Rafahga bostirib kirilishi uning uchun «qizil chiziq» bo‘lishini bildirdi, ammo hech qachon «Isroilni yolg‘iz qoldira olmasligi»ni ham qo‘shimcha qildi.

MSNBC uchun intervyusida Bayden Netanyahu urushga yondashuvi bilan «Isroilga yordam berishdan ko‘ra, zarar yetkazayotgani»ni aytdi. «U qo‘llangan harakatlar oqibatida halok bo‘layotgan begunoh insonlar hayotiga ko‘proq e’tibor qilishi lozim», — dedi Bayden.

Tahlilchilar fikricha, bu bayonotni AQSH prezidenti va isroilliklar bosh vaziri o‘rtasidagi munosabatlar tobora keskinlashib borayotganidan dalolat sifatida talqin qilinishi mumkin.

Garovdagilar bo‘yicha kelishuv — Amerikaning G‘azodagi va umuman mintaqadagi urush bo‘yicha strategiyasining muhim tarkibiy qismidir va Bayden ma’muriyati bu boradagi ishlar barbod bo‘lmasligi uchun qattiq harakat qilayotganini aytadi.

Yo‘l va vaqtinchalik port

Ayni vaqtda G‘azoning o‘zida Isroil mudofaa armiyasi anklavning shimoliy qismida sharqiy va g‘arbiy nuqtalarni bog‘lovchi yangi yo‘l qurilishini yakunladi. BBC buni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali tasdiqlagan.

SAHAL rasmiysi nashr bilan suhbatda «operativ platsdarm» tashkil etishga hamda qo‘shinlar va texnikalar harakatini osonlashtirishga harakat qilinayotganini ma’lum qilgan.

Ammo ayrim ekspertlar bu yo‘l shimoldagi uyiga qaytadigan falastinliklarga to‘siq sifatida foydalanishi mumkinligidan xavotirlanmoqda. Boshqalar esa bu yo‘lni Isroilning harbiy harakatlardan keyin ham G‘azoda mavjudligini saqlab qolish bo‘yicha rejasining bir qismi deb hisoblaydi.

Netanyahuning rejasi bo‘yicha, Isroil G‘azoda cheklanmagan muddatda xavfsizlikni nazorat qiladi.

Bir hafta oldin AQSH G‘azo sektori aholisi uchun harbiy samolyotlar bilan havodan insonparvarlik yordami yetkazib berish bo‘yicha ilk amaliyotni o‘tkazgandi
Bu vaqtda amerikaliklarning General Frank S Besson harbiy kemasi G‘azo sohillarida vaqtinchalik pirs (kemalar bog‘lab qo‘yiladigan maxsus joy) qurilishida ishlatiladigan jihozlar bilan Yaqin Sharqqa yo‘l oldi.

Pentagon pirs qurilishi ikki oygacha vaqt olishi mumkinligini bildirgan. Shu bilan birga, amerikalik harbiylar anklav hududiga kirmaydi.

Avvalroq prezident Bayden AQSH G‘azoga dengiz orqali yordam yetkazib berish uchun suzib yuruvchi gavan qurishini aytgandi.

Quruqlik va havo orqali yordam yetkazib berilishi murakkab va xavfli bo‘lib chiqdi. Jahon oziq-ovqat dasturi o‘z karvoni o‘qqa tutilgani va talonchilar hujumiga uchragani tufayli quruqlik orqali yordam yetkazib berishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Juma kuni esa parashyut ochilmagani tufayli gumanitar yordam posilkasi qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar keldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo