
AQSH prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida bergan va’dalaridan yana birini bajardi: dunyoning deyarli barcha davlatlari tovarlariga boj joriy qildi. U boj kiritgan davlatlar qatorida hatto odam yashamaydigan, faqat pingvinlar yashaydigan orollar ham bor. Rossiya, Belarus, Shimoliy Koreya va Kuba esa istisno qilindi.
Boj soliqlarining birinchisi 5 aprel kuni kuchga kirdi, ikkinchisi 9 aprelga belgilangan. Aksariyat mamlakatlar uchun boj miqdori – 10 foiz. Vetnam, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarga bir necha o‘n foizlik, Xitoy tovarlariga esa naq 104 foizlik tariflar o‘rnatildi.
Trampga quloq solsangiz, “oxirgi 30-50 yilda butun dunyo AQSHni iqtisodiy taladi, AQSH ularning mahsulotini sotib oldi, lekin ular Amerikaning hech narsasini sotib olgani yo‘q, biz buni o‘zgartiramiz” deydi. Ya’ni bamisoli butun dunyo AQSHni iqtisodiy koloniya qilgan, ekspluatatsiya qilgan...
Aslida ham shundaymi? Mutlaq teskarisi! To‘g‘ri, AQSHning ko‘plab davlatlar bilan tovarlar savdo savdosida disbalans mavjud. Lekin buning sababi shundaki, AQSH tashqi dunyodan ko‘proq moddiy, jismoniy tovarlar sotib oladi, o‘zi esa ko‘proq xizmatlar, g‘oyalar, raqamli mahsulotlarni eksport qiladi.
Xizmatlar va raqamli, madaniy mahsulotlar eksporti AQSHga juda katta daromad olib keladi, lekin ular AQSHning savdo balansida oddiy tovarlar qatorida turmaydi. Shuning uchun, Tramp buni qo‘shib hisoblamayapti. Misol uchun, AQSHning Hollivudi dunyo davlatlariga ko‘plab kino sotadi, yoki Microsoft kompaniyasining Windows va boshqa mahsulotlari milliardlab daromad olib keladi. Kaliforniyaning Kremniy vodiysidagi kompaniyalar dunyoga juda katta raqamli mahsulotlar sotadi va yuz milliardlab daromad ko‘rishadi.
Aslida, keyingi 30-50 yilda aynan AQSHda misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sish yuz berdi. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot miqdorida ham, milliy yalpi ichki mahsulot miqdorida ham, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi bilan qiyoslaganda ham, AQSHda boshqalardan ko‘ra iqtisodiy o‘sish ko‘proq.
Trampning savdo vaziri Hovard Latnikning aytishicha AQSHda ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun besh trillion pul bor, Trampning maqsadi esa bir vaqtlar AQSHdan chiqib ketgan zavod-fabrikalarni qaytarish va ichkarida ishlab chiqarishni kuchaytirish ekan. Lekin asosiy masala shundaki. AQSHning o‘zida ortiqcha ishchi kuni yo‘q. Qolaversa, AQSHda har bir ishchiga kamida 4-5 ming dollar oylik bermasa, ishlamaydi. Meksika yoki Xitoyda esa shu ish uchun 1000-1500 dollarga ishlaydiganlar ko‘p. AQSHda qimmat ishchi kuchi mahsulotlarning tannarxini bir necha baravar qimmat qilib yuborishini hamma biladi-ku?!
Trampning gapi, xuddi bozorga borib, mahsulotlar sotib olib bo‘lib, sotuvchiga “sen mening pulimni olib qo‘yayapsan!” deganga o‘xshaydi.
Tramp boshlagan siyosatning oqibatlari juda salbiy bo‘lishi mumkin. AQSH uchun ham, qolganlar uchun ham! Bundan 100 yil oldin dunyo mamlakatlarining bir-biriga iqtisodiy bog‘liqligi juda past edi. 1920-30-yillarda dunyo yalpi ichki mahsulotining bor-yo‘g‘i 15 foizi xalqaro savdoga to‘g‘ri kelar edi. Hamma o‘zi ishlab chiqargan narsani iste’mol qilar edi. Lekin oxirgi bir asrda iqtisod muttasil mahsulotlarni va xizmatlarni arzonlashtirish uchun yo‘l izladi. Bugun global savdo dunyo yalpi ichki mahsulotining 60 foizini tashkil qiladi. Bir asr oldingi amerika mashinasining baloni ham, ruli ham, motori ham Detroytda chiqardi. Ya’ni “amerika moshini” deganda hamma narsasi Amerika hududida va amerikalik ishchilar tomonidan chiqarilgan avtomobil tushunilardi. Bugungi Ford chiqarayotgan mashinalarda esa, misol sifatida aytganda, motori Koreyada, boshqa qismi Xitoyda, ruli Meksikada, shinasi Yevropada chiqarilishi va barchasi Meksika yoki Kanadada terilishi mumkin. Faqat nomi va loyihasi AQSHniki.
Iqtisodchilar Trampning maqsadi nima ekanini tushuna olmayapti. Chunki iqtisodiy jihatdan – Amerika yutmaydi, yutqazadi. Boshqalar ham yutqazadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bojlar oshishi va boshqa davlatlarning qarshi bojlar joriy qilishi natijasida, har bir amerikalik oila qo‘shimcha 5 ming dollar xarajat qiladi. Bu qo‘shimcha xarajat!
Trampning bojlari natijasida Xitoy Xalq Respublikasi, Kanada, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar ham amerika mahsulotlari va xizmatlariga “qarama-qarshi bojlar” joriy qilishini bildirishdi. To‘g‘ri, ba’zi davlatlar Tramp bilan kelishishga yo‘l izlamoqda, misol uchun Hindiston, Isroil va boshqalar. Lekin Trampning bojlari fonida fond bozorlarida keskin tushish boshlandi, AQSHning eng katta kampaniyalari kapitalizatsiyasi jiddiy pasaydi. Agar Trampning bu bojlari saqlanib qolsa, AQSHdagi o‘rta va kichik korxonalarning ko‘pi sinadi. Sababi oddiy: ular ichki bozorda ham, tashqarida ham o‘z mijozlarini yo‘qotadi.
Demokratlarning aytishicha, Trampning maqsadi iqtisod emas. U hokimiyatda cheksiz qolishni o‘ylayapti. Hozirgi boj soliqlaridan keyin Amerikadagi barcha kompaniyalar Trampga bosh urib keladi, va “iltimos, mana shu sektordan yoki davlatlardan bojlarni olib tashlasangiz!” deya yalinadi. Tramp esa “yaxshi, men so‘raganingizni bajaraman, shartim – hokimiyatda qolishim uchun loyal bo‘lasiz! Aytganimni qilasiz! Siyosiy loyihalarimni qo‘llaysiz!” degan niyat turibdi, demoqda demokratlar.
Dunyo iqtisodiyoti zanjir kabi bog‘langan. 2020 yilda pandemiya bo‘lganida, dunyo qanchalik o‘zaro bog‘liq ekanini ko‘rdik. Trampning bu ishi dunyo iqtisodiyotida yangi retsessiya, inqiroz chaqirishi mumkin. Retsessiyadan esa odatda eng zaif iqtisodiyotlar eng ko‘p zarar ko‘radi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! siyosiy tahlilchi