07:00 / 24.07.2024
26

Amerika taqdirini o‘zgartirgan o‘q yoxud xalq nomzodlarni qanday tanlashi haqida mulohazalar

Amerika taqdirini o‘zgartirgan o‘q yoxud xalq nomzodlarni qanday tanlashi haqida mulohazalar
Fotokollaj; Darakchi
Bu yil kuz fasli ko‘pchilik mamlakatlarda saylovlar fasli sifatida tarixda qoladigan bo‘lyapti. Hech shubhasiz, saylovlar demokratiyaning asosiy elementlaridan biri sifatida jamiyat va siyosat taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Shu yo‘l bilan xalq hokimiyati va boshqaruvi amalga oshadi. Aksariyat ko‘pchilik qatlamning irodasi inobatga olinib, ular hokimiyat tepasiga keladi. Biroq demokratiyaning tenglik tamoyiliga binoan, kichik ovozga ega kamchilik qatlamning ham manfaat va huquqlari ta’minlanadi.

Ideal jamiyatda davlat va xalqni boshqarish uchun har tomonlama to‘kis nomzodlar tanlanishi va ularning ham eng yaxshilariga ovoz berilishi kerak. Agar shunday bo‘lganida, boshqaruv ham ideal hamda muammosiz bo‘lardi. Aytaylik, ikki nomzoddan birini saylash uchun ularning bilim, tajriba va qobiliyatlari, saylovoldi dasturi va rejalari hisobga olinib, eng yaxshi “ball” yig‘a olgan nomzod yuqori lavozimlarga saylanishi kerak. Biroq xalq ommasi bunday qilmaydi. Birinchidan tahlil qilish va oqilona qaror chiqarish uchun hammada ham bilim va siyosiy ong yetarli emas. Ikkinchidan esa, insondan qalbdan tashqari qalb ham bor: u hissiyotlar orqali boshqariladi!

Xo‘sh, xalq nimaga asoslanib nomzodlarni tanlaydi?

Psixologlar, siyosatshunoslar, marketologlar va boshqa tutash soha tadqiqotchilari bu masalasini obdan o‘rganishgan va tegishli xulosalar chiqarishgan. Tanlov borasida bir necha nazariyalar ham ishlab chiqilgan:

Olomon effekti

Odam biror narsani tanlashda (xoh u kiyim bo‘lsin, xoh tushlikda nima yeyish va xoh siyosatchi nomzod) avvalo aksariyat odamlarda “boshqalar nima deyapti”, degan savol tug‘iladi. Otasi futbolga qiziqqan bolalarning ham shu sport turiga moyilligi yuqoriroq bo‘ladi. Tushlikka chiqqanda sheriklaringiz tanlagan ovqatni siz ham tanlaysiz. Biror do‘kon oldida odamlar uzun navbat hosil bo‘lgan bo‘lsa, siz ham o‘sha yerga borasiz. “Shuncha odam bir narsani bilsa kerak” degan fikr xayolingizdan o‘tadi, chunki. Bu tanlovni esa ratsional (oqilona) deb bo‘lmaydi, albatta.

Shu bois, 1971 yilda ekranlarga chiqqan “Omadli jentelmenlar” filmida qamoqdan qochgan qahramondan “Sen nega qochding”, deb so‘rashganida, “Hamma qochdi, men ham qochdim” degani shunchaki latifa emas, bu ham psixologik asoslarga ega.

Xulq-atvor psixologiyasi

2002 yilda Nobel mukofotini olgan psixolog Daniel Kaneman ham shunga o‘xshash hodisalarni, umuman odamning tanlash psixologiyasini o‘rganib, avvalgi xulosalarga zarba berdi. Avvallari siyosatshunoslik va iqtisodiyot bo‘yicha qonun-qoidalar o‘rganilgan. Odamlar ana shunday qoidalar asosida tanlab, oqilona qaror chiqarishga harakat qiladi, deb hisoblashgan.

Amerikalik qora tanli stend-ap komik Deyv Shapell 2000 yiilardagi o‘z chiqishlaridan birida shunday degan edi:

Men prezidentlik saylovlarida kimga ovoz berishimni aniq ayta olaman. Masalan, Bill Klinton uchinchi marta nomzodini saylovga qo‘yganida, yana unga ovoz bergan bo‘lardim, Jorj Bushga emas. Men siyosatchilarning gaplariga va kimligiga qaramayman, men ularning xatti-harakatlariga qarayman. Klinton saylovchilar bilan uchrashuvlardan birida qora tanli chaqaloqni qo‘liga olib, ko‘tardi. Hmmm, dedim, bu odamga ovoz bersa bo‘ladi, dedim. Agar uning o‘rnida Jorj Bush bo‘lganida, qora tanli chaqaloqdan jirkanib, qo‘liga ham olmagan bo‘lardi”.

Ehtimol Klintonning bu ishi populistik harakat bo‘lishi mumkin. Ehtimol uyida yoki “ichida” u qora tanlilarni yomon ko‘rishi mumkin. Biroq jamiyatdagi yurish-turishi va xulq-atvori unga munosabatni belgilab berdi. Bu xatti-harakatlari bilan Klinton jamiyatga “men asil demokratman, hammaning manfaatlarini himoya qilaman” degan mujda yo‘lladi.

Biroq Daniel Kaneman bunga teskari fikr aytdi. U o‘zining «Prospekt nazariyasi»ni ishlab chiqdi. Bular asosida “Xulq-atvor iqtisodiyoti” tamoyillari ham ishlab chiqildiki, u yerdagi xulosalarni bemalol siyosiy tanlovlarga ham tatbiq etish mumkin. Zero, yuqorida zikr aytganimizdek, inson nimani tanlashidan qat’i nazar, hamma gap uning psixologiyasiga borib taqaladi.

Olim Kaneman ishlab chiqqan nazariyaga ko‘ra, odamlarning iqtisodiy tanlovlari standart iqtisodiy qarashlarga to‘g‘ri kelmaydi. Mulohaza qilish va qaror qabul qilish doim ham ratsional yoki optimal bo‘lavermaydi. Hamma gap odamlar ma’lumotni qanday qabul qilishi va ishlov berishiga bog‘liq. Yanada soddalashtirib aytganda, odamning ongiga qanday ta’sir ko‘rsatilsa, u tashqi olam haqida shunday tasavvurda yashaydi va shunga muvofiq qarorlar qabul qiladi!

Mo‘ljal (tayanch) nuqtasi

Tanlovni amalga oshirishda, qaysi bir nomzod yaxshiroq degan savolga javob berish qiyin. Har bir siyosatchining yaxshi va yomon tomonlari bo‘ladi. Yaxshi nomzod qanday bo‘lishi kerak, degan qat’iy me’yor yoki tarozi ham yo‘q.

Bu borada tanlovni “osonlashtirish” uchun marketingda ajoyib bir usul qo‘llaniladi. Masalan, 3 ta bir-biriga o‘xshash tovar qo‘yilib, ulardan biriga o‘ta arzon, boshqasiga esa o‘ta qimmat narx qo‘yiladi. Faqat bitta (sotilishi kerak bo‘lgan) tovarga o‘rtacha narx qo‘yiladi. Inson psixologiyasiga ko‘ra, u o‘rtacha narxdagisini oladi. Chunki arzon narsa sifatsiz, degan tushuncha ustunlik qiladi.

Bu tamoyilning siyosiy saylovlardagi variantidan ko‘pchilik avtoritar davlatlar foydalanishadi. Aytaylik amaldagi rahbar o‘lgunicha shu kursida qolishni istasa, saylovlarda “siyosiy vazni” va obro‘si o‘zi bilan teng yoki baland nomzodlarni saylovlarga yaqin ham keltirmaydi. Hech kim tanimaydigan, har tomonlama saylovchilar hafsalasini pir qiladigan (hatto familiyalari ham jarangsiz) nomzodlar tanlanadi. Ular tayanch nuqtasi vazifasini o‘tashadi. Xalq “ulardan ko‘ra, yana o‘sha o‘zimizga tanish va qadrdon nomzod yaxshi”, degan o‘y bilan, noiloj eski rahbarni “tanlash”ga majbur bo‘ladi.

Populizm va manipulyatsiya

Nomzodlar orasidan ma’qulini tanlashda, shuningdek, targ‘ibot, reklama, manipulyatsiya va populizm ham katta rol o‘ynaydi. Hozirgi dunyoda manipulyatsiya va ruhiy ta’sir qilishga, pi-ar va populizmning ahamiyati kuchayib bormoqda. O‘zi yaxshi nomzod bo‘lsada, biror tadbirda “qovun tushirgan”, istalmagan gaplarni gapirib qo‘ygan siyosatchi avtomatik ravishda nafratga sazovor bo‘ladi. Va aksincha, shu paytgacha faqat xalqqa zarar berish bilan shug‘ullangan siyosatchi esa saylovlar oldidan turli populistik chiqishlar qilib, xalqning mehri va hurmatiga sazovor bo‘lishga harakat qiladi. Chunki jamiyat xotirasi juda qisqa bo‘ladi. Chunki hamma ham tarixni titkilab, tahlil qilib o‘tirmaydi. “Kecha kim bo‘lganing bilan ishim yo‘q, bugun yaxshidek ko‘rinyapsanmi, demak yaxshisan”, degan primitiv qarash ustunlik qiladi, ko‘pincha.

Aytaylik, yaqinda, 13 iyulda sobiq AQSH prezidenti Donald Trampga uyushtirilgan suiqasdni olib ko‘raylik. Saylovoldi mitingida unga o‘q uzishdi, biroq baxtli tasodif bois, o‘q siyosatchining o‘ng qulog‘ini yalab o‘tdi xolos. Bunday holatda Trampning tansoqchilari uni xavfsiz joyga ko‘tarib olib chiqishlari kerak bo‘lsa-da, u bunga ruxsat bermadi, o‘z oyog‘ida minbarni tark etdi. Tramp qo‘riqchilarni to‘xtatib, qo‘lini musht qilib osmonga ko‘tardi-da, “kurashing, kurashing” deya uch marta qichqirdi. Olomon “AQSH, AQSH” deya unga jo‘r bo‘ldi. Yuzi qon va AQSH bayrog‘i fonida qo‘lini musht qilib tepaga ko‘tarib turgan Tramp surati butun OAVlaridan joy oldi. Tramp aksariyat amerikaliklar va hatto dunyo jamoatchiligi oldida jasoratli va qo‘rqmas siyosatchiga, salkam qahramonga aylanib qoldi.

Shuni unutmaslik kerakki, aslida ko‘chmas mulk savdosi orqali milliarderga aylangan Donald Trampda shoumenlik qobiliyati avvaldan bor. U siyosatga aralashuvidan avval ko‘plab televizon ko‘rsatuvlari va shoulari, go‘zallik tanlovlari bilan amerikaliklar orasida mashhur bo‘lgan shaxs.

Shu bois Tramp mazkur suiqasdni ham populistik shouga aylantirib yuborishning uddasidan chiqdi. Bu mahorati unga katta siyosiy foyda keltirdi: tahlilchilarning aytishicha, Trampning g‘olib bo‘lish ehtimoli 30-40 foizga oshdi; shu paytgacha Trampni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatishga ikkilanib turgan respublikachilar partiyasi darrov uning nomzodini tasdiqladi.

Hatto keyinchalik o‘tkazilgan respublikachilar anjumanida qatnashchilar Trampga o‘z birdamliklarini izhor qilib, o‘ng quloqlariga leykoplastir yopishtirilgan holda kelishdi. Tramp esa o‘ng qulog‘idagi o‘qdan qolgan kichik shilinish shaklidagi jarohatiga bosilgan oq lattani bamisli medal kabi faxr bilan taqib yuribdi. Yana biror 10 kun bu latta Trampning qulog‘idan tushmasa ham kerak.

Shuningdek, bu voqea Demokratlar lagerida ham katta o‘zgarish yasadi. Tramp bilan o‘tkazilgan birinchi debatdayoq gaplari chalkashib, fikr tizginini yo‘qotgani bois xalqqa ham, demokratlar partiyasiga ham yoqmay turgan amaldagi prezident Jo Bayden nomzodini poygasidan chiqarib yuborishga qaror qilishdi. Uning o‘rniga vitse-prezident Kamala Harris nomzodi ko‘rsatilishi borasida taxminlar mavjud.

Biroq u Tramp kabi “siyosiy vazn” va mashhurlikka ega emas, qolaversa, “oq tanli” ham emas. Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Harrisning g‘olib bo‘lish imkoniyatlari juda past. Buning ustiga saylovga (5 noyabrga) juda oz vaqt qolgan bo‘lib, bu qisqa muddat ichida Kamala Harrisni xalqqa “sevdirish” oson bo‘lmaydi. Buning uchun Trampga suiqasd voqeasidan ham ko‘ra hissiyotliroq va xalqning mehri yoki achinishini qo‘zg‘aydigan populistik tadbirlar o‘ylab topishga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, AQSHdagi yozilmagan (aniqrog‘i - tasodifiy) an’anaga ko‘ra, respublikachilar va demokratlar partiyalarining vakillari o‘zaro almashib, hokimiyat tepasiga chiqishadi. Bu kelishuv emas albatta. Shunchaki, aytaylik, demokratik prezidentdan hafsalasi pir bo‘lgan xalq, “bu gal respublikachini saylab ko‘raylikchi” deya shunday qarorga kelsa, ehtimol. Masalan, Barak Obama – demokrat edi, u respublikachi Trampga o‘rnini bo‘shatib berdi. Tramp esa demokratlar lageri vakili Jo Baydenga yutqazdi. Endi esa yana bir respublikachi – Donald Trampning hokimiyat tepasiga kelishi bu an’analarga “muvofiq” bo‘lishi mumkin.

Ish bilgan emas, gap bilgan yutadi

Xulosa qilib aytganda, demokratik jamiyatlarda saylovlarda qanday nomzodlar tanlanishi baribir xalqqa bog‘liq. Biroq xalq ongini manipulyatsiya qilish kabi “g‘irrom” usullardan omonda bo‘lish qiyin. Lekin shunday bo‘lsa-da, o‘z bolasiga “taxt”ni meros qoldiradigan yoki o‘lgunicha kursini birovga bermay yashaydigan diktatorlardan ko‘ra, adolatli saylovlar, har holda, yaxshiroq. Bir mashhur siyosatchi aytganidek, demokratiya – eng yaxshi boshqaruv tizimi emas, biroq hali insoniyat undan yaxshirog‘ini o‘ylab topmagan.

Abdulloh Sayyid

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerika taqdirini o‘zgartirgan o‘q yoxud xalq nomzodlarni qanday tanlashi haqida mulohazalar