
Tabiat inson eshitish qobiliyatidan tashqaridagi noyob “signallar” bilan to‘lib-toshgan. Yaqinda Isroilning Tel-Aviv universiteti olimlari o‘tkazgan ilmiy tadqiqot shunga olib keldiki — o‘simliklar stress holatida o‘zini ovoz bilan ifodalashi mumkin va bu ovozlar hayvonlarga ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan yiroq emas.
. Ilk marta o‘simliklar tomonidan chiqarilgan ovozlarga hayvonlar tomonidan javob qaytarilgani tasdiqlandi. Tel-Aviv universiteti tadqiqotchilari aniqlashicha, urg‘ochi parvonak pomidor o‘simligi stressda ekanligini ko‘rsatuvchi ovozlarni eshitganlarida, unga tuxum qo‘ymaslikni ma’qul ko‘rishgan.
. Bu yangilik shundan dalolat beradiki, tabiatda inson eshita olmaydigan tovushlar orqali amalga oshadigan yashirin “ekoaloqalar” mavjud.
. “Bu hayvonning o‘simlik tomonidan chiqarilgan ovozga javob bergani ilk bor aniqlangan holat,” — deydi professor Yossi Yovel. “Ayni paytda, bu hali taxmin, ammo ehtimol, ko‘plab hayvonlar ushbu ovozlar orqali ovqat, panoh yoki changlatish kabi qarorlar qabul qilishi mumkin.”
. Olimlar ushbu natijani aniqlash uchun maxsus nazorat qilingan muhitda parvonak reaksiyasini o‘rganishgan. Ovoz va ko‘rinish bir-biridan alohida tahlil qilingan bo‘lib, natijada faqat ovoz omil sifatida qayd etilgan.
. Tadqiqotning keyingi bosqichida turli o‘simliklarning qanday ovoz chiqarishi va boshqa jonzotlar bu ovozlarga qanday munosabat bildirishi o‘rganiladi.
. Professor Lilax Hadaniga ko‘ra, yana bir qiziqarli yo‘nalish — o‘simliklar bir-biriga ovoz orqali ma’lumot uzatishi mumkinmi, degan savol. Uning so‘zlariga ko‘ra, masalan, quruqchilik sharoitida bir o‘simlik boshqalariga “ogoxlantirish signali” yuborib, ular suv sarfini kamaytirishi mumkin.
. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, o‘simliklar sezuvchan emas, ya’ni ongli emaslar. Ular chiqarayotgan tovushlar fiziologik o‘zgarishlar ta’sirida sodir bo‘ladi. Ammo bu tovushlar boshqa jonzotlar uchun foydali axborot manbaiga aylanishi mumkin.
. Agar shu taxminlar to‘g‘ri bo‘lsa, o‘simliklar va hayvonlar birgalikda evolyutsiya jarayonida bir-birini tushunishga moslashgan. “Agar hayvonlar ushbu tovushlar orqali axborot olish imkoniyatiga ega bo‘lsa, o‘simliklar ham ularni balandroq yoki ko‘proq chiqara boshlashi mumkin,” — deydi professor Hadani.
. “Bu hali ilmiy jihatdan to‘liq ochilmagan, ulkan va qiziqarli yo‘nalish. U butun boshli yashirin olamning eshigini ochishi mumkin.”
. Ushbu tadqiqotda olimlar aynan urg‘ochi parvonaklarni kuzatishgan, chunki ular tuxumlarini ko‘pincha pomidor o‘simliklariga qo‘yadi. Bundan maqsad — kapalak qurtlari uchun yetarlicha ozuqa mavjud bo‘lishi. Ammo o‘simlik “ovoz orqali” stress holatida ekanligini bildirayotganda, parvonaklar o‘z tuxumlarini boshqa joyga qo‘yishga qaror qilishgan.
. Bu hodisa ko‘rsatmoqdaki, tabiatda hali eshitilmagan, ko‘rilmagan muloqot turlari bor va ular hayotning muhim tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar