13:02 / 26.09.2024
133

Dong‘i dunyoga ketgan maxfiy idora faoliyatiga nazar

Dong‘i dunyoga ketgan maxfiy idora faoliyatiga nazar
Foto: Getty Images
Zaharlangan tish pastasi, og‘u qo‘shilgan shokolad, minalangan telefon, bomba o‘rnatilgan avtomobil, sohibjamol jazman niqobidagi josus... Isroil maxsus xizmati – «Mossad» haqidagi gap ketganda, shu kabi detallar yodga keladi. Yahudiy davlati maxfiy idorasi haqida mahobatu mubolag‘aga yo‘g‘rilgan mishmishlar, afsonanamo gaplar ham ko‘p. Xo‘sh, mazkur maxfiy xizmatning qo‘li chindan ham hammayoqqa yetadimi? «Mossad» ayg‘oqchilari rostan ham har yerda hoziru nozirmi? Ushbu maqolada dong‘i dunyoga ketgan maxfiy idora faoliyati haqida hikoya qilamiz.

Davlat ichidagi davlat

«Mossad» (ibroniy tilida – «Razvedka va maxsus vazifalar idorasi», qisqa qilib aytganda, «Idora») Isroilning «AMAN», «Shabak» kabi uch asosiy maxsus xizmatlaridan biridir. «AMAN» harbiy razvedka faoliyati bilan shug‘ullansa, «Shabak» ko‘proq mamlakat ichki xavfsizligiga mas’ul sanaladi. «Mossad» esa xuddi AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi kabi xorijiy davlatlarda josuslik faoliyati olib boradi. Aksar qonunlarga bo‘ysunmasligi, birgina mamlakat bosh vaziriga itoat etgani sabab «Mossad» «davlat ichidagi davlat» ham deb ataladi.

Isroil maxsus xizmati tarixi o‘tgan asrning 20-yillariga borib taqaladi. Buyuk Britaniya mandati ostidagi Falastinga Yevropadan ko‘p sonli yahudiylar ko‘chib kelishi mahalliy aholiga xush kelmaydi. Kelgindi yahudiylar va falastinliklar o‘rtasida tez-tez ziddiyat va to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Shu tariqa 1929 yili yahudiylar o‘z jamoasini himoya qilish uchun «Shay» deb nomlangan razvedka guruhini tashkil etadi. Yashirin guruh vakillari o‘z millatdoshlarini himoya qilib qolmay, Isroil davlati tuzilishiga qarshi bo‘lganlarni ham ta’qib etadi.

«Shay» razvedka guruhi vakillari.1948 yil. Foto: AP
1948 yili Isroil davlati tashkil topgach, «Shay» razvedka guruhi vakillari mamlakat maxsus xizmatida asosiy lavozimlarni egallaydi. Dastlab Buyuk Britaniya modeli asosida mudofaa vazirligi tizimida «Aman» va «Shabak» tashkilotlari tuziladi. Maxsus xizmat vakillari o‘rtasidagi ziddiyatlar ortidan 1951 yili AQSH modeli asosida «Mossad» tashkil etiladi.

1952-1963 yillarga Isroil razvedka va xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan Isser Xarel kam sonli xodimlardan iborat mo‘jaz tuzilmani bir necha ming kishilik ulkan kuchishlatar tashkilotga aylantirdi. Uning davrida xizmatga qabul bo‘yicha qat’iy standartlar ishlab chiqildi, maxsus ta’lim muassasasi ochildi.

«Girdogirdimizda son jihatdan ustun dushmanlar. Shu bois biz razvedka xizmatimizni imkon qadar kuchli qilishimiz kerak. U qo‘limizni uzun qiladi, vaqt va makon taqchilligini to‘ldiradi», – degan edi Isser Xarel.

Xarel Isroil tarixida ichki va tashqi razvedkaga rahbarlik qilgan yagona shaxs sanaladi. U bosh vazir David Ben-Gurion davrida mamlakatning ikkinchi odamiga aylangandi.

