
Ko‘p yillik tarixiy aloqalar va siyosiy bog‘liqlikka qaramay, Armaniston so‘nggi yillarda tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqmoqda. So‘nggi voqealar mamlakatning Rossiya ta’siridan uzoqlashib, G‘arb tomon yuz burishi jarayoni yanada tezlashganini namoyon qilmoqda. Ko‘pchilik uchun kutilmagan holat shundaki, Armaniston bu safar Bishkekdagi muhim KXSHT yig‘ilishida ishtirok etmadi. Bu qaror siyosiy ekspertlar va xalqaro kuzatuvchilar e’tiborini yanada kuchaytirdi.
Bundan avval ham Armaniston Rossiya boshchiligidagi KXSHT sammitlarida qatnashmasdan, Moskva bilan munosabatlarda to‘g‘ridan to‘g‘rilik va ochiqlik siyosatini yuritmoqda edi. Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyanning aynan shu kunlarda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bilan uchrashgani, Yevropa Ittifoqi tomonidan 270 million yevro qo‘llab-quvvatlash e’lon qilingani, mamlakat tashqi siyosatida muhim burilishlar bo‘layotganidan dalolat beradi.
Prezident Vaagn Xachaturyan ham Armanistonning demokratiya yo‘lidan borishi va YEI bilan strategik hamkorlikni kuchaytirish maqsadini ochiq bayon qildi. Bu harakatlar Rossiya uchun jiddiy signal bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda jiddiy sovuqlik paydo bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, Armaniston KXSHT yig‘ilishlarida ishtirok etmasdan kelmoqda. Bunday holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q — mamlakat 2020 yilda Ozarbayjon bilan Qorabog‘ urushidan so‘ng Rossiyaning betarafligidan norozi bo‘lib, KXSHTga ishonchni yo‘qotgan edi. 2024 yil boshida esa Nikol Pashinyan KXSHTdagi ishtirokni “muzlatib qo‘yish”ni rasman e’lon qildi.
Keyingi paytlarda Armaniston tashqi siyosatini diversifikatsiya qilib, AQSH bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu voqealar mamlakatning G‘arb institutsional maydoniga yaqinlashuvini tezlashtirmoqda. Yerevanda Rossiya chegarachilari faoliyatiga chek qo‘yilishi ham ikki davlat munosabatlaridagi tarqoqlikni oshirdi.
Rossiya hali-hamon Armanistonni KXSHT a’zosi sifatida ko‘rishini ta’kidlayotgani bilan, voqelikda mamlakat strategik yo‘nalishini o‘zgartirmoqda. Moskva va Yerevan o‘rtasidagi uzoq yillik ittifoqchilik va harbiy-texnikaviy hamkorlik so‘nggi voqealar ortidan jiddiy sinov ostida qoldi. Shunga qaramay, ayrim ekspertlar bu jarayonda Armaniston uchun ham xavf, ham imkoniyatlar borligini ta’kidlashmoqda.
Qizig‘i, shu vaqtda Ozarbayjon va Rossiya munosabatlarida ham taranglik kuchaymoqda. Bu esa mintaqa geosiyosiy manzarasini yanada o‘zgartiradi.
Xulosa qilib aytganda, Armanistonning KXSHT yig‘ilishidan bosh tortgani, YEI va AQSH bilan aloqalarini kuchaytirishi, mintaqada yangi siyosiy o‘yin qoidalari shakllanayotganidan darak bermoqda. Bu jarayonlar Markaziy Osiyo va Kavkazdagi barqarorlik va xavfsizlik masalalarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar