06:50 / 09.02.2025
345

Kim rozi, kimlar norozi? Tramp Gʻazodan falastinliklarni koʻchirmoqchi

Kim rozi, kimlar norozi? Tramp Gʻazodan falastinliklarni koʻchirmoqchi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vashingtonga borib, Tramp bilan uchrashdi. Uchrashuv vaqtida Tramp Gʻazodan falastinliklarni toʻliq koʻchirish va bu hududni huddi frantsuz Riviyerasi kabi soʻlim joyga aylantirish haqida gapirdi. Bu gaplarni eshitayotgan Trampning yonidagi Netanyahu juda xursand edi.

Ma'lumki, Gʻazoda 2,2 million falastinlik yashaydi. Oxirgi 15 oy mobaynidagi urush oqibatida, sektorda bironta sogʻ bino qolmadi. 45 mingdan ortiq begunoh gʻazoliklar oʻldirildi. Ularni aksariyati – bolalar va ayollar.

Tramp va uning administratsiyasiga koʻra, gʻazoliklar Iordaniyaga va Misrga koʻchirilishi kerak ekan. Lekin bu gʻoyani eshitgan Iordaniya va Misr bunga qat'iy qarshiligini bildirdi. Tramp administratsiyasi va Isroildagi ba'zi siyosatchilar yana uchta hudud haqida gapirishmoqda. Bular: Marokash, Somalilend va Puntlend.

Marokash podsholigi – an'anaviy ravishda AQSh bilan yaxshi munosabatda. Trampning birinchi toʻrt yillik prezidentligi vaqtida AQSh Marokashning Sahroyi kabir gʻarbidagi hududlariga da'vogarligini tan olgan edi. Buning evaziga Marokash Isroil bilan aloqalarni normallashtirishi kerak edi, va bu ishni qilgan edi ham. Endi, bu safar Tramp Marokash oldiga gʻazoliklarni qabul qilish talabini qoʻyishi mumkin.

Somali esa fuqarolik urushini boshidan oʻtkazgan zaif davlatlardan biri. Somalining sharqiy hududlarida Puntlend va shimoliy hududlarida Somalilend deb oʻzini nomlaydigan separatistik loyihalar mavjud. Tramp va Isroil mana shu ikki hududni tan olish evaziga, ulardan gʻazoliklarni qabul qilishni talab qilishi mumkin.

Xoʻsh, Trampning gʻazoliklarni deportatsiya qilish fikriga dunyoning munosabati qanday boʻldi?

Dunyo shokda. Bu loyihani Isroildan boshqa hech kim qoʻllab-quvvatlagani yoʻq. Evropa Ittifoqi ham, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi AQShning yaqin ittifoqchilari ham qoʻllagani yoʻq, qoʻllamaydi ham. Chunki dunyo hamjamiyati “ikki davlat” loyihasini qoʻllaydi, Yaqin Sharqda haqiqiy tinchlik boʻlishi uchun, Isroil bilan birgalikda, Falastin davlati ham tuzilishi belgilangan.

Turkiya Trampning bu fikrini qattiq qoraladi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan “bu fikr shunchalik absurdki, hatto muhokama ham qilishga arzimaydi” dedi. Saudiya Arabistoni “Falastin davlati tuzilmagunicha, Isroil bilan tinchlik sulhiga bormaymiz” dedi. Arab davlatlari ligasi Gʻazoni falastinliklardan tozalash fikrini keskin qoraladi. Xitoy tashqi ishlar rasmiy soʻzchisi “Falastin davlati tuzilishi kerak, gʻazoliklarni deportatsiya qilishga qarshimiz” ohangida aniq pozitsiya bildirdi.

Isroil bosh vaziri Netanyahu esa “hozircha Iordaniya va Misr bu loyihaga qarshi boʻlishi mumkin, lekin vaqt oʻtib ular rozi boʻlishadi” dedi.

Aslida Iordaniyada ham, Misrda ham kuchli siyosiy norozilik, ijtimoiy-iqtisodiy zoʻriqishlar bor. 1948 yilda tashkil topgan Isroil shu paytga qadar bir necha marta Falastin hududlarida harbiy operatsiyalar oʻtkazdi, natijada koʻplab falastinliklar boshqa davlatlarga koʻchib ketishga majbur boʻlishdi. Hozirgi Iordaniya aholisining kattagina qismi oʻzlarini asli falastinlik deb bilishadi. Misrda ham oʻzining ichki iqtisodiy muammolari etarli. Agar hozir bu ikki davlat 2,2 million gʻazolikni qabul qilib olsa, arab-musulmon xalqlari tomonidan xoin sifatida qabul qilinadi, kuchli siyosiy va ijtimoiy noroziliklar boshlanadi.

Ma'lumki, oxirgi haftalarda Hamas-Isroil oʻrtasida kelishuvga erishilgan edi. Kelishuvning birinchi bosqichi kechmoqda. Bu bosqichda jami 33 isroillik asir ozod qilinishi kerak. Hozirga qadar 18 asir ozod qilingan. Endi, Trampning gʻazoliklarni deportatsiya qilish loyihasi Hamasning fikrini oʻzgartirishi mumkin. Chunki Hamas uchun asirlarni ozod qilishdan koʻra, yangi konflikt boshlash, va shu yoʻl orqali gʻazoliklarning deportatsiya qilinishiga imkon bermaslikni oʻylash muhimroq boʻlishi mumkin.

Aytish kerakki, Amerikaning barcha prezidentlari juda isroilparast boʻlishgan. Lekin arab-musulmon dunyosidagi manfaatlarini oʻylab, oʻzlarini muvozanatli koʻrsatishgan. AQSh tarixida birinchi marta prezident ochiqdan ochiq etnik tozalash, kuch bilan deportatsiya qilish, genotsidni qoʻllash kabi eng agressiv qadamlarni tashlamoqda.

Ayni paytda dunyoda koʻp qutblilik shallanmoqda. Global janub oʻsib bormoqda. Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlar ham bugun mustaqil siyosat olib borish yoʻlida. Dunyoda AQShning global qudrati baribir torayib boradi, boshqalarning oʻsayotgani hisobiga. Isroil esa shu paytga qadar oʻzining davlatchiligi uchun qoʻshnilar bilan kelishuv va murosa yoʻlini emas, jabr-zulmlar, etnik tozalashlar, genotsidlar yoʻlini tanladi. Chunki Isroil toʻliq AQShga ishondi. Vaqti kelib, AQShning global qudrati soʻnganda, Isroil oʻzining tarixiy jinoyatlari uchun, albatta, pushaymon boʻladi. Bu kunlar esa, u qadar uzoq boʻlmasa kerak.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo