25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan samolyoti Qozogʻistonning Oqtov shahri yaqinida qulab tushdi. 38 kishi halok boʻlgan. Euronews va Reuters Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayanib bergan ma'lumotlarga koʻra, samolyot halokatiga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi zarbasi sabab boʻlgan. Grozniy ustida «Ukraina dronlari faolligi kuzatilayotgan» vaqtda samolyotga raketa otilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar etkazgan.
28 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga telefon qilib, «Rossiya osmonida roʻy bergan fojiali hodisa» uchun uzr soʻradi, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Ilhom Aliyev esa ushbu holatda Rossiyadan aybdorlikni rasman tan olishni, qurbonlarning oilalari hamda Ozarboyjon davlatiga tovon toʻlashni talab qilmoqda. Kun.uz ushbu xalqaro vaziyat yuzasidan mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan bogʻlanib, ulardan izoh oldi.
Shuhrat Rasul, siyosiy tahlilchi:
«Matbuotda Rossiya tomoni «Kovyor» tizimiga apellyatsiya qilmoqda. Bu qanaqa tizim? U joriy qilingan hududda, ya'ni harbiy teatrda, uchayotgan har qanday ob'ekt oʻzini identifikatsiya qilmasa, protokol boʻyicha urib tushirilishi kerak boʻladi. Endi bu ma'noda ular oʻzlarini harbiy protokolni bajargandek koʻrsatmoqda. Lekin juda katta ehtimol bilan bu erda ikkita variant bor.
Birinchisi, «Pantsir-S1» havo hujumidan mudofaa tizimlarini ekspluatatsiya qilayotganlarning tajribasizligi oqibatida boʻlishi mumkin. Ikkinchisi esa ushbu qurolda avtomatik boshqaruv, nishonga olish tizimlari mavjud. Mana shu avtomatik boshqaruv tizimlari ishga tushib ketgan boʻlishi mumkin.
Nima boʻlganda ham, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bu qasddan amalga oshirilmaganini aytdi. Bu bilan u Rossiya tomoniga vaziyatdan yuzini saqlab qolgan holda chiqish uchun bir imkoniyat berdi. Lekin bu imkoniyatdan Rossiya tomoni nimagadir foydalanishni xohlamayapti.
Rossiya tomoni prezident Aliyev aytgandek, uch kun davomida har xil yolgʻon argumentlar keltirib, qandaydir qushlar galasi yoki ichidagi kislorod balloni portlab ketishi kabi umuman kurakda turmaydigan, bema'ni bahonalar bilan vaziyatni xaspoʻshlashga kirishib ketdi. Bu haqli ravishda Ozarboyjon tomoni noroziligiga sabab boʻlmoqda.
Rossiya tomoni Ozarboyjon prezidenti aytgan uchta shartni toʻliq bajarib berishi kerak: birinchidan, aybini rasman tan olishi va kechirim soʻrashi kerak; ikkinchidan, bu ishni qilgan harbiylar jazolanishi, sud boʻlishi kerak; uchinchidan, shu samolyot ichidagi kim boʻlishidan qat'i nazar, Rossiya fuqarosi yoki Ozarboyjon fuqarosi, oʻlganlar uchun alohida, oʻlmaganlar uchun esa alohida kompensatsiya toʻlanishi kerak. Aviakompaniyaga ham samolyotni yoʻq qilgani uchun kompensatsion toʻlovlar berilishi kerak.
Mana shu ishlar qilinsa, umuman olganda, Ozarboyjonning Rossiyaga boʻlgan e'tirozlari toʻxtagan boʻlardi. Hozirgi kunda Rossiyaning tushunarsiz, toʻmtoq, aqlsiz pozitsiyasi tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik munosabatlarga putur etmoqda. Boz ustiga, ziddiyatga Qozogʻiston tomoni ham sherikka aylanib, ularni noqulay ahvolga solib qoʻydi.
Samir Humbatov, ozarboyjonlik siyosatshunos:
Hozirgi ishning asliga qaralganda, Rossiya Ozarboyjonning fuqarolik samolyotini nega urib tushirganini aniq bir formada baholay olmaymiz. Lekin boshqa tomondan qaraganimizda, Rossiya va Ukraina urushi oqibatida Ozarboyjon samolyoti beixtiyor urib tushirilgani aytilmoqda. Ammo men hech bunday oʻylamayman. Chunki zamonaviy havo hujumdan mudofaa tizimlari bunday muammolardan xoli va Rossiyada bunday tizim bor.
Oʻylaymanki, Rossiyaning Ozarboyjon samolyotiga zarba berganidan soʻng oʻz erida joylashgan aeroportlarga qoʻnishiga ruxsat bermasligi bu mavzuda bir qancha savollar keltirib chiqaryapti. Rossiyaning buni qilish bilan birgalikda orqa planda bosqin siyosati borligidan ham koʻrinib turibdi. Masalan, Rossiya-Ukraina urushi davrida bir qancha Gʻarb davlatlarining Rossiyaga munosabati va bu davrda Ozarboyjonning tarafsiz, neytral siyosati sabab ham boʻlishi mumkin. Lekin buni fuqarolik samolyotiga qilgani mantiqli kelmayapti.
Oxir-oqibat 30 dan ortiq inson vafot etishi va qanchadan qancha insonlar ogʻir jarohat olishi, bu xuddi Rossiyaning Malayziya samolyotiga qilgani singari ayni ishni qilgani bilan tengdir. Balki tarixda birinchi marta Rossiya prezidenti boʻlib Putin boshqa davlatdan uzr soʻragan boʻlishi mumkin. Ammo bu uzrni ham shunchaki toʻgʻridan toʻgʻri soʻragani yoʻq. Uzrni ham bir boshqa formada soʻradi. «Ha, toʻgʻri, biz buni qildik, uzr va evaziga javobgarlikni oʻz boʻynimizga olamiz va kim buni qilgan boʻlsa, biz ularni jazolaymiz» degan shaklda uzr soʻralmadi. Ya'ni samimiy uzr boʻlmadi.
Aliyev nafaqat Ozarboyjon fuqarolari, balki oʻsha samolyot bortida boʻlgan Qozogʻiston va Rossiya fuqarolari uchun ham izoh soʻradi va ular uchun ham tovon toʻlanishini talab qildi. Bu holatda Rossiya «Biz katta davlatmiz, endi Ozarboyjondan uzr soʻraymizmi?» deb oʻylashi mumkin. Ammo Ozarboyjon davlati oʻz qarorini qabul qildi.
Yana bir mavzu esa Rossiyaning bu harakati oʻz havo hududida Ozarboyjon fuqarolik samolyotini urishi, undan soʻng esa hududidagi yaqin aeroportlarga yoʻnaltirmasdan toʻgʻridan toʻgʻri Qozogʻiston tarafga yoʻnaltirishi bir qancha savollarni tugʻdirmoqda. Bundan maqsad – samolyotning dengizga tushishi va bu bilan izini yoʻqotish boʻlishi mumkin edi.
Bortdagi kapitanlarimiz bu holatning oldini oldi, yoʻlovchilarning yarmiga yaqinining hayotini qutqarishga erishdi. Oʻylaymanki, bu erda Rossiyaning bosqin siyosati bor. Ushbu siyosatni uzoq vaqtdirki davom ettirayotgan edi va hozir esa ochiqdan ochiq qilyapti. Rossiyaning hozirgi harakati faqatgina Ozarboyjonga emas, balki butun turkiy davlatlarga qarshi deb oʻylayman.
Chunki bu ish bugun Ozarboyjonga qilinyapti, ertaga Qozogʻistonga, indinga Oʻzbekistonga, keyin esa boshqa davlatlarga bosqinlik siyosati uyushtirilishi mumkin.
Oʻylaymanki, prezident Aliyev soʻzidan ortga qaytmaydi. Ozarboyjonning talablari aniq qilib oʻrtaga qoʻyildi va Rossiya ushbu talablarni bajarmasa, Ozarboyjon hozirgi kunda yangidan munosabatlarni oʻrnatmaydi. Va bu muammo hal etilsa ham, Ozarboyjon Rossiya bilan eski munosabatida qoladi deb oʻylamayman.
Mirshohid Aslanov, Progressiv islohotlar markazi direktori:
Ozarboyjon havo kemasi Oqtov yaqinida fojiali qulashi bu urushning toʻgʻridan toʻgʻri natijasidir. Jangovar harakatlar tinch aholining kundalik hayoti bilan aralashib ketdi. Rossiyaning koʻplab hududlari havo hujumiga uchramoqda, bu esa fuqaroviy xizmatlar va harbiylar orasida kelishilgan holda ishlashni ogʻirlashtirmoqda.
Doimiy dronlar hujumi sharoitida Ozarboyjon samolyoti urib tushirilishi qandaydir baxtsiz hodisa emas, afsuski «kutilgan natija»dir. Xalqimizda koʻza kunda emas, kunida sinadi, degan gap bor. Umuman olganda, bu mojaro urush zonalarida odatdagidek hayot tarzini davom ettirish mumkin degan xayollarni puchga chiqaradi. Bu nafaqat fuqaro aviatsiyasiga, balki barcha boshqa sohalarga ham tegishli. Rossiyada biznes boʻladimi, ishlashga ketish boʻladimi, savdo-sotiq yoki investitsiya va texnologiya boʻladimi, barcha sohalar urush qurboniga aylanib boʻldi. Rossiyada hatto ta'lim ham urush qurboniga aylandi, chunki urushni oqlash uchun tarix ham qayta yozilmoqda.
Rossiya sukut saqlashi va samimiy kechirim soʻramasligi sababi bir necha omil bilan bogʻliq. Birinchidan, shov-shuvli xalqaro hodisada aybni tan olmaslikka urinish, bu – strategik harakat. Qilingan ishga iqror boʻlish nafaqat Rossiyaga qolgan ishonchni ham soʻndiradi, balki aniq va jiddiy diplomatik va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, ya'ni katta tovon va kompensatsiyalar, xalqaro tanqid va qoʻshimcha sanktsiyalar, aloqalar buzilishi va hokazo. Qolaversa, bu hududlarga koʻplab boshqa davlatlarning havo kemalari uchadi, shu jumladan, Oʻzbekiston aviakompaniyalari uchoqlari ham. Urib tushirishni tan olish, qolganlarning ham parvozlari toʻxtatilishiga olib kelishi mumkin.
Ikkinchidan, voqeani ataylab noaniq tarzda ushlab turish orqali, oʻylaymanki, ular oʻz fuqarolari va uchinchi davlatlar tomonidan noroziliklarni kamaytirishga harakat qiladi, hatto bu harakat Ozarboyjon bilan aloqalar yomonlashuviga olib kelishini bilsa ham.
Prezident Aliyevning javobgarlik, oshkoralik va tovon toʻlash talablari toʻliq asosli va xalqaro qonunchilikka toʻgʻri keladi. Ushbu talablar bu kabi hodisalar takrorlanmasligini ta'minlash tizimini yaratishni taqozo etadi. Bu esa nafaqat Ozarboyjon, balki Rossiya havo hududidan foydalanayotgan Oʻzbekiston uchun ham juda muhim.
Oʻzbekiston manfaatlaridan kelib chiqadigan boʻlsak, birinchidan, Moskva aybini yashirmasdan, oʻz qilmishini toʻliq tan olishi lozim. Shu kungacha yigʻilgan dalillar falokat sabablarini aniqlashga imkon berib turganda, ularni inkor etish – Rossiyani mas'uliyatsiz va ishonchsiz davlat sifatida koʻrsatadi. Ikkinchidan, ushbu falokat sabablarini aniqlab, mas'ullarni ochiq jazoga tortish lozim. Oʻzbekistonning bir nechta havo kompaniyalari Rossiyaga parvozlarini davom ettirayotgan sharoitlarda bu biz uchun juda muhim. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bashar Asadning rafiqasi Britaniya razvedkasiga ishlaganlikda gumonlanmoqda
Netanyaxu Trampning inauguratsiyasida qatnashishdan bosh tortdi
Britaniya TIV rahbari Ukraina urushi qachon tugashi mumkinligini aytdi
Livanda 12 marotaba muvaffaqiyatsiz saylovlardan soʻng prezident tayinlandi
Germaniyada sobiq vazirning yuziga tort uloqtirishdi
Manba: Kreml urush tugagach Belarusni oʻziga qoʻshib olmoqchi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti metapnevmovirus yuzasidan bayonot berdi
Eron generalining Suriyadagi “jiddiy strategik magʻlubiyat” haqidagi bayonoti