AQSH prezidenti Donald Tramp kelayotgan seshanba kuni Misrga tashrif buyurishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda Axios nashri o‘z manbalariga tayanib. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp avval dushanba kuni, 13 oktyabrda, Isroilga yetib boradi. U yerda Knessetda — Isroil parlamentida nutq so‘zlab, garovda bo‘lgan isroilliklarning oilalari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Shu kuni kechqurun u Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sissi bilan uchrashadi. Kutilayotgan uchrashuvda Tramp G‘azo bo‘yicha tuzilgan kelishuvni uning kafolatchilari bo‘lgan Misr, Qatar va Turkiya yetakchilari bilan imzolashi mumkin.
Bundan tashqari, Trampning Sharm ash-Shayxda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro sammitda ishtirok etishi ham ehtimoldan xoli emas. Bu sammitda G‘azo vaziyati muhokama qilinadi. Manbalarga ko‘ra, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Qatar, BAA, Iordaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Pokiston va Indoneziya davlat rahbarlari yoki tashqi ishlar vazirlariga ham taklifnoma yuborilgan.
Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning sammitda ishtirok etishi kutilmayapti. AQSH rasmiylari Trampning mazkur sammitda qatnashish niyatini Axios'ga tasdiqlagan. Sammit asosan seshanba kuni ertalab o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo manbalar ma’lumoticha, u bir kun oldin — dushanba kuniga ham ko‘chirilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!