«Mossad»ning otasi Isser Xarel (1912-2003). Foto: Google Images
Xarel davrida dunyo bo‘ylab «Mossad»ning yashirin ayg‘oqchilik tarmog‘i tuzildi. Ming bir chig‘iriqdan o‘tkazib ishga qabul qilingan xodimlardan professionalizm va fidoyilik talab qilingan. Masalan, «Mossad»ning nomi chiqqan agentlaridan biri Eli Koen Suriya rahbariyati ishonchini qozonib, Tel-Avivga o‘ta muhim ma’lumotlarni yetkazishga muvaffaq bo‘lgan edi. Koen Isroil ayg‘oqchisi ekani fosh etilib, 1965 yil 18 may kuni Damashqda osib o‘ldirilgan bo‘lsa-da, u taqdim etgan ma’lumotlar keyinchalik Olti kunlik urushda g‘alaba qozonish va Suriyadan Jo‘lon tepaliklarini tortib olishda Isroilga qo‘l kelgani aytiladi.

«Mossad» chetda o‘z ayg‘oqchilarini ko‘paytirish bilan birga ko‘ngillilar (sayanim) xizmatini ham yo‘lga qo‘ydi. Sayanim bu Isroil maxsus xizmatiga ixtiyoriy ravishda ko‘mak beruvchi yahudiy diasporasi vakillaridir. Shtatdan tashqari xodim vazifasini bajaruvchi sayanimlar shtatdagi josuslar kabi tizimda muhim o‘rin tutadi.

«Damokl qilichi»dan «Xudoning g‘azabi»ga qadar

1960-yillardan boshlab «Mossad» chet ellarda yirik amaliyotlarni o‘tkazishga kirishdi. Natsistlar boshqaruvi davrida yuqori lavozimda faoliyat yuritgan Adolf Eyxmanning Lotin Amerikasidan tutib keltirilishi idora tarixidagi eng mashhur amaliyotlardan biri sanaladi.

Ikkinchi jahon urushi davrida yahudiylar natsistlar hokimiyati tomonidan ta’qid va tazyiqqa uchragani ma’lum. Isroil tashkil etilgan ilk kunlardanoq davlat rahbariyati maxsus xizmatga turli yo‘llar bilan jazodan qutulib qolgan sobiq natsist amaldorlarni topish vazifasini yuklagan edi.

«Holokost me’mori» deb atalgan, Hitler hukumatida «yahudiylar masalasini uzil-kesil hal etish»ga mas’ul sanalgan Adolf Eyxman urushdan keyin Argentinaga qochib ketgan, boshqa ism-familiya bilan yangi hayot boshlagan edi.

Adolf Eyxman Isroil sudida. Foto: Getty Images
1960 yili Isroil maxsus xizmati Eyxman Argentinada yashiringanini aniqlaydi. O‘sha yilning may oyida agentlar uni ummon osha o‘g‘irlab keladi. Uchinchi reyx ofitseri sud hukmi bilan Isroilda qatl etiladi.

Bir necha yil o‘tib «Mossad» Misrga qarshi amaliyot uyushtiradi.

1962 yilning 22 iyulida Misr o‘rta masofaga uchuvchi ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazadi. Qo‘shni davlat harbiy salohiyati oshishini Isroilga tahdid deb bilgan maxsus xizmat nemis mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ballistik raketa loyihasini yo‘qqa chiqarishga qaror qiladi. «Damokl qilichi» deb atalgan amaliyot doirasida avvaliga nemis muhandislariga tahdidli maktublar yuboriladi. Bundan natija chiqmagach, terror usuli qo‘llanadi. Pochta orqali yuborilgan, portlovchi modda joylangan maktubni olgan muhandislar halok bo‘ladi. Loyihaning ayrim a’zolari esa izsiz yo‘qoladi.

1963 yil mart oyida Shveysariyada Isroilning ikki josusi qo‘lga olinadi. Ular Misr raketa loyihasi ishtirokchilarining yaqinlariga tahdid qilishda ayblanadi. Yashirin amaliyotdan xalqaro jamoatchilik xabar topgach, «Mossad» rahbari Isser Xarel iste’fo berishga majbur bo‘ladi.

«Xudoning g‘azabi» deb atalgan amaliyot «Mossad» tarixida eng uzoq – 20 yildan ziyod davom etgan.

1972 yili Myunxendagi Olimpiada o‘yinlari payti Falastinga aloqador deb aytiladigan «Qora sentyabr» tashkiloti uyushtirgan qo‘poruvchilik harakati oqibatida Isroil termasi jamoasining 11 a’zosi halok bo‘ladi. «Mossad» ushbu teraktga aloqador shaxslarni yo‘q qilish uchun aynan terror usulidan foydalangan holda amaliyot o‘tkazadi. Myunxen teraktiga aloqador so‘nggi shaxs 1991 yilda o‘ldirilgan.

Boshqa amaliyotlarda bo‘lgani kabi «Xudoning g‘azabi» degan ramziy nom bilan atalgan qasos operatsiyasi davrida ham tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. Xususan, 1973 yili «Mossad» agentlari Norvegiyaning Lillexammer shahrida falastinlik Ali Hasan Salamiy o‘rniga marokashlik ofitsiantni otib o‘ldiradi. Salamiy oxir-oqibat 1979 yili Bayrut shahrida o‘ldiriladi, ammo portlash oqibatida to‘rt nafar begunoh odam ham halok bo‘ladi. Amaliyotda mobaynida tergov va sudsiz qatllar amalga oshirilgani, begunoh insonlarning qoni to‘kilgani tanqidlarga sabab bo‘lgan.

1986 yili Isroil yadro markazi xodimi Mordexay Vanunu Avstraliyaga qochib ketadi va xalqaro jamoatchilikka Isroil yadro dasturi, atom bombasi haqida ma’lumot beradi. «Mossad» agentlari Mordexay Vanununi Rimga aldov yo‘li bilan keltirib, so‘ng Isroilga o‘g‘irlab kelishadi. Davlatga xiyonatga ayblangan yadrochi olim 18 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

«Mossad» o‘z faoliyati mobaynida sudsiz qatllarni amalga oshirgani haqida yuqorida aytgan edik. 1988 yilning 16 aprelida FATH harakatining harbiy qanoti rahbari Xalil al-Vazir (Abu Jihod) ham ayni shu usulda o‘ldiriladi. Operatsiyaga keyinchalik Isroil bosh vaziri lavozimiga saylangan Exud Barak boshchilik qiladi.

Abu Jihodning uyi tarhini qo‘lga kiritgan «Mossad» agentlari avvaliga xuddi shunday tuzilishga ega uyda mashqlar o‘tkazadi. 16 aprel tunida rezina qayiqlar orqali Tunis sohiliga chiqqan maxsus guruh avtobusda livanlik sayyohlar niqobida FATH harakatining harbiy qanoti rahbari uyiga yetib boradi. Operatsiya davomida Abu Jihodning qo‘riqchilari va o‘zi o‘ldiriladi.

Manbalarga ko‘ra, o‘shanda amaliyot rahbari Exud Barak qo‘shni uyda FATHning yana bir yetakchisi (ayni paytda Falastin prezidenti) Mahmud Abbos yashashidan xabar topadi va uni ham o‘ldirishni taklif qiladi. Guruh a’zolari qo‘lga tushib qolish xavfi sabab bu rejani rad etadi. Tunis politsiyasi yolg‘on chaqiruvchilar orqali chalg‘itib turiladi. Agentlar guruhi Isroilga talafotsiz qaytadi.

Amaliyotdan xabar topgan Tunis hukumati BMT Xavfsizlik kengashiga shikoyat qiladi. Xavfsizlik kengashi Tunis suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzgan holda amalga oshirilgan amaliyotni qoralovchi rezolyutsiya qabul qiladi.

«Mossad» direktorlari mamlakat bosh vaziri va prezidenti bilan. Chapdan: Yosi Koen, Shabtay Shavit, Tamir Pardo, Naxum Admoni, Efraim Xalevi. Foto: Isroil hukumati
Xatolar, muvaffaqiyatsiz amaliyotlar

«Mossad» agentlari haqida ko‘pchilikda o‘z ishining ustasi, har qanday murakkab topshiriqni bexato va mukammal ado etadigan xodim degan tasavvur shakllangan. Ammo Isroil maxsus xizmatining muvaffaqiyatsiz yakunlangan amaliyotlari ham talaygina.

1997 yilning 25 yanvarida Iordaniya poytaxti Amman shahrida Falastinning HAMAS harakati rahbari Xolid Mash’alga suiqasd uyushtiriladi. Ko‘chada ketayotgan Mash’alning qulog‘iga zahar sepib qochmoqchi bo‘lgan ikki «mossad»chi qo‘lga olinadi. Iordaniya hukumatining talabi bilan Isroil hukumati ziddi zaharni taqdim etadi. Shu tariqa ayni paytda HAMASning rahbarlaridan biri sanalgan Xolid Mash’al tirik qoladi. Isroil ikki agentini iordan politsiyasi qo‘lidan qutqarish uchun HAMASning ma’naviy rahbari Ahmad Yosin va uning 70 nafar safdoshini ozod qilishga majbur bo‘ladi. Isroil agentlari Iordaniya hududiga Kanada pasporti bilan kirgan edi. Shu sabab Tel-Aviv va Ottava o‘rtasida diplomatik taranglik ham yuzaga keladi.

1998 yil fevral oyida «Mossad» xodimi Isxak Ben-Tal Shveysariyada Eronning BMTdagi vakolatxonasini yashirin ravishda tinglash urinish payti qo‘lga olingan. Ushbu mojaro ortidan «Mossad» rahbari Dani Yatom ishdan ketgan.

«Mossad» agentining Polshada hibsga olinishi. Foto: AP
2004 yili Isroil maxsus xizmatining ikki xodimi noqonuniy yo‘l bilan Yangi Zelandiya pasportini olishga urinish payti hibsga olingan.

Darvoqe, 1995 yil 4 noyabr kuni Isroil bosh vaziri Isxak Rabinning poytaxt Tel-Avivda o‘ta o‘ngchi ekstremist Igal Amir tomonidan otib o‘ldirilishi ham maxsus xizmatlar uchun sharmandali hodisalardan sanaladi.

Bir yil avval, 2023 yil 7 oktyabrida Falastinning HAMAS harakati va «Islom jihodi» guruhi jangchilari Isroil hududiga bostirib kirdi. «Isroilning 11 sentyabri» deb baholangan hujum oqibatida 1200 dan ziyod isroillik halok bo‘ldi. Tahlilchilar fikricha, bu voqea «Mossad»ning «qudratli, yengilmas va har yerda hoziru nozir» ekani haqidagi tasavvurlarning chok-chokidan so‘kilishiga olib keldi.

Nishonda – Eron

Ekspertlarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Tel-Aviv va Tehron o‘rtasida ziddiyatlarning kuchayishi fonida «Mossad» Eronga qarshi amaliyotlarni kuchaytirgan.

2020 yil 27 noyabr kuni Tehron shahri yaqinida Eron yadro dasturining rahbari Muhsin Faxrizoda sirli ravishda o‘ldirildi. «The New York Times» gazetasining xabar berishicha, taniqli fizik olim «Mossad» agentlari tomonidan robot qotil yordamiga mahv etgan.

Isroil josuslik xizmati Muhsin Faxrizodani 2009 yildan buyon o‘ldirishga harakat qilib kelgan. 2018 yili AQSH Eron bilan tuzilgan yadro bitimidan bir tomonlama chiqib ketgach, Isroil razvedkasi Faxrizodaga qarshi yangi suiqasd rejasini tuzgan.

Foto: Getty Images
Ma’lum bo‘lishicha, Faxrizoda harakatlanayotgan avtomobil masofadan turib boshqarilgan «FN MAG» pulemyotidan o‘qqa tutilgan. Bir tonnalik konstruksiya Eron hududiga qismlarga bo‘lgan holda olib kirilgan va qayta yig‘ilgan. Robot qotil Eronda keng tarqalgan Zamyad avtomobiliga o‘rnatilgan. Avtomobil Faxrizoda doim o‘tadigan yo‘lda kutib turgan va uning mashinasi yaqinlashishi bilan masofadan turib o‘q yog‘dirgan. Nishon yo‘q qilingach, mashina portlatib yuborilgan.

«Mossad»ning sobiq rahbari Yosi Koen 2021 yilda bergan intervyusida Isroil maxsus xizmatining Faxrizodaning o‘limiga aloqador ekanini na tan oldi, na rad etdi. Ammo eronlik olim ko‘p yillardan buyon «Mossad»ning nishonida bo‘lgani, chunki uning yadro fizikasi bo‘yicha bilimlari xavotir uyg‘otganini qayd etgan.

2021 yil aprel oyida fors o‘lkasining Natanz shahrida joylashgan yadro inshootida portlash ro‘y bergan. AQSH matbuoti ushbu portlashda ham Isroilning qo‘li borligi haqida yozadi.

«Tinchlik xohlasang, urushga tayyorlan!»

Isroil davlati «Mossad»ga juda katta moddiy va ma’naviy dastak berib keladi. Manbalarda idoraning yillik budjeti 10 milliard shekel (qariyb 2,73 milliard dollar) ekani, shtatdagi xodimlari soni 7000 nafarni tashkil qilishi qayd etilgan. Dunyo bo‘ylab tarqalgan shtatdan tashqari xodimlar, axborot yetkazuvchilar ham alohida katta armiya sanaladi.

«Mossad» tarixi va tadrijini o‘rgangan tadqiqotchilar tizim vakillari dushmanlarini yo‘q qilishda shafqatsiz usullardan ham toymasligiga e’tibor qaratgan. Yahudiy diniy kitoblarida keltirilgan «Xiyla va aldov yo‘li bilan urush olib bor» degan naql maxfiy xizmatning shiorlaridan sanaladi.

«Odam o‘ldirishga odatlanib qolasan. Inson joni xuddi puf etsa uchib ketadigandek qadrsiz tuyuladi. 15-20 daqiqa o‘ylab, kimni o‘ldirish borasida qaror qabul qilasan. 2-3 kun o‘ylab, buni qanday usulda amalga oshirishni hal qilasan. Seni oqibatlar emas, taktika qiziqtiradi», – deydi maxsus xizmat tizimida rahbar lavozimlarda ishlagan Ami Ayalon.

«Mossad» vakillari sovuqqonlik, shafqatsizlikni, sudsiz qatllarni vatan xavfsizligi maqsadi bilan oqlashga urinadi.

«Senga himoyasi ishonib topshirilgan fuqarolar hayotini saqlab qolar ekansan, qandaydir axloqiy dilemmalar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas», – deydi «Mossad» rahbarining sobiq o‘rinbosari, Knesset deputati Ram Ben-Barak.

Jurnalist Ronen Bergmaning yozishicha, Isroil rahbariyati davlat mavjudligi xavf ostida deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra, raqiblar qalbiga qo‘rquv va sarosima solish uchun shafqatsiz usullarga bemalol murojaat etiladi.

Dunyo hamjamiyati Isroil maxsus xizmati o‘z amaliyotlarida xalqaro huquq me’yorlari, qonun chegaralarini buzishiga e’tiroz bildirib keladi. Misolni uzoqdan izlash shart emas.

Joriy yil 17-18 sentyabr kuni Livan bo‘ylab peyjerlar va boshqa elektronika mahsulotlarining ommaviy portlashi ro‘y berdi. Portlashlar natijasida minglab kishi jarohatlandi, o‘ndan ziyod kishi halok bo‘ldi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va «Mossad»ning amaldagi rahbari David Barnea. Foto: KOBI GIDEON/GPO
«Reuters» agentligi va «Al Monitor» nashri Yaqin Sharqdagi razvedka xizmatlariga tayanib yozishicha, portlashlar «Mossad» tomonidan amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, Isroil maxsus xizmati «Hizbulloh» harakati Tayvan shirkatidan sotib olgan peyjerlarni mahsulot buyurtmachiga yetib borgunga qadar bo‘lgan jarayonda minalashtirgan.

Amaliyot garchi Isroilning dushmani – «Hizbulloh» a’zolariga qaratilgan bo‘lsa-da, bundan tinch aholi vakillari, butun Livan aholisi aziyat chekdi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ham Livandagi portlashlarni keskin qoraladi.

«Tinch aholi orasida vahima uyg‘otishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlari harbiy jinoyat sanaladi», – deyiladi bayonotda.

Oliy komissar hatto urush sharoitida ham amal qilinishi kerak bo‘lgan qoidalar mavjudligini eslatgan.

«Tinchlik xohlasangiz, urushga tayyorlaning» degan gap bor. Bu naql dunyo kiprikdagi yoshdek qalqib turgan, kurrai arz bo‘ylab qirg‘inbarot urushlar avj olgan bugungi zamonda yanada dolzarblik kasb etayotgandek. Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil Yaqin Sharqda bir necha frontda urush olib borar ekan, maxsus xizmatlar zimmasidagi mas’uliyat ham oshib boradi. Ayg‘oqchilik xizmatining xatti-harakatlari qonuniyligi bo‘yicha savollar ham kun tartibidan tushmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dong‘i dunyoga ketgan maxfiy idora faoliyatiga nazar