
Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi geosiyosiy vaziyat yana qaynoq pallaga kirdi. Xitoy Mudofaa vazirligi AQSH va Filippin o‘rtasidagi harbiy hamkorlik, qurol-yarog‘ bitimlari va Yaponiya bilan qo‘shma patrullar bo‘yicha shiddatli bayonot bilan chiqdi. Pekin bu harakatlarni mintaqadagi barqarorlikka tahdid sifatida baholamoqda.
Pekin Vashingtonni aybladi
Xitoy mudofaa vazirligi matbuot kotibi, polkovnik Chjan Syaogang chorshanba kuni qilgan chiqishida AQSHni "ikki tomonlama ittifoqlar"ni bahona qilib Janubiy Xitoy dengizidagi tortishuvlarga aralashishda aybladi.
“AQSH o‘zining ittifoqchilik shartnomalariga tayangan holda bahslarga aralashmoqda. Bu Xitoyning hududiy suverenitetini va dengizdagi huquqlarini buzishdir. Shu orqali bizga bosim o‘tkazishga harakat qilishmoqda. Ammo bu usul ish bermaydi”, — dedi Chjan.
F-16 va patrullar fonida keskin ton
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH so‘nggi haftalarda Filippin havo kuchlariga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotish bitimini tasdiqladi, shuningdek, Yaponiya bilan birgalikda Janubiy Xitoy dengizida harbiy patrullar o‘tkazmoqda. AQSH bu harakatlarni "mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash uchun javob chorasi" sifatida baholamoqda.
Pekin esa ularni qo‘pol provokatsiya va "keskinlikni kuchaytiruvchi omil" deb hisoblamoqda.
Filippinga ogohlantirish: “Qo‘g‘irchoqqa aylanmang”
Chjan Syaogang chiqishida Filippinni "Xitoyni muntazam qo‘zg‘atish"da ayblab, bunday harakatlar ortida AQSH boshchiligidagi tashqi kuchlar turganini bildirdi.
“Bu harakatlar ularning mintaqada beqarorlik yaratish niyatini ochib tashladi. Filippin boshqalarga suyanib dengizda shovqin ko‘tarmoqda, ammo oxir-oqibat o‘zini qurbon qiladi. Shundaylar foydalanilgan va tashlab yuborilgan qo‘g‘irchoqqa aylanadi”, — dedi Xitoy rasmiysi.
Muloqotga chaqiriq
Bayonot so‘ngida Chjan Filippin hukumatini “haqiqatga zid bo‘lgan illyuziyalardan” voz kechib, muzokara va tinch muloqotga qaytishga chaqirdi. Unga ko‘ra, xavfsizlikning kaliti — ikki tomonlama anglashuv va konstruktiv yondashuvda.
Xitoy va AQSH o‘rtasidagi geosiyosiy tortishuv endi Filippin orqali yangi bosqichga o‘tmoqda. Dengizdagi harbiy faollik, qurol bitimlari va keskin bayonotlar mintaqa kelajagiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Muzokaralar o‘rniga tahdidlar ustuvor bo‘lib borsa, Janubiy Xitoy dengizi yanada "iqlimsiz zona"ga aylanishi hech gap emas. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!