
© Sputnik / Asatur Yesayans
Londonda “Xamsa” asarining noyob qo‘lyozmasi topildi, deya xabar berdi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati.
Buyuk Britaniyada bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi Plambli auksion uyida saqlanayotgan ayrim qo‘lyozmalar bilan tanishdi. Ulardan biri sharq mumtoz adabiyoti vakili Xoji Kirmoniy tomonidan 1524 yilda ko‘chirilgan “Xamsa” asarining qo‘lyozmasi, yana biri Shamsiddin Muhammad Assor tomonidan 1494 yilda Tabrizda ko‘chirilgan “Shams va Mushtariy” dostonidir.

© O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markazi
Aytilishicha, har ikkala qo‘lyozma temuriylar davri kitobat san’ati ta’sirida yaratilgan. Shuningdek, ishtirokchilar Markaziy Osiyo madaniy merosiga oid osori-atiqalar, jumladan, VIII asrga mansub sug‘diylar libosi, somoniylar davriga tegishli bo‘lgan sopol idishlar, qadimiy binolarga oid koshinlar, mamluklar va temuriylar davrida ko‘chirilgani taxmin qilingan Qur’oni karim qo‘lyozmalari bilan tanishtirildi.

© O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markazi
Navoiy ijodining yuksak cho‘qqisi "Xamsa" asaridir. Uning yaratilishi turkiy xalqlar adabiyotida muhim voqelik bo‘lgan. Shoir birinchilardan bo‘lib, turkiy tilda to‘liq "Xamsa" yaratdi va shu bilan turkiy tilda ko‘lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. “Xamsa” ya’ni “Besh doston” asarini yaratish - mumtoz sharq adabiyotining eng mukammal an’analaridan biri bo‘lgan. Shu sabab ham tarixda “Xamsa” asarini yaratgan shoirlar barmoq bilan sanarli. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus to‘xtalib, “Xamsa” ning har bir dostoni yozilishini kunning ma’lum vaqtlarida o‘qiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlariga o‘xshatadi.

© O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markazi
Navoiyning “Xamsa” asari “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabai’ sayyor” va “Saddi Iskandariy” kabi yirik dostonlardan iborat.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar