date

Putin va Tramp muloqoti Ukraina masalasida yangi bosqich boshladi

Putin va Tramp muloqoti Ukraina masalasida yangi bosqich boshladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 16-oktyabr kuni AQSH rahbari Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda Ukraina bo‘yicha yangi talabni ilgari surgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi Washington Post.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Putin harbiy harakatlarni to‘xtatish sharti sifatida Ukrainadan Donesk oblastidan to‘liq voz kechishni talab qilgan. Buning evaziga u Rossiya armiyasi egallab turgan Zaporijjya va Xerson hududlarining ayrim qismlarini qaytarishga tayyorligini bildirgan.

Gazetaning tahlilida aytilishicha, bu talablar Kreml pozitsiyasining so‘nggi oylarda biroz yumshaganidan dalolat beradi. Vashingtondagi manbalar esa buni ehtimoliy diplomatik “ilgarilash” sifatida baholagan.

Yevropalik yuqori martabali diplomatlar esa bu taklifni keskin rad etish lozimligini ta’kidlagan. Ular Kiyev bu kabi shartga rozi bo‘lsa, “o‘z suverenitetini hech narsa evaziga sotgan bo‘ladi”, deb ta’kidlagan.

The Wall Street Journal esa Tramp ma’muriyati Ukrainaga nisbatan diplomatik bosimni kuchaytirganini qayd etdi. Nashrga ko‘ra, Vashington Rossiya bilan yangi muzokaralar arafasida Kiyevni so‘zsiz kelishuvga undashga urinayotgan. Shu bilan birga, AQSH hukumatining ayrim a’zolari Moskvaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha hozircha keskin chora ko‘rishdan tiyilayotganini tan olgan.

AQSH manbalarining ma’lumoticha, bu bosim asosan Ukraina tomoniga qaratilgan. Bu holat Volodimir Zelenskiyning yaqindagi Vashington tashrifi paytida ham yaqqol ko‘ringan — u yerda Kiyev “Tomahawk” qanotli raketalarini olish bo‘yicha aniq kafolatga ega bo‘lmagan.

Putin va Trampning suhbati ikki soat davom etgani va uning yakunida ikki davlat rahbarlari ikki hafta ichida Budapeshtda yuzma-yuz uchrashishga kelishib olgani ma’lum qilingan.

Ordan bir kun o‘tib, 17-oktyabr kuni Tramp Oq uyda Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan shaxsan muloqot qildi. Suhbatning asosiy mavzusi Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasi bo‘ldi. Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp bu borada hozircha qaror qabul qilmagan va asosiy diqqatini diplomatik yechimga qaratganini bildirgan. Zelenskiy esa “Tramp na ‘ha’, na ‘yo‘q’ demadi”, deya javob berdi.

Shu tariqa, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi telefon suhbati Ukraina atrofidagi muzokaralarning yangi yo‘nalishga kirganini ko‘rsatmoqda. Ammo Kiyev uchun hozircha aniq yechim yo‘q — diplomatiyadagi har bir qadam qiyin sinov bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin va Tramp muloqoti Ukraina masalasida yangi bosqich boshladi