20:53 / 02.02.2025
43

Populizm nima? Oʻng va soʻl populistlarning farqi nimada?

Populizm nima? Oʻng va soʻl populistlarning farqi nimada?
Keyingi oʻn yilliklarda gʻarbiy Evropada hamda AQShda populistlarning ta'siri muttasil oshib bormoqda. Ular asosiy siyosiy kuchga aylanib borishi esa dunyodagi barqarorlikka ham jiddiy ta'sir qiladi. Xoʻp, oʻzi populistlar kimlar? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda soʻz yuritdi.

«Populist» – asli lotin tilidan olingan soʻz boʻlib «xalqparvar» degan ijobiy ma'noni beradi. Lekin bugungi siyosiy kontekstda bu atama asosan salbiy ma'noda, ma'lum yoʻnalishdagi shaxslarga va siyosiy kuchlarga nisbatan ishlatiladi.

Populistlarning bir qancha muhim belgilari, oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Ularga xos ikkita dixotomiya bor. Dixotomiya – bir-biriga bogʻliq boʻlgan qarama-qarshilikdir. Misol uchun, «oq-qora», «yaxshi-yomon». Demak, populistlarga xos boʻlgan birinchi dixotomiya – «xalq va hokimiyat».

Populistlar har doim amaldagi hukumatlarni, an'anaviy siyosiy partiyalarni ayovsiz va koʻpincha, asossiz ham tanqid qiladi, «hokimiyatning, elitaning, hukmron partiyalarning oyogʻi erdan uzildi» deydi, jamiyatdagi muammolarni faqat oʻsha hukumatlar «mutlaq ishlamayotgani», «quturib ketgani» bilan izohlaydi. Bu bilan populistlar xalqning nisbatan soddaligidan foydalanib, siyosiy vaziyatlarni soddalashtirish bilan manipulyatsiya qilishadi.

Populistlarga xos ikkinchi dixotomiya – «biz va ular», «biznikilar va boshqalar», «oʻzimiznikilar va begonalar» hisoblanadi. Populistlar uchun «dushman qiyofasi», «dushman obrazi» muhim rol oʻynaydi. Ular oddiy odamlarning muammolarini, qiyinchiliklarini va kechinmalarini dushman qiyofasi bilan bogʻlashadi. Dushman esa siyosiy elitadan tashqari, migrantlar va emigrantlar, musulmonlar yoki boshqa din hamda millat vakillari, xalqaro tashkilotlar boʻlishi mumkin.

Misol uchun, Evropa Ittifoqi mamlakatlaridagi aksariyat populistlar uchun eng asosiy «dushmanlar» – mehnat muhojirlari, jumladan, musulmonlar, Evropa Ittifoqi va uning tashkilotlari. Ya'ni populistlar oʻzlari yashab turgan jamiyatlarni ikkiga boʻlishadi: tarixan shakllangan oʻz xalqimiz va keyinchalik kirib olgan, koʻpayib borayotgan boshqalar... Shuning uchun ham, populistlar uchun fuqarolik – asosiy tan olinadigan institut emas. Misol uchun, Fransiyadagi Marin Le Pen boshqaradigan «Milliy birlashuv» partiyasi islomofob hisoblanib, ushbu davlatdagi koʻplab arablarni, musulmonlarni «ikkinchi tabaqadagi» fuqarolar deb hisoblashadi.

Xoʻsh, oʻng va soʻl populistlarning farqi nimada? Ha, populistlar «oʻng» va «soʻl»ga ajraladi. Avvalo, oʻng va soʻllarni farqlab olsak. Agar siyosiy kuchlar asosiy e'tiborni «oʻzlik»ka qaratsa, odamlarni ajratsa va ajratish asosida oʻzlik tursa – oʻng populist hisoblanadi. Misol uchun, Tramp – oʻng populist, u uchun oq tanli amerkialiklar, anglasakslar – eng muhim aholi qatlami. Yoki, Marin Le Pen uchun – oq tanli, an'anaviy va tarixan shakllangan etnik frantsuzlar – birinchi oʻrinda turadi. Xuddi shunday, Netanyahu va uning kabineti ham oʻng millatchilardan iborat.

Soʻllar uchun esa eng asosiy qadriyat – tenglik. Soʻl populistlar jamiyatda tenglikka erishish uchun hukumatni, siyosiy va iqtisodiy elitani, boy qatlamni qattiq tanqid qiladi.

Demokratik davlatlarda eng muhim boʻlgan tushunchalardan biri – plyuralizm. Jamiyatlar har doim turfa xillikdan tashkil topgan boʻladi. Turfa millatlar, dinlar, manfaatlar, siyosiy qarashlar va hokazo. Oʻng va soʻl populistlarning eng asosiy farqi – mana shu plyuralizm atrofida boʻladi. Oʻng populistlar plyuralizmni inkor etadi, xavfli hisoblaydi, multikulturalizmni, ya'ni, koʻp madaniyatlilikni rad etadi. Soʻl populistlar esa «jamiyatimizda nafaqat koʻp madaniyallilik boʻlishi kerak, balki, har xil ozchiliklarni kuchliroq himoya qilishimiz kerak» deydi.

Bugungi gʻarbiy Evropa va AQShga qaraydigan boʻlsak, asosan oʻng populistlar, ya'ni millatchi, ksenofob va islomofob populistlar kuchaymoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo