00:30 / 17.08.2024
321

Afg‘onistonning yangi hukumati qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Afg‘onistonning yangi hukumati qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
“Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganiga 3 yil bo‘ldi. O‘sha paytdagi vaziyat ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. AQSH mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketgach, G‘arb bilan hamkorlik qilgan shaxslar qatag‘onga uchraydi degan hadik bor edi. Qo‘rquv natijasida odamlar samolyot shassisiga osilib bo‘lsa-da, mamlakatni tark etishga harakat qilgandi.

Mazkur voqealardan keyin oradan 3 yil o‘tdi. Shu davr mobaynida afg‘on jamiyatida qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Afg‘oniston hali ham mintaqa uchun xavf tug‘diradimi? Rivojlangan davlatlarning bu o‘lkada qanday manfaatlari bor? “Daryo” ana shu mavzuda siyosatshunos Abduvali Soyibnazarov bilan suhbatlashdi.

O‘tgan yillar mobaynida Afg‘oniston hukumati jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchidan, mamlakat ancha tinch, xavfsiz va barqaror. Ikkinchidan, iqtisodiy barqarorlik yuzaga kelmoqda. Bir vaqtlar sovetlar qurgan zavod-fabrikalar qayta tiklanib, mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bu milliy valyutaning barqarorlashuviga olib keldi.

Abduvali Soyibnazarov:
— “Tolibon” korrupsiyani birmuncha jilovlashga muvaffaq bo‘ldi. Korrupsiya botqog‘iga botgan siyosatchilarmi, amaldorlarmi – kim bo‘lishidan qat’i nazar, panjara ortiga tashlanmoqda. Poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilikka qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Ammo ayrim G‘arb tashkilotlari buni Afg‘onistonda inson huquqlarining buzilishi, deb baholayapti”.

Katta davlatlarning Afg‘onistondagi manfaatlari masalasiga keladigan bo‘lsak, misol uchun AQSHning maqsadi Markaziy Osiyoda o‘z ta’sir doirasini kuchaytirish. Afg‘oniston esa mintaqaning qoq markazida joylashgan, uning hududi orqali qulay tranzit yo‘laklar o‘tkazish mumkin. Shu sabab Qo‘shma Shtatlar rahbariyati Markaziy Osiyoga oid siyosiy yondashuvlarni ishlab chiqish chog‘ida masalaga bu yerdagi mamlakatlarning boshqa katta davlatlar, ya’ni Rossiya va Xitoy ta’siriga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik konsepsiyasidan yondashdi.

Xitoy esa tabiiy boyliklarni o‘zlashtirishga sarmoya kiritmoqda. Bu yerda juda katta mablag‘ haqida gap ketyapti – taxminan 2 trillion dollar. Ammo Xitoy doimgidek, sabrli siyosat olib bormoqda, ya’ni shoshmasdan, asta-sekinlik bilan kirib borish. Yodingizda bo‘lsa, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida Pokistonga katta mablag‘ kiritgan edi, ammo guvohi bo‘layotganimizdek, bu yerda xitoylik ishchilarga tez-tez hujumlar sodir bo‘lmoqda. Xitoy man shu tajribadan kelib chiqib, Afg‘onistonda o‘z siyosatini olib boradi.

AQSH va G‘arb shu vaqtga qadar afg‘on xalqiga tegishli bo‘lgan 10 milliard dollar mablag‘ni qaytarishdan bosh tortyapti. Toshkentda iqtisodiyot va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy qiziq gapni aytgan edi. Ya’ni, Afg‘onistonni ko‘karib turgan daraxtga qiyoslasak, uning tagiga suv quyilmasa, albatta qurib qoladi.

Shuning uchun biz afg‘on xalqining farovonligini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishga harakat qilyapmiz. Ammo G‘arbda saqlanayotgan mablag‘larsiz iqtisodiyotni ko‘tarishga qiynalyapmiz.

Agar Afg‘onistonda iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlik qaror topmasa, mamlakatda ishsizlik kuchayadi, oqibatda odamlar qo‘liga qurol oladi, mamlakat yana urush va o‘zaro qirg‘inbarotga qaytadi. Afsuski, Ukraina va Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar tufayli Afg‘onistonda yuz berishi mumkin bo‘lgan mana shunday noxush ssenariylar jahon hamjamiyatining e’tiboridan chetda qolmoqda.

Shu bilan birga Afg‘onistonda “Tolibon”ning hokimiyat tepasiga kelganiga uch yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan harbiy paradlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatda hukm surayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga qaramasdan, “Tolibon” qurolli kuchlar sonini muttasil oshirib bormoqda, AQSH mablag‘lari evaziga “jihod maktablari” qurilmoqda, degan gap-so‘zlar tez-tez yangrab turibdi. Xo‘sh, bu O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun qanchalik xavfli? Afg‘oniston biz uchun hamkordan xatarga aylanishi mumkinmi?

Abduvali Soyibnazarov:
— “Nazarimda, bunday gaplar provokatsiyadan boshqa narsa emas. “Tolibon” vakillari ular tarafidan O‘zbekistonga hech qanday xavf bo‘lmasligi yuzasidan kafolat bergan. O‘zbekiston avvalboshda “Tolibon” bilan o‘zaro manfaatli aloqalari rivojlantirish yo‘lidan bordi. Garchi dunyo mamlakatlari “Tolibon”ni tan olmayotgan bo‘lsa-da, afg‘on xalqi bizning azaliy qo‘shnimiz, bitta daryodan suv ichamiz, o‘rtada umumiy chegara bor. Shuning uchun yaxshi qo‘shnichilik aloqasi ikki tomon uchun ham eng maqbul yo‘l”.

Katta davlatlarning manfaatlari to‘qnashayotgan Afg‘oniston o‘zining siyosiy-iqtisodiy mustaqilligini, mavqeini saqlab qolishda O‘zbekistonga bemalol suyana oladi. Birinchidan, biz mustaqillikning ilk yillarida bunday “o‘yin”larni ko‘rdik, ikkinchidan, O‘zbekiston rahbariyati Afg‘onistonning turli xalqaro forumlarda ishtirok etib, jahon hamjamiyatining to‘laqonli a’zosiga aylanishi uchun sa’y-harakatlar olib bormoqda.

Tolibon” harakati hokimiyatga kelganidan beri xavfsizlik ta’minlandi, o‘g‘rilar yo‘q. Ba’zi muammolar bor edi, lekin hozir ular ham yaxshi. Biz “Tolibon”dan minnatdormiz. Faqat ish bilan bog‘liq muammolar mavjud, lekin boshqa masalalar yaxshi”, deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Xudoga shukur, biznes qilishga imkoniyat yaratilgan, urush yo‘q, qayerga sayohat qilsangiz ham, sizni hech kim bezovta qilmaydi. Kechasi soat o‘n ikkida ham istagan joyingizga borishingiz mumkin, hech kim e’tiroz bildirmaydi. Biz “Tolibon” hukumatidan mamnunmiz”, deydi mahalliy tadbirkor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonning yangi hukumati qanday ishlarni amalga oshirmoqda?