21:29 / 28.03.2024
861

Yakuni mavhum bo‘lib borayotgan Ukraina urushi: tarixiy bashorat va yechimlar

Yakuni mavhum bo‘lib borayotgan Ukraina urushi: tarixiy bashorat va yechimlar
Vaqt-soati kelib Ukraina qay bir tarzda bo‘lmasin 'asl ahvoliga qaytadi', degan ishonch Rossiyaning ko‘plab yuksak martabali siyosatchilarining bugungi e’tiqodlarida markaziy o‘rin tutadi”.
Zbignev Bjezinskiyning
“Buyuk shaxmat taxtasi” asaridan

Ukraina va Rossiya o‘rtasida ikki yildan oshiq vaqt mobaynida davom etib kelayotgan urush harakatlari 2024 yilda ham o‘z poyoniga yetmaydigan ko‘rinadi. 2024 yilning uchinchi oyi ham yakuniga yetmoqdaki, tomonlar “murosa” degan so‘zni esdan chiqarib, g‘alaba uchun jon olib, jon bermoqda.

Ukrainadagi urush fonida Rossiya va kollektiv G‘arb mamlakatlari o‘rtasida ziddiyat tobora kuchayib bormoqda. Fransiya prezidentining Ukrainaga qo‘shin yuborish haqidagi bayonoti rus siyosatchilarining ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi. Bunga javoban esa Rossiya yadro qurolidan foydalanish tahdidi (shantaj)ni kuchaytirdi.

Crocus City Hall konsert zali, 22 mart
Foto: “NGS”

Ayniqsa, 2024 yil 22 mart kuni Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi Crocus City Hall konsert zalida sodir etilgan terakt urush harakatlari uzoq vaqtga qadar, hatto yillarga cho‘zilishiga sababchi bo‘ladi, desak xato bo‘lmas! Boisi Rossiya hukumati va yuqori martabali amaldorlarining barchasi bu terrorchilik harakatlari G‘arb hamda Ukraina tomonidan amalga oshirilganini ochiq-oydin aytishmoqda. Ukraina esa bu ishni Rossiyaning o‘zi qilganini bot-bot takrorlamoqda.

Crocus City Hall'da sodir etilgan terakt ortidan rus armiyasi Ukraina shaharlarini ayovsiz tarzda bombardimon qilishni boshladi. Rossiya buni “Crocus City Hall'dagi terakt uchun qasos”, deb nomlamoqda. Agar bu ketish bo‘lsa, hech kim Rossiyaning “terakt uchun qasos”, degan vaji bilan Ukraina hududidagi atom elektr stansiyalariga zarbalar berishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Bu esa konfliktni xalqaro darajaga ko‘tarib, boshqa mamlakatlar ham urushga kirishi va oxir-oqibat yadro qurolining ishga turilishiga olib kelishi mumkin.

Xo‘sh, urush yakuniga yetishi uchun tomonlar qanday yon berishlarni amalga oshirishi kerak? Albatta, hozirda de-fakto kollektiv G‘arb Rossiyaga qarshi kurash uchun Ukrainani dastaklamoqda. Rossiya ham aynan NATOning Sharqqa tomon kengayishidan xavfsiraydi va NATOni o‘ziga dushman deb biladi. Demakki, bu faktor istiqbolda urushni to‘xtatish uchun tuziladigan shartnoma faqatgina Ukraina va Rossiya o‘rtasida emas, balki kollektiv G‘arb hamda Rossiya o‘rtasida ham bo‘lishini taqozo qiladi.

90 yillar boshida amerikalik siyosatshunos olim Samuel Hantington o‘zining “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi va yangi dunyo tartibi” asarida kun kelib Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush kelib chiqishini bashorat qilib shunday yozgan edi:

Shtatist yondashuv Ukraina-Rossiya urushi ehtimolini ilgari sursa, sivilizatsion yondashuv buning ehtimolini past deb biladi va aksincha Ukrainaning bo‘linib ketish ehtimoli yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Madaniy omillarni hisobga olib aytganda, mazkur bo‘linish Chexoslovakiyadagidan ko‘ra ancha dahshatli va qonliroq, lekin Yugoslaviyachalik qonli bo‘lmaydi, deb aytish mumkin”.

Hantingtonning yuqoridagi bashorati 2022 yil 24 fevral sanasi bilan o‘z tasdig‘ini topdi. U, shuningdek, G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi nizoga qanday barham berish haqida o‘z yechimlarini sanab o‘tadi. Siyosatshunosning taqdim qilgan yechimlari bugungi kunda Ukraina urushiga barham berishda konstruktiv ahamiyat kasb etishi mumkin. Keling, Hantington ilgari surgan yechimlarni ko‘rib chiqsak.

Birinchidan, Rossiya Yevropa ittifoqi va NATOning kengayib, markaziy va sharqiy Yevropadagi g‘arbiy nasroniy davlatlarni o‘z ichiga olishini qabul qilishi kerak, G‘arb esa agar Ukraina ikkiga bo‘linmaydigan bo‘lsa, boshqa kengaymasligiga va’da berishi kerak;

Foto: m.nashaniva.com
Ikkinchidan, Rossiya va NATO o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida shartnoma imzolanishi, xavfsizlik masalalarida muntazam konsultatsiyalar o‘tkazilishi, qurollar poygasi yuzaga kelmasligi uchun hamkorlikda ish olib borilishi. O‘zlarining Sovuq urushdan keyingi ehtiyojlariga muvofiq bo‘lgan qurollarni nazorat qilish kelishuvlarining imzolanishi;

Uchinchidan, G‘arbning pravoslav mamlakatlarda va pravoslav yo‘nalish kuchli ta’sirga ega bo‘lgan hududlarda asosiy xavfsizlik garovi sifatida Rossiyani tan olishi;

To‘rtinchidan, G‘arbning Rossiya janubidagi musulmon xalqlari bilan bog‘liq xavfsizlik muammolarga duch kelishi mumkinligini tushunishi, G‘arbning oddiy qurollar bo‘yicha shartnomani o‘zgartirishga va bunday tahdidlarga qarshi turishda Rossiya bajarishga majbur bo‘lgan boshqa qo‘shimcha qilmishlariga do‘stona munosabatda bo‘lishi;

Foto: skeptimist.livejournal.com
Beshinchidan, Bosniya ham, G‘arb ham pravoslav manfaatlarini qamrab oluvchi sohalarda Rossiya va G‘arb o‘rtasida kelishuvga erishish.

Agar Rossiya va G‘arb o‘rtasida taxminan shu sohalarda kelishuvga erishilgan bo‘lsa, unda Rossiya ham, G‘arb ham bir-birining xavfsizligiga hech qanday tahdid solmaydi. Sababi Yevropa va Rossiya demografik jihatdan keksa jamiyatlar bo‘lib, tug‘ilish darajasi past va aholi keksayish darajasi yuqori bunday jamiyatlar ekspansionistik va hujumkor tashqi siyosat olib borish uchun yoshlik va jo‘shqinlikka ega emas.

Sardor Ali tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yakuni mavhum bo‘lib borayotgan Ukraina urushi: tarixiy bashorat va yechimlar