date

Olimlar 117 yoshga yetgan ayol uzoq umrining asosiy sabablarini topdi

Olimlar 117 yoshga yetgan ayol uzoq umrining asosiy sabablarini topdi

Dunyoda eng keksa insonlardan biri sifatida tanilgan Mariya Branyasning 117 yoshgacha yashashiga sabab bo‘lgan omillar bo‘yicha olimlar aniq tahlil o‘tkazdi. Science Alert tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Branyasning organizmida noyob genetik xususiyatlar mavjud bo‘lib, ular inson umrini uzaytirish, yurak va miya salomatligini saqlash, shuningdek immun tizimini mustahkam holatda ushlab turish bilan bog‘liq ekani aniqlangan.

Ispaniyalik olimlar Cell Reports Medicine jurnalida e’lon qilingan maqolada ushbu natijalar inson qarish jarayoni biologiyasini yangicha tushunishga turtki bo‘lishi, sog‘lom qarish belgilarini aniqlash va umr davomiyligini uzaytirishga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Tadqiqotlar Branyas 2024-yilda vafotidan avval ixtiyoriy topshirgan qon, so‘lak, siydik va najas namunalari asosida amalga oshirildi. Barselonadagi Jozep Karreras nomidagi Leykemiya tadqiqotlari instituti olimlari uning hujayralari xronologik yoshiga qaraganda ancha yoshroq holatda bo‘lganini qayd etdi. Bu esa Kataloniyadagi ayollar uchun o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligidan qariyb 30-yilga ko‘proq yashash imkonini berdi.

Mariya Branyas yoshi ulug‘ bo‘lishiga qaramay, yurak-qon tomir tizimi sog‘lomligi, yallig‘lanish darajasining pastligi va immunitet ko‘rsatkichlari yosh guruhlarnikiga yaqinligi bilan ajralib turgan. Uning ichak mikrobiomasi ham juda yaxshi holatda bo‘lgan. Olimlar ta’kidlaganidek, u yerda «yomon» xolesterin va triglitseridlar darajasi juda past, «yaxshi» xolesterin esa o‘ta yuqori ko‘rsatkichlarda qayd etilgan.

Olimlar bu holatlar Mariyaning noodatiy uzoq umr ko‘rishini va a’lo darajadagi sog‘lig‘ini izohlashga yordam berishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Shu bilan birga, u faqat genetikada omadli emas, balki intellektual, ijtimoiy va jismoniy jihatdan ham faol hayot tarzi bilan ajralib turgan. O‘rtayer dengizi diyetasi, xususan, yuqori yogurt miqdoriga ega parhez ham uning uzoq umrida muhim omil sifatida qayd etildi.

Biroq olimlar yodga olishicha, bunday holatlar alohida shaxs misolida o‘rganilganda cheklangan qiymatga ega bo‘ladi. Ularni keng jamoatchilikka tatbiq etish uchun ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar 117 yoshga yetgan ayol uzoq umrining asosiy sabablarini topdi