Foto: AP Photo
Isroil va HAMAS harakati 460 kundan ortiq davom etgan urushdan soʻng oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishdi. Mazkur kelishuv nimalarni oʻz ichiga olishini koʻrib chiqamiz.
Qatar bosh vaziri shayx Muhammad al-Taniga koʻra, oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi bitim 19 yanvar kuni kuchga kiradi. Tomonlar oʻrtasida bitimni amalga oshirish boʻyicha ishlar davom etmoqda. Isroil ayrim tafsilotlar hali hal qilinmagani, 16 yanvarda hukumat ovoz berishini bildirdi.
2023 yil oktyabr oyida Gʻazo sektoriga qarshi urush boshlanganidan beri Isroil hujumi tufayli 46 mingdan ortiq falastinlik halok boʻldi.
Bitim vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatishni oʻz ichiga oladi, bu hozircha Gʻazodagi vayronagarchiliklarga chek qoʻyadi. Shuningdek, Gʻazodagi garovdagilar evaziga Isroildagi koʻplab mahbuslar ozod qilinadi. Bitim koʻchirilgan falastinliklarga oʻz uylariga qaytish imkonini beradi, biroq urush tufayli aksariyatining uyi vayron boʻlgan.
Foto: AP Photo
Birinchi bosqich
Dastlabki bosqich 6 hafta davom etadi va cheklangan asirlar almashinuvi, Gʻazodagi Isroil qoʻshinlarining qisman olib chiqilishi va sektorga yordamning koʻpayishini oʻz ichiga oladi.
2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS boshchiligidagi Isroil janubiga hujum paytida ushlangan 33 nafar isroillik asirlar, jumladan ayollar, bolalar va 50 yoshdan oshgan tinch aholi ozod qilinadi. Buning evaziga Isroil ushbu bosqichda koʻproq falastinlik mahbuslarni, shu jumladan umrbod qamoq jazosini oʻtayotganlarni ozod qiladi. Ozod qilingan falastinliklar orasida 7 oktyabrdan keyin hibsga olingan 1000 ga yaqin kishi bor.
Isroil oʻz qoʻshinlarini Gʻazoning aholi yashaydigan markazlaridan chiqarib, Gʻazo-Isroil chegarasidan 700 metrdan oshmagan ichki hududlarga joylashtiradi.
Isroil tinch aholiga sektorning qamal qilingan shimoliy qismidagi uylariga qaytishga ruxsat beradi. Bu hududda yordam tashkilotlari ocharchilik yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Isroil anklavga kuniga 600 tagacha yuk mashinasida yordam etkazib berilishiga ruxsat beradi.
Bundan tashqari, jarohatlangan falastinliklar davolanish uchun Gʻazo sektoridan chiqib keta oladi. Kelishuvning birinchi bosqichi amalga oshirila boshlaganidan etti kun oʻtgach, Misr bilan Rafah chegarasini ochiladi.
Isroil kuchlari Misr va Gʻazo oʻrtasidagi chegara hududida joylashgan Filadelfiya yoʻlagidagi oʻz ishtirokini qisqartiradi. Kelishuv kuchga kirganidan soʻng 50 kun ichida bu hududdan toʻliq chiqib ketadi.
Birinchi bosqichdan soʻng nima boʻladi?
Ikkinchi va uchinchi bosqichlar tafsilotlari, asosan kelishilgan boʻlsa-da, birinchi bosqich davomida muzokaralar orqali aniqlanishi kerak. AQSh prezidenti Jo Baydenga koʻra, keyingi bosqichlar boʻyicha muzokaralar birinchi bosqichning dastlabki 6 haftasidan oʻtib ketsa ham, kelishuv davom etaveradi.
Muhim jihati shundaki, Isroil birinchi bosqich yakunlangach va garovdagilar qaytarilganch, hujumlarini qayta boshlash imkoniyatini istisno qiladigan hech qanday yozma kafolat berilmasligiga turib olgan.
Biroq, Associated Press axborot agentligi keltirgan Misr manbasiga koʻra, muzokaralarda ishtirok etayotgan uch vositachi — Misr, Qatar va AQSh HAMASga ogʻzaki kafolatlar bergan. Bu kafolatlarga koʻra, muzokaralar davom etadi va uchala vositachi ham dastlabki 6 haftalik muddat tugashidan oldin ikkinchi va uchinchi bosqichlarni amalga oshiradigan kelishuvga erishish uchun harakat qiladi.
Foto: Human Rights Watch
Ikkinchi bosqich uchun nima rejalashtirilgan?
Agar 2-bosqich uchun shartlar bajarilgani aniqlansa, HAMAS qolgan barcha garovdagilar, asosan erkak harbiylarni, Isroil qamoqxona tizimida saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilish evaziga qoʻyib yuboradi. Bundan tashqari, amaldagi hujjatga koʻra, Isroil Gʻazo hududidan “toʻliq chiqib ketish”ni boshlaydi.
Biroq, bu Isroil hukumatining, bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning pozitsiyalariga ham zid keladi. U avvalgi pozitsiyalarida mojaroni choʻzish uchun bir necha bor HAMASning Gʻazodagi mavjudligidan foydalangan.
Uchinchi bosqich
Uchinchi bosqichning tafsilotlari noaniqligicha qolmoqda. Agar ikkinchi bosqich shartlari bajarilsa, uchinchi bosqichda garovdagilarning jasadi xalqaro nazorat ostida amalga oshiriladigan uch-besh yillik rekonstruktsiya rejasi evaziga topshiriladi.
Hozirda oʻt ochish toʻxtatgandan keyin Gʻazoni kim boshqarishi boʻyicha kelishuv yoʻq. AQSh buni amalga oshirish uchun Falastin ma'muriyatining isloh qilingan versiyasini talab qildi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, vaqtinchalik boshqaruv hokimiyatini shakllantirishga “xalqaro hamkorlarni” taklif qilish mumkin.
Foto: Getty Images
"Boshqa hamkorlar, xususan, arab davlatlari qisqa muddatda xavfsizlikni ta'minlash uchun kuchlarni taqdim etadi", dedi u.
Bunday rejaning amalga oshishi uchun u arab davlatlari, jumladan Saudiya Arabistoni tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kerak. Ular esa faqat Falastin davlatchiligiga yoʻl ochilsagina bu rejani qabul qilishini aytgan. Bu esa, 1990 yillardagi Oslo bitimlarida Isroil ikki davlat echimiga rozi boʻlganiga qaramay, Isroil qonun chiqaruvchilari uchun yana bir bahs-munozarali masalani keltirib chiqaradi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar