
Yangi hisoblash 28 soniyalik farqni aniqladi
Astronomlar Uran sayyorasida kun qancha davom etishini yana bir bor aniqlashdi — va natijalar avvalgi hisob-kitoblardan biroz farq qildi. Live Science'ning xabar berishicha, Hubble kosmik teleskopi yordamida olib borilgan 11 yillik kuzatuvlar Uranda bir kun 17 soat, 14 daqiqa va 52 soniya ekanini ko‘rsatdi.
Avval qancha deb o‘ylangandi?
1986 yilda NASAning Voyager 2 apparati Uranni yaqindan kuzatib, bir kun davomiyligini 17 soat, 14 daqiqa va 24 soniya deb baholagan edi. Yangi hisob-kitob esa 28 soniyaga uzunroq kunni ko‘rsatmoqda.
Yangi aniqlikka qanday erishildi?
2011–2022 yillar oralig‘ida Hubble tomonidan o‘tkazilgan 6 ta aniq kuzatuv orqali Uranning magnit qutblaridagi qutb yog‘dulari harakati tahlil qilindi. Bu magnit o‘qining joylashuvini aniqroq belgilashga yordam berdi. Olimlar yangi hisob faqat 0,04 soniya xatolikka ega ekanini ta’kidlashmoqda.
Nima uchun bu muhim?
Astronomlar fikricha, Uranning aniq aylanish davri uning koordinatalar tizimini to‘g‘ri shakllantirishga yordam beradi. Bu esa kelajakdagi missiyalar, jumladan Uranus Orbiter va Probe kabi loyihalar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Eslatma: Voyager 2 nimalar qilgan edi?
Voyager 2 — Uranni yaqindan kuzatgan birinchi apparat bo‘lgan. U 40 yil avvalgi hisob-kitoblarda magnit maydoni va radiosignallardan foydalangan. Ammo o‘sha paytdagi ma’lumotlar taxminan 36 soniyalik noaniqlikka ega bo‘lgan va vaqt o‘tishi bilan bu farq ortib borgan.
Muttaxassislar nimalar deydi?
“Bu yangi hisob-kitob orqali endi 40 yillik ma’lumotlarni qayta taqqoslash va kelgusidagi Uran missiyalarini aniqroq rejalashtirish mumkin”, — deydi tadqiqot muallifi, Parij observatoriyasidan astronom Lorann Lami.
“Juda katta o‘zgarish bo‘lmagan bo‘lsa-da, endi bu hisoblashlar aniq va amaliyotda qo‘llash osonroq bo‘ladi”, — deydi Sidney universiteti astronomi Tim Bedding.
Qiziqarli fakt:
Uran Quyosh sistemasida eng “yeng” aylanuvchi sayyoralardan biri hisoblanadi — uning aylanish o‘qi deyarli 98°ga egilgan. Bu esa uning kun va kechalari boshqa sayyoralardan mutlaqo farq qilishini anglatadi.
Zamin.uz saytida olam sirlari haqidagi eng so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring!