18 oktyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. NBC News ma’lum qilishicha, aksiyalar mamlakat prezidenti Donald Trampning “avtoritar boshqaruv uslubi va korrupsiyaga moyil siyosati”ga qarshi yo‘naltirilgan.
Tashkilotchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, 2700 dan ortiq joyda mitinglar o‘tkazilgan va ularda qariyb yetti million kishi ishtirok etgan. Eng katta namoyishlar Vashington, Nyu-York va Chikago shaharlarida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi NBC News.
Ishtirokchilar “Qirol yo‘q”, “Demokratiya uchun”, “Boylar davlatni egallab olmoqda” kabi shiorlarni ko‘tarib chiqdi. Aksariyat namoyishlar tinch o‘tgan, Reuters'ning yozishicha, politsiya hibsga olish yoki to‘qnashuv holatlarini qayd etmagan.
Mitinglar Indivisible harakati tashabbusi bilan tashkil etildi. Harakat rahbari Liya Grinberg “Biz faqat tinch yo‘l bilan fikrimizni ifodalashni xohlaymiz. AQSHda hech qachon qirol bo‘lmagan va bo‘lmas ham”, deb ta’kidladi.
Mutaxassislar bu noroziliklarni Tramp ma’muriyati siyosatiga nisbatan kuchayib borayotgan nafratning belgisi sifatida baholamoqda. Ayniqsa, muxoliflarga nisbatan jinoiy ta’qiblar, qochqinlarga qarshi qattiq choralar va shaharlarda tartibni saqlash uchun Milliy gvardiya qo‘shinlaridan foydalanish xalqning sabrini sinamoqda.
Respublikachilar esa bu chiqishlarni “Amerikaga qarshi nafrat namoyishi” deb atadi. Ularga ko‘ra, Tramp ma’muriyatini qoralash orqali muxoliflar mamlakatdagi siyosiy beqarorlikni chuqurlashtirmoqda.
Namoyishlar hukumatning bir qator federal idoralari faoliyati to‘xtab qolgan va minglab davlat xizmatchilari maoshsiz ta’tilga chiqarilgan vaziyatda o‘tdi. Bu holat jamiyatda norozilik kayfiyatini yanada kuchaytirib, iyun oyidagi shunga o‘xshash chiqishlardan keyingi ikkinchi to‘lqin bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!