
AQShning xalqaro gumanitar yordamga ajratiladigan mablag‘larini keskin qisqartirish qarori jahon bo‘ylab sog‘liqni saqlash sohasida og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi. Nufuzli tibbiy nashr “The Lancet” jurnalida chop etilgan yangi tahlilga ko‘ra, Donald Tramp rahbarligidagi AQSh ma’muriyatining bu siyosati 2030-yilgacha 14 milliondan ortiq oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlariga sabab bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotda qayd etilishicha, ushbu o‘lim holatlarining uchdan birini besh yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Bu esa yiliga o‘rtacha 700 ming bolaning hayoti xavf ostida qolishini anglatadi.
2025-yilning mart oyida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio USAID — AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligining 80 foizdan ortiq dasturlari tugatilganini e’lon qilgan edi. Bu qaror Tramp ma’muriyatining federal xodimlar sonini qisqartirish va yordam dasturlarini “yanada samarali” tarzda Davlat departamenti orqali boshqarish tashabbusining bir qismi sifatida izohlangan.
Barselona Global Sog‘liqni Saqlash Institutining tadqiqotchisi va hisobot hammuallifi David Rasellaning so‘zlariga ko‘ra, “ko‘plab past va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun bu moliyaviy zarba global pandemiya yoki yirik qurolli mojaroga teng darajadagi salbiy ta’sirga ega bo‘ladi.”
Tadqiqotchilar 2001–2021-yillar oralig‘ida USAID tomonidan moliyalashtirilgan dasturlar natijasida 91 million odamning hayoti saqlab qolinganini ta’kidlaydilar. Ularning modellashtirilgan prognozlariga ko‘ra, 83 foizlik moliyalashtirish qisqarishi sog‘liqni saqlash tizimlariga jiddiy zarar yetkazadi va o‘tgan ikki o‘n yillikdagi yutuqlarni bekor qilishi mumkin.
Ushbu xulosa Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Ispaniyaning Sevilya shahrida o‘tkazilayotgan eng yirik yordam konferensiyasi fonida e’lon qilindi. Dunyo rahbarlari yig‘ilgan ushbu sammitda gumanitar yordamning kelajagi va moliyaviy barqarorligi muhokama qilinmoqda.
BMT xodimlarining ma’lumotiga ko‘ra, AQSh tomonidan ajratiladigan mablag‘larning kamayishi qator mamlakatlarda, jumladan, Keniyadagi qochqinlar lagerlarida oziq-ovqat ratsionlarining tarixiy minimumga tushishiga olib kelgan. Kakuma shahridagi shifoxonalardan birida og‘ir holatdagi, terisi ajralib tushayotgan va harakatsiz chaqaloqlarga duch kelingani ma'lum qilingan.
USAIDning avvalgi faoliyati 60 dan ortiq mamlakatda sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi va ta’lim sohalarida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Bugungi kunda esa bu muhim dasturlarning kelajagi noaniqligicha qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar