date

Suriyaning yangi rahbari Rossiyadan "diktator"ni qaytarishni so‘radi

Suriyaning yangi rahbari Rossiyadan "diktator"ni qaytarishni so‘radi

Suriyada siyosiy sahna yana jonlandi — mamlakatning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a 15 oktyabr kuni Moskvaga rasmiy tashrif buyurdi. Uning safari Moskva va Damashq o‘rtasidagi munosabatlarga yangi mazmun kiritishi mumkin, deb yozadi Reuters.

Uchrashuv davomida Shar’a Vladimir Putinga Suriyadagi sobiq rejim tomonidan imzolangan barcha kelishuvlar saqlanib qolishini va Rossiya qo‘shinlarining Tartus hamda Xmeymimdagi harbiy bazalarini tark etish masalasi ko‘tarilmasligini ma’lum qildi. Bu ikki baza Rossiyaning Yaqin Sharqdagi strategik nuqtalari va Afrikadagi operatsiyalari uchun muhim logistika markazi sanaladi.

Biroq manbalarning ma’lum qilishicha, yopiq eshiklar ortidagi muzokaralarda Shar’a 2024 yilda hokimiyatdan ag‘darilgandan so‘ng Rossiyaga qochgan diktator Bashar Asadning ekstradisiyasini so‘ragan. Suriyada u haqida rasmiy hibs orderi ham chiqarilgan. Kreml esa bu masalaga izoh bermay, “bu kontekstda xabar beriladigan hech narsa yo‘q”, deb javob qaytardi.

Asad o‘z vaqtida Rossiyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan. Moskva uni 2011 yilda boshlangan fuqarolik urushi paytida hokimiyatda saqlab qolgan. 2024 yil dekabrida esa Rossiya unga siyosiy faoliyatni to‘xtatish sharti bilan boshpana bergan.

Hozirda Asadlar oilasi Moskva-Sitida yashaydi. Ular 18 ta kvartiraga egalik qiladi, deb yozadi Die Zeit. Ma’lumotlarga ko‘ra, Asadlar Suriyadan kamida 250 million dollar naqd mablag‘ni Rossiya banklariga joylashtirgan. Basharning rafiqasi Asma va farzandlari — Hofiz, Zayn va Karim ham Rossiyada. Hofiz Moskva davlat universitetini bitirgan, otasi hokimiyatdan chetlatilishidan biroz oldin nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Asadning ukasi Mohir Asad ham Moskvada. U avval Suriya armiyasining elita bo‘linmasi — 4 zirhli diviziyaga boshchilik qilgan. Keyinchalik u kaptagon nomi bilan mashhur bo‘lgan giyohvand moddalarni ishlab chiqish va sotishni nazorat qilgan davlat narkokartelining rahbari sifatida tilga olingan.

Die Zeit ma’lumotlariga ko‘ra, Bashar Asad Moskvada vaqtining ko‘p qismini videoo‘yinlar o‘ynash bilan o‘tkazadi, ukasi Mohir esa Four Seasons mehmonxonasida yashaydi va vaqtini choy, choynak va ichimlik bilan o‘tkazadi.

The New York Times yozishicha, Asad rejimi qulagandan so‘ng Rossiyaga taxminan 1200 nafar sobiq suriyalik ofitser ko‘chib kelgan. Ular asosan Asadlar kabi alaviy mazhabiga mansub bo‘lgan harbiylardir. Ular orasida Suriya mudofaa vaziri Ali Ayyub, uning o‘rinbosari Ali Abbos, harbiy razvedka rahbari Kamol al-Hassan ham bor.

Bu shaxslar fuqarolar urushi paytida shaharlarni o‘qqa tutish va kimyoviy qurol ishlatish bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanadi. Shuningdek, Asadning “Baas” partiyasidagi Milliy xavfsizlik byurosining sobiq rahbarlari Ali Mamluk va Kifo Malham ham Rossiyada yashamoqda.

Mohir Asad va boshqa zobitlar 2012 yilda Daro shahridagi qirg‘in uchun ham javobgar hisoblanadi. O‘shanda besh kun ichida 700 dan ortiq fuqaro halok bo‘lgan edi.

Hozirda Moskvada yashovchi yana bir shov-shuvli shaxs — Suhayl al-Hassan. U Asad armiyasining maxsus kuchlariga boshchilik qilgan va Idlib hamda Halabdagi kimyoviy hujumlar uchun javobgar shaxs sifatida tilga olinadi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, Rossiya hozir Suriyaning yangi rahbariyati bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilmoqda, biroq Asad rejimi qoldirgan iz mamlakat kelajagi uchun og‘ir siyosiy meros bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suriyaning yangi rahbari Rossiyadan "diktator"ni qaytarishni so‘radi