
7 mayga o‘tar kechasi Kashmirning Pokiston nazoratidagi qismi yana bir bor keng qamrovli harbiy to‘qnashuvlarga guvoh bo‘ldi. Yarim tundan keyin Muzaffarobod shahri va uning atroflariga bir necha raketalar yo‘llangani va kuchli portlashlar yuz bergani haqida mahalliy aholi xabar berdi. Hodisadan so‘ng shaharda elektr ta’minoti mutlaqo uzilib qoldi.
Gap nimada?
Hindiston Mudofaa vazirligi ushbu hujumni rasman tasdiqlar ekan, uni “Sindur operatsiyasi” deb nomladi. Hind manbalariga ko‘ra, ushbu amaliyot doirasida Kashmirdagi “terrorchilik infratuzilmalari”ga qarshi zarbalar berilgan. Umumiy hisobda to‘qqizta manzilga hujum qilingan. Hujumda “yer-yer” sinfidagi zamonaviy ballistik raketalar qo‘llangani ta’kidlanmoqda.
Hindiston Mudofaa vazirligi:
«Bu amaliy zarbalar faqat terrorchilarning lagerlari va logistika markazlarini nishonga oldi. Pokiston armiyasining rasmiy obyektlari hech qanday urishga uchramadi», — deyilgan rasmiy bayonotda.
Pokiston tomoni ham jim turmadi
Pokiston Mudofaa vazirligi Hindiston raketa zarbalari bilan mamlakat hududini nishonga olganini rasman tasdiqladi. Hukumat shoshilinch ravishda xavfsizlik yig‘ilishini o‘tkazgan va ushbu tajovuzga javoban choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Pokiston aviatsiyasi o‘z havo makonini barcha xalqaro va mahalliy reyslar uchun 48 soatga yopish qarorini qabul qildi. Bu harakat ehtimoliy havodan hujumlarga qarshi ehtiyot chorasi sifatida baholanmoqda.
Fon: Nega vaziyat shu darajada keskinlashdi?
Kelib chiqqan ziddiyat 22 aprelda Jammu va Kashmirda sodir bo‘lgan qonli hujumdan keyin yanada avj oldi. Turistlar orasida mashhur Pahalgam shahrida qurollangan jangarilar tomonidan amalga oshirilgan hujumda 26 kishi halok bo‘ldi. Javobgarlikni esa Pokiston nazoratidagi Kashmir hududidan faoliyat yurituvchi jangarilar guruhi o‘z zimmasiga oldi.
Shundan so‘ng, Hindiston hukumati Pokistonga qarshi qator keskin choralar ko‘rdi: chegara yopildi, Pokiston fuqarolari mamlakatni tark etishga majbur qilindi va harbiy tayyorgarlik darajasi oshirildi.
Tahlilchilar nima deydi?
Mutaxassislar fikricha, hozirgi vaziyat Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi uzoq yillik ziddiyatning eng xavfli bosqichlaridan biriga aylanmoqda. Yadroviy qurolga ega bo‘lgan ikki davlatning bunday to‘qnashuvi nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlik uchun ham jiddiy tahdid solishi mumkin.
Hozircha xalqaro hamjamiyat vaziyatni barqarorlashtirish uchun qanday chora ko‘radi — noma’lum. Ammo bu kechaning voqealari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yanada jiddiy burilish yasashi aniq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing