06:50 / 22.01.2025
90

Suriya Rossiya bilan Tartus porti boʻyicha shartnomani bekor qildi

Suriya Rossiya bilan Tartus porti boʻyicha shartnomani bekor qildi
Suriyaning yangi hukumati “Stroytransgaz” kompaniyasi bilan Rossiya harbiy-dengiz flotining yagona xorijiy bazasi joylashgan Tartus portiga sarmoya kiritish toʻgʻrisidagi kelishuvni bekor qildi.

Tartus bojxona direktori Riyod Judiyning soʻzlariga koʻra, port faoliyatidan tushgan barcha daromadlar endi “Suriya manfaati uchun” yoʻnaltirilmoqda, dengiz bandargohiga xizmat koʻrsatuvchi ishchilar esa davlat boshqaruviga qaytmoqda. Judiy, shuningdek, Rossiya kelishuvlarga zid ravishda port mexanizmlarini modernizatsiya qilmaganiga e'tibor qaratdi. Endilikda hokimiyat eskirgan inshootlarni tiklash bilan mustaqil shugʻullanadi.

Rossiya hukumati 2019 yil aprelida Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad bilan Tartus portini 49 yilga ijaraga berish boʻyicha kelishuv tuzgan edi. Shu bilan birga, “Stroytransgaz” bilan investitsiya shartnomasi imzolangan, uning shartlariga koʻra, Moskva keyingi toʻrt yil ichida portni modernizatsiya qilishga 500 million dollardan ortiq sarmoya kiritishni va'da qilgan. Damashqda port unumdorligi yiliga 4 million tonnadan 38 million tonnagacha koʻpayishi taxmin qilingan edi. Rossiya hukumati qancha sarmoya kiritganligi noma'lum.

Foto: Reuters
2024 yilning dekabr oyida Rossiya oʻz kemalarini Tartusdan olib chiqishni boshladi. Suriyaning yangi hukumati hanuzgacha portdan qurol-yarogʻ va harbiy texnikani toʻliq olib chiqib ketishga ruxsat bermayapti. Tartus porti Suriyadagi ikkinchi yirik portdir. U erda joylashgan harbiy baza Rossiyaga Oʻrta er dengiziga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkonini bergan va Xmeymimdagi aerodrom bilan bir qatorda Kremlning Yaqin Sharq va Afrikaga ta'sirini kengaytirish uchun asosiy nuqta boʻlib xizmat qilgan, shuningdek, qoʻshinlar, yollanma askarlar va qurollarni tashish uchun markaz boʻlib xizmat qilgan.

Avvalroq Suriya Moliya vazirligi Rossiyadan tovarlar importini taqiqladi. Xuddi shunday cheklovlar Eron va Isroil mahsulotlariga nisbatan ham joriy etilgan. Buning oʻrniga Suriya doʻkonlariga Turkiya, AQSh va Saudiya Arabistonidan tovarlar kela boshladi. Yangi hukumat moliyaviy hisob-kitoblarni dollarda oʻtkazishga ruxsat berdi va yagona bojxona toʻlovlarini tasdiqladi, ularni 50-60 foizga pasaytirdi. Qayd etilganidek, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun xom ashyo importini yengillashtiradi va sanoatni ragʻbatlantiradi.

Suriyada Asad rejimining qulashi

Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini oʻz nazoratiga oldi. Shundan soʻng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste'foga chiqishga rozi boʻlgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma'lumot berdi. Isyonchilar Asadni qoʻlga olishda yordam beradigan ma'lumot uchun 10 million dollar va'da qilgan.

Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan. Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma'lum qildi.

10 dekabr kuni Idlib shahrida isyonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir oʻzini Suriyaning oʻtish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televideniye murojaatida bu lavozimni kamida 2025 yil 1 martgacha egallab turishini ma'lum qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo