Eron hududida joylashgan va Osiyodagi eng katta sho‘r suv havzasi hisoblangan Urmiya ko‘li butunlay qurib qoldi. Mazkur holat nafaqat ekologlar, balki jamoatchilik va muxolifat OAVlari orasida ham katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ko‘lning yo‘qolishi to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumatning suv siyosati bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda bir milliondan ziyod noqonuniy quduqlar qazilib, yer osti suvlari keskin kamayib ketgan. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasi umumiy suv resurslarining 88 foizini sarflayotgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotning ichki mahsulotida atigi 10 foiz ulushga ega.
Ekologlar Urmiya ko‘lining qurishi oqibatida tabiiy muhitda jiddiy muammolar yuzaga kelganini ta’kidlashmoqda. Xususan, qurg‘oqchilik natijasida shamollar kuchayib, dehqonchilikni amalga oshirish deyarli mumkin bo‘lmay qolgan. Bu esa mintaqada oziq-ovqat xavfsizligi va aholi turmush tarzi uchun katta tahdid yaratadi.
Ko‘lning yo‘qolishi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga ham olib kelishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